Выбрать главу

Sem xotinini ichkariga qarab turtdi, o‘zi izma-iz sakrab chiqdi-da, oqshomgi shamolga kobalt yelkanni ro‘para qilib, rulni qattiq turtdi.

Charaqlagan yulduzlar ostida moviy Mars kemalari shitirlagan qumlar bo‘ylab o‘qdek sirpanib kelardi. To langar esiga tushib, uni joyidan sug‘urib olmaguncha, Semning kemasi joyidan qimir etmay turdi.

— Ketdik!

Kuchli shamol qumkemani o‘lik dengiz tubi bo‘ylab surib ketdi, pastda esa billur qoyalar qum bosib yotar, ustunlar ag‘darilgan, marmar va misdan qilingan tashlandiq bandargohlar ko‘zga tashlanar, o‘lik shaharlarning oppoq shaxmat donalari ko‘rinar, qirmizi tog‘ yonbag‘irlari yastanib yotar edi…

Sem orqasidan yetib kelmaguncha Mars kemalari tobora siyraklashib boraverdi.

— Bopladim-a, burnini yerga ishqadim-a! — qichqirdi Sem. — Endi esa “Raketa kompaniyasi”ga xabar qilaman, ular menga qo‘riqchi berishadi. Ayt, qotmagan boshimni qotirmasin!

— Agar xohlashganida, seni tutib olib ketishlari ham mumkin edi, — horg‘in javob berdi Elma. — Faqat bu ularga unchalik kerak bo‘lmagan.

Sem kulib qo‘ydi.

— Qo‘yaver, meni qo‘yib yuborisharmidi? Yetisholmadi, vassalom!

— Yetisholmadi? — Elma boshini irg‘ab uning ortiga ishora qildi.

Sem orqasiga o‘girildi. Ustidan sovuq suv quygandek bo‘ldi. U qayrilib qarashga ham qo‘rqdi. U orqadagi o‘rindiqda, izg‘irinli tongdagi odam nafasidek muvaqqat va lang‘illab turgan g‘o‘lachalar uzra suzib yurgan moviy dudga o‘xshash, mo‘rt qamishdagi qirovni eslatuvchi eski zamon oq kashtalariga o‘xshash va charx urgan qor zarralariga o‘xshash allanarsa bordek his qildi.

Yupqa shisha singandek ovoz quloqqa chalindi: kulgi. So‘ng yana jimlik. U orqasiga o‘girildi. Kema tumshug‘ida, rul yonida bir yosh ayol xotirjam o‘tirardi. Barmoqlari sumalakdek ingichka, ko‘zlari oyday yorqin va katta-katta, chaqnoq, xotirjam.

Shamol uni tebratar, u esa bamisoli suvdagi aksdek chayqalardi, shoyi libosining moviy yomg‘ir jilg‘alaridek burmalari uning nozik badani atrofida lip-lip qilar edi.

— Orqaga buriling, — dedi ayol.

— Yo‘q, — Semning badani jimirlab, xuddi havoda osig‘liq nafis matodek titrar edi, u qo‘rquv va g‘azab o‘rtasidagi sarhadda ikkilanib turardi. — Yo‘qol mening kemamdan!

— Bu sizning kemangiz emas, — javob berdi arvoh. — U bizning dunyomiz kabi qadimiy. U bundan o‘n ming yil muqaddam, dengiz qurib, bandargoh huvillab qolganda ham qumda yurar edi, sizlar esa, kelgandilar, uni o‘g‘irlab, o‘zlaringizniki qilib oldingiz. Qani, orqaga buring-da, uni chorrahaga olib borib qo‘ying. Biz siz bilan gaplashishimiz kerak. G’oyat muhim bir narsa sodir bo‘ldi.

— Yo‘qol kemamdan! — dedi Sem. U to‘pponchani chiqarganda charm g‘ilof g‘ichirlab ketdi. U obdon nishonga oldi. — Sakra, uchgacha sanayman…

— Kerak emas! — qichqirib yubordi qiz. — Men sizga hech qanday yomonlik qilmadim-ku, boshqalar ham. Biz yaxshilik bilan keldik.

— Bir, — dedi Sem.

— Sem, — dedi Elma.

— Gapimga quloq soling, — iltimos qildi qiz.

— Ikki, — shafaqatsizlarcha dedi Sem, tepkini ko‘tarib.

— Sem! — qichqirdi Elma.

— Uch, — dedi Sem.

— Biz faqat… — gap boshladi qiz.

To‘pponcha qars etdi.

Quyosh nurlarida qor eriydi, qor zarralari bug‘ga, hech narsaga aylanadi. O’choq alangasida dahshatli maxluqlar raqs tushib, qular edi. Barcha mo‘rt va zaif narsalar vulqon kraterida parchalanib ketadi va g‘oyib bo‘ladi. Otilgan o‘qdan, olovdan, zarbadan qiz bamisoli gaz sharfidek yengil qulab tushdi, muz haykalchadek erib ketdi. Undan qolgan u-bu narsalar — muz parchalari, qor uchqunlari, dud, — barini shamol uchirib ketdi. Kema tumshug‘idagi o‘rindiq bo‘m-bo‘sh bo‘lib qoldi.

