Выбрать главу

Kumush niqoblar yaraqlar edi.

— Bular barchasi anglashilmovchilik, — dedi u bort ustiga kelib turib; uning xotini hamon kema tubida muk tushib, chala o‘lik bo‘lib yotardi; men Marsga xususiy ishbilarmon, biznesmen sifatida uchib kelganman, bunaqalari bu yerda ko‘p.

Parchalangan raketa bo‘laklaridan o‘zimga do‘koncha qurib oldim, do‘koncha, o‘zingiz ko‘rganingizdek, binoyidek, chorrahaning shundoq o‘zida. Bu joyni siz bilasiz. Quling o‘rgilsin qilib ishlangan-a, to‘g‘rimi? — Sem nigohini bitta basharadan boshqasiga olgancha, hiringlab kuldi. — Bu yerda bo‘lsa, mana bu marslik paydo bo‘lib qoldi, bilaman — u sizning oshnangiz. Men uni bilmay o‘ldirdim, ishoning, bu baxtsiz hodisa. Menga hech narsa kerak emas, men faqat sosiskaxona ochmoqchi edim, bu Marsda yagona birinchi, markaziy sosiskaxona bo‘lardi, men sizga aytsam.

Tushunayapsizmi? Butun sayyorada eng yaxshi qaynoq sosiskalarni, padariga qusur, qalampirli va piyozli sosiskalarni ulashish, yana po‘rtahol sharbatini manzirat qilish qandoq zo‘r.

Kumush niqoblar oy nurida harakatsiz yaltirar edi. Semga tikilgan sariq ko‘zlar ham chaqnar edi.

Uning oshqozoni qorni ichida qisilib, bir dumaloq toshga aylanib qoldi. U to‘pponchasini qumga irg‘itdi.

— Taslim bo‘ldim.

— To‘pponchangizni oling, — bir ovozdan deyishdi marsliklar.

— Nima?

— To‘pponchangizni? — Moviy kema burni uzra jimjimador qo‘l uchib chiqdi. — Oling uni, yo‘qoting.

Hamon ishonmagancha u to‘pponchani oldi.

— Endi esa, — davom etdi ovoz, — kemani ag‘daring-da, do‘koningizga qarab tuyog‘ingizni shiqillating.

— Hoziroqmi?

— Hoziroq! — dedi ovoz. — Biz sizga hech qanday yomonlik qilmaymiz. Sizga tushuntiramiz deguncha siz qochib qoldingiz. Qani, orqamizdan yuring.

Ulkan kemalar oppoq momiqlardek yengil o‘nglanib olishdi. Qanotli yelkanlari asta havoda pirpiray boshladi, go‘yo birov kafti bilan turtgandek. O’nglanayotgan niqoblar charaqlardi, soyalar muzdek olov bo‘lib kuydirar edi.

— Elma! — Sem inqillab-sinqillab kemaga tirmashib chiqdi. — Chiq, Elma. Qaytamiz. — U nogahoniy xaloskorlikdan shu qadar o‘zini yo‘qotgan ediki, hatto uning og‘zidan chiqayotgan so‘zlarni ham anglab bo‘lmasdi. — Ular meni hech narsa qilmaydilar, meni o‘ldirmaydilar, Elma. Chiq, musichaginam, o‘rningdan tur.

— Nima… Nima? — Elma sarosimalanib atrofga jovdirardi va ularning kemalari shamolda o‘nglanguncha ayol xuddi tushdagidek asta o‘rnidan turdi va tosh to‘ldirilgan qopdek, boshqa bir og‘iz ham so‘z aytmay, o‘rindiqqa og‘ir cho‘kdi. Kema ostidagi qum orqaga qochardi. Yarim soatdan keyin ular yana chorrahada paydo bo‘lishdi, kemalar langar tashlab, hamma pastga tushdi.

Sem va Elma ro‘parasiga marsliklarning Boshlig‘i kelib to‘xtadi: Niqob jilvirlangan bronzadan yasalgan, ko‘zlari — tubsiz qop-qorong‘i jarlik, og‘iz — so‘zlar shamolday uchib chiqayotgan g‘or.

— Do‘koningizni shaylang, — dedi ovoz. Havoda olmos qo‘lqopli qo‘l yilt etdi. — Shirinliklar tayyorlang, ziyofat tayyorlang, o‘zga yurt sharobidan tayyorlang, zero bugungi tun — haqiqatdan ham buyuk tundir!

— Bundan chiqdi, — so‘z qotdi Sem, — siz bu yerda qolishimga izn berayapsizmi?

— Ha.

— Mendan jahlingiz chiqmayaptimi?

Niqob jiddiy va qahrli, sovuqqon va so‘qir edi.

— O’zingizning yemakxonangizni tayyorlang, — asta dedi ovoz. — Endi mana buni oling.

— Bu nima? — Sem sirtida ilonsimon ierogliflar chuvalangan yupqa kumush varaq naychaga tikilib qoldi.

— Bu kumush tog‘lardan moviy tepaliklargacha, o‘lik dengizdan oy toshi va zumradlari bo‘lgan olis vodiylargacha Yerdan yuborilgan tuhfa, — dedi Boshliq.

— Hammasi menikimi? — bidirladi Sem quloqlariga ishonmay.

— Sizniki.

— Yuz ming kvadrat mil-a?

— Sizniki.

— Eshitdingmi, Elma?

Elma yerda orqasi bilan sosiskaxonaning alyuminiy devoriga suyanib o‘tirardi; u ko‘zlarini yumib olgan edi.

— Axir nega, ne sababdan bularning hammasini menga in’om etayapsiz? — Temir o‘yiqli ko‘zga qarashga harakat qilib, so‘radi Sem.

— Bu hammasi emas. Mana.

Yana oltita naycha. Boshqa yerlarning belgilari, nomlari ovoz chiqarib bitta-bitta sanaladi.

— Axir bu Marsning teng yarmi-ku! Men Marsning yarmiga xo‘jayinman! — Sem naychalarni Elmaning yuzi oldida silkitgancha devonavor qah-qah urib kular edi. — Elma, eshitdinmi?

— Eshitdim, — javob berdi Elma osmonga qarab.

Aftidan u nimanidir qidirardi. U asta-sekin o‘ziga kelmoqda edi.

— Rahmat, katta rahmat, — dedi Sem bronza niqobga.

— Bu bugun tunda sodir bo‘ladi, — javob berdi niqob. — Shay bo‘lib turing.

— Bo‘pti, darvoqe, bugun nima bo‘ladi — biron bir kutilmagan narsami? Bu yerdan raketalar, e’lon qilingandan oldinroq, muddatidan bir oy avval uchib keladimi? Odamlari bilan, konchilari bilan, ishchilari va ularning xotinlari bilan barcha o‘n ming odam, yuz ming odam uchib keladi dedingizmi?

Juda zo‘r bo‘lar edi-ku, to‘g‘rimi, Elma? Ko‘rdingmi, axir aytgan edim-a, bu qishloqda mingta aholi bilan ish bitib qo‘ya qolmaydi devdim-a. Bu yerga yana ellik ming odam uchib keladi, bir oydan keyin — yuz ming odam, yil oxiriga borib hammasi bo‘lib — Yerdan besh million odam keladi! Eng serqatnov yo‘l ustida, konlarga boradigan yo‘lda mening yakkayu-yagona sosiskaxonam, mening sosiskaxonam qad ko‘tarib turadi!

Niqob shamolda parvoz qilardi.

— Biz endi ketamiz. Shaylaning. Butun mana shu o‘lka sizlarga qoladi.

Uchar oy nurida qadimgi kemalar — qazilma gullarning ma’dan yaproqlari, moviy sultonlar, ulkan va shovqinsiz ko‘m-ko‘k kapalaklar — orqaga burilishdi va silliq qumdan sirpanib ketishdi, niqoblar esa hamon nur taratib yaltirar edi, bu hol so‘nggi shu’la, so‘nggi moviy ziyo tepaliklar orasida ko‘zdan yo‘qolmaguncha davom etib turdi.

— Elma, ular nega bunday qilishdi? Nega meni o‘ldirishmadi? Nahotki ular hech narsani bilmasalar? Ularga nima bo‘ldi o‘zi? Elma? Hech narsani tushuna oldingmi? — U ayolning yelkasidan siltaladi. — Marsning yarmi — meniki!

Ayol osmonga qaradi, u nimanidir kutmoqda edi.

— Ketdik, — dedi Sem. — Hamma narsani shaylash kerak. Sosiskani qaynatish, bulochkalarni isitish, qalampir sousini qaynatish, piyozni tozalab, to‘g‘rash, ziravorlarni joy-joyiga qo‘yish, salfetkalarni xaltachalarga solib qo‘yish kerak, hammayoq yog‘ tushsa yalagudek toza bo‘lib turishi kerak! Eh-he! — U tovonlarini baland irg‘ishlatgancha qandaydir usulsiz raqsda chaqqon harakatlar qildi. — Men baxtliman, yigitcha, baxtliman, ser, o‘zicha xirgoyi qildi u. — Bugun mening baxtli kunim!

U telbalardek ishlar edi: sosiskalarni qaynayotgan suvga irg‘itar, bulkalarni ko‘ndalangiga parraklar, piyozni qiymalardi.

— Anovi marslik nima deganini eshitdingmi — kutilmagan voqea emish! Bu yerda faqat bir narsa bo‘lishi mumkin, Elma. Mana bu yuz ming odam muddatidan ilgari uchib kelayapti bugun tunda, uchib kelayapti! Bu yerda qanaqangi jiz-biz bo‘lib ketishini o‘ylayapsanmi! Yarim tungacha ishlaymiz, har kuni, u yerda esa yana turistlar bostirib keladi, Elma. Bu pul degani yomg‘irdek yog‘iladi hali.

U tashqariga chiqdi va osmonga qaradi. Osmonda hech narsa ko‘rinmas edi.

— Har daqiqada, — dedi u muzdek havodan huzur qilib simirgancha; kerishib, ko‘kragiga urib qo‘ydi. — Oh-oh!

Elma sukut saqlardi. U qovurdoqqa kartoshka tozalab archir va bir ko‘zi osmonda edi.

Yarim soat o‘tdi.

— Sem, — dedi u. — Ana u. Qara.

Sem qaradi va ko‘rdi.

Yer.

Bamisoli did bilan ishlov berilgan yorqin, yam-yashil Yer tepaliklar ortidan ko‘tarilib kelardi.