Выбрать главу

Ichkarida telefon jiringlardi.

— Eh, la’nati! — U eshik dastagini silkitdi.

Telefon jon-jahdi bilan jiringlardi.

U ayvondagi o‘rindiqni ko‘tardi-da, aylantirib mehmonxona derazasiga soldi va singan derazadan ichkariga sakradi.

U go‘shakni olishga ham ulgurmay, telefon jimib qoldi.

U xonadan-xonaga o‘tar, oynalarni sindirar, pardalarni yular, oshxona plitasini tepar edi.

Nihoyat majolsizlanib, u Yerdan Marsdagi barcha abonentlar qayd etilgan telefon kitobchasini oldi.

Ellik ming ismi sharif.

Birinchi ismi sharifdan boshladi.

Ameliya Amz. Nyu-Chikago. O’lik dengizning narigi tomonidan yuz mil narida. U shuning raqamini terdi.

Javob yo‘q.

Ikkinchi abonent Nyu-Yorkda moviy tog‘lar ortida besh ming mil narida turardi.

Javob yo‘q.

Uchinchi, to‘rtinchi, beshinchi, oltinchi, yettinchi, sakkizinchi; titroq barmoqlar go‘shakni bazo‘r ushlab turardi.

Ayol ovozi javob berdi:

— Allo?

Uolter javoban qichqirdi:

— Allo, ey xudoyim, allo!

— Bu yozuv, — dona-dona qilib dedi ayol ovozi. — Miss Elen Arazumyan uyda yo‘q. Ayting, sizga nima kerak, ovozingiz simga yozib qolinadi, bu xonim qaytgandan keyin sizga telefon qilishi uchun kerak bo‘ladi. Allo? Bu yozuv. Miss Elen Arazumyan uyda yo‘q. Ayting, sizga nima kerak…

Sem go‘shakni ildi.

Uning lablari titrardi.

Bir oz o‘ylab turib, u qaytadan raqamlarni terdi.

— Miss Elen Arazumyan uyga qaytganida, — dedi u, ayting: telefoni bilan qo‘shmozor bo‘lsin.

U Marsning markaziy kommutatoriga, Nyu-Boston, Arkadiya va Ruzvelt-Siti telefon stantsiyalariga qo‘ng‘iroq qildi. U yerda biron-bir joyga qo‘ng‘iroq qilishga harakat qilgan odamlar topilib qolishiga ko‘proq umidvor edi, so‘ng har bir shahardagi ratushalar va boshqa davlat idoralariga qo‘ng‘iroq qilib chiqdi. Eng yaxshi mehmonxonalarga qo‘ng‘iroq qildi. Yegani oldida, yemagani ketida qabilida yashashni qaysi ayol xohlamaydi. Birdan u qattiq qarsak chaldi-da, qah-qah urib kulib yubordi. Ha, bo‘lmasa-chi! Telefon daftarchasini ochib ko‘rdi-da, xalqaro telefon tarmog‘i orqali Nyu-Teksas-Sitidagi eng yirik pardozxona raqamini terdi. Baxmal qoplamali, hashamdor pardozxonadan boshqa qaerdan ham qidirarding ayolni, bu yerda u goh u oyna, goh bu oyna o‘rtasida yugurib yurgan, yuziga har turli moyupalarni chaplayotgan, elektr quritgich ostida o‘tirgan bo‘lishi kerak!

Qo‘ng‘iroq uzoq jiringladi. Simning narigi uchida kimdir go‘shakni oldi.

Ayol ovozi yangradi:

— Allo?

— Agar yozib olinayotgan bo‘lsa, — chertib-chertib dedi Uolter Gripp, — men boraman-da, la’nati pardozxonangizning kulini ko‘kka sovuraman.

— Hech kim yozib olayotgani yo‘q. — Javob berdi ayol ovozi. — Allo, allo, nahotki u yerda tirik odam bo‘lsa! Qaerdasiz?

Ayol shodon chiyilladi.

Uolter stuldan ag‘darilib tushayozdi.

— Allo… — U ko‘zlari yongancha sakrab oyoqqa turdi. — E, xudo, bu qanday baxt, ismingiz nima?

— Jeneveva Selzor! — ayol go‘shakka yig‘lab gapirdi. — Oh, xudo, kim bo‘lishingizdan qat’i nazar, ovozingizni eshitganimdan shunday xursandmanki!