— Sem xotiniga qaramaslikka harakat qilib, to‘pponchani g‘ilofiga soldi. Oy nuriga ko‘milgan qum dengizi bo‘ylab kemaning shitirlab yugurishi atigi bir daqiqagina quloqqa chalinib turdi.

— Sem, — dedi ayol oxiri, — kemani to‘xtat.

Bo‘zdek oqarib ketgan Sem xotiniga yuzlandi.

— Yo‘q, bunday qilolmaysan. Shuncha yillardan keyin sen meni tashlab ketolmaysan.

Ayol to‘pponcha dastasi ustida yotgan erining qo‘liga qaradi.

— Nimayam derdim. Sening qobiliyatingga ishonaman, — dedi ayol.

— Sendan bu narsani kutsa bo‘ladi.

U barmoqlari bilan rulni qisib, boshini chayqadi.

— Elma, jinni bo‘lma. Hozir shaharga kelamiz-da, xatardan qutulamiz!

— Ha, ha, — javob berdi xotini loqayd o‘zini orqaga tashlab.

— Elma, gapimga quloq sol.

— Senga aytadigan gapim yo‘q, Sem.

— Elma!

Ular oq shaxmat shaharchasi yonidan ketishdi va zaif g‘azab o‘tida yongan Sem birin-ketin billur minoralarga qarab olti marta o‘q uzdi. O’q gumburidan shahar mayda shisha bo‘laklariga bo‘linib, tutday to‘kildi-qo‘ydi. Go‘yo u sovundan qirqib yasalganday har tomonga sochilib, erib ketdi.

Shahardan nom-nishon qolmadi. Sem qah-qah urib kuldi-da, yana o‘q uzdi. So‘nggi minora, so‘nggi shaxmat donasi yonib ketdi, uchqunlanib chaqnadi-da, moviy payrahalarga aylanib, yulduzlar tomon uchib ketdi.

— Men ularga ko‘rsataman! Men hammasiga ko‘rsatib qo‘yaman!

— Bo‘pti, bo‘pti, Sem. Ko‘rsataver. — Xira soya uning yuzini to‘sib oldi. — Ie, yana bitta shahar bor ekan! — Sem yana to‘pponchani o‘qladi. — Hozir uni nima qilishimni bir ko‘rib qo‘y!

Orqadan esa moviy kema-arvohlarning ko‘lankalari shiddat bilan yaqinlashib, tobora kattalashib borardi. Avvaliga u hatto ularni ko‘rmadi ham, faqat go‘yo qum ustida po‘lat g‘ichirlagandek, hushtak va chiyildoq baland ohangni eshitdi: U qum kemalarning o‘tkir tig‘li burunlari bilan dengiz tubi yuzasini kesayotgandagi chiqqan ovoz edi. Qizil va moviy nishonlar ostidagi moviy kemalarda ko‘k qiyofalar, niqob kiygan odamlar, kumush yuzli odamlar, ko‘z o‘rnida moviy yulduzi bor odamlar, yopishtirma oltin quloqli odamlar, temir iyakli va yoqut labli odamlar turar edi. Ular qo‘llarini ko‘kraklariga qo‘ygancha turar edilar. Ular marsliklar bo‘lib, uni ta’qib qilmoqda edilar.

Bir, ikki, uch… Sem sanardi. Mars kemalari unga juda yaqin keldi.

— Elma, Elma, men hammasiga bas kelolmayman.

Elma javob bermadi, hatto qimir ham etmadi.

Sem sakkiz marta o‘q uzdi. Bir qum kema mayda-mayda bo‘laklarga bo‘linib ketdi, yelkanlar, zumrad kema tanasi, uning bronza qorni, oysimon oppoq ruli va boshqa qismlari to‘kilib tushdi.

Niqobdagi odamlar bitta qolmasdan kemadan yiqilib tushishdi, qumga ko‘milib ketishdi va ularning har biri ustidan olov yallig‘landi, avval qizg‘ish tusda yallig‘landi, so‘ng qop-qora qurum bo‘lib, burqsab ketdi.

Biroq boshqa kemalar hamon yaqinlashib kelar edi.

— Ular juda ham ko‘p ekan, Elma! — qichqirdi Sem. — Ular meni o‘ldiradilar!

U langarni irg‘itdi. Foydasiz. Yelkan taxlam-taxlam bo‘lib, hansiragancha pastga uchib ketdi. Kema, shamol, harakat — hamma narsa to‘xtadi. Marsning ulug‘vor kemalari Semni qurshab olib, uning boshi uzra g‘oz turganda butun Mars qotib qolgandek bo‘ldi.

— Yerlik, — allaqayoqdan balanddan kelgan ovoz quloqqa chalindi.

Kumush niqoblardan biri qimirladi, yoqut lablar so‘zlarga monand tarzda yaltilladi.

— Men hech narsa qilganim yo‘q! — Sem o‘zini qurshab olgan basharalarga qaradi. — Ular yuztadan kam emas edi.

Marsda juda oz marslik qolgan edi — narisi bilan yuz-yuz ellikta. Ularning barchasi shu yerda, o‘lik dengiz tubida, o‘zlarining qayta tirilgan kemalarida, qirilib ketgan shaxmat shaharlari yonida edilar, shaharlardan bittasi hozirgina tosh tekkan nozik guldonga o‘xshab, mayda-mayda bo‘lib ketdi.