— Men Uolter Grippman!

— Uolter, salom, Uolter!

— Salom, Jeneveva.

— Uolter. Qanday ajoyib ism. Uolter, Uolter, Uolter!

— Rahmat.

— Axir qaerdasiz, Uolter?

Qanchalik mehribon, quvnoq, nafis ovoz… U ayol erkalab shivirlab gaplashishi uchun go‘shakni qulog‘iga qattiqroq bosdi. Uning oyog‘i chalinib ketmoqda edi. Yuzi lov-lov yonardi.

— Men Merlin-Villijdaman, — dedi u. — Men…

Zzzz.

— Allo? — Shoshib qoldi Uolter.

Zzzz.

U dastakka urib ko‘rdi. Hech gap yo‘q.

Allaqaerda shamol simyog‘ochni ag‘dargan. Jeneveva Selzor ham qanday tez paydo bo‘lgan bo‘lsa, shunday tez g‘oyib bo‘ldi.

Uolter raqamni terdi, biroq apparat gung-lol edi.

— Hechqisi yo‘q, uning qaerdaligini endi bilib oldim-ku.

Uolter yugurib uydan chiqdi. Ertalabki quyosh nurlari ostida u begona garaj ichidan sport mashinasini orqa bilan haydab chiqdi, orqa o‘rindig‘iga uydan olgan oziq-ovqat mahsulotlarini tashlab qo‘ydi va soatiga sakson mill tezlik bilan Nyu-Teksa-Sitiga qarab uchib ketdi. Ming mil, o‘yladi u.

CHida, Jeneveva Selzor, men seni uzoq kuttirib qo‘ymayman!

Shahardan chiqar ekan, u har bir muyulishda chinqiratib signal berardi.

Kun botardi, ayovsiz poygali kundan keyin u mashinani yo‘l chekkasiga burib to‘xtatdi, oyog‘ini qisgan botinkalarini yechib tashladi, o‘rindiqqa cho‘zildi-da, hashamdor shlyapasini horg‘in ko‘zlari ustiga tortib qo‘ydi. U sekin, bir tekisda nafas olar edi. Oqshom qorong‘iligida sarin shabada esar, yulduzlar quvnoq jimjima qilar edi. CHor atrofda qadimdan-qadim Mars tog‘lari savlat to‘kib turardi.

Yulduzlarning nurlari shaxmat donalari kabi moviy yonbag‘irlarga tutashib ketgan Mars shaharchasi minoralari ichida jimirlar edi.

U uyqu bilan bedorlik o‘rtasidagi allaqaerda ivirsigancha cho‘zilib yotardi. U shivirladi: Jeneveva.

So‘ng asta xirgoyi qila boshladi. “Eh, Jeneveva, azizim, o‘taversin yillar bir-birin quvlab. Lekin azizim Jeneveva…” Uning ko‘ngli xotirjam edi. Quloqlari ostida ayolning past, mayin, bir maromdagi ovozi jaranglardi: “Allo, hoy Uolter! Hech kim yozib olmayapti. Axir qaerdasan, Uolter?”

U oh tortdi, qo‘lini tekkizib olmoqchidek, oy nuriga qarab uzatdi. Shamol uning uzun qora sochlarini, ajoyib sochlarini to‘zitib yubordi. Lablari tandirdagi yallig‘langan cho‘g‘dek. Yanoqlari esa hozirgina uzib olingan bir juft atir guldek. Badani ham oppoq tumandek harir, mayin, ravon, nafis ovozi esa unga qadimgi mungli bir qo‘shiqni xirgoyi qilayotgandek:

“Eh, Jeneveva, azizim, o‘taversin yillar bir-birin quvlab…”

U uxlab qoldi.

U Nyu-Teksas-Sitiga yarim tunda yetib keldi. Mashinani “Dellyuks” pardozxonasi yonida to‘xtatdi-da, heh deb qo‘ydi.

Mana, hozir ayol xandon tashlab kulgancha atirlar tumani ichidan yugurib chiqib keladi.

Ammo bunday bo‘lmadi.

— Uxlab qolgan. — Uolter eshik oldiga keldi. — Men shu yerdaman! — Qichqirdi u. — Allo Jeneveva!

Sokin shahar ikki barobar yorilib turgan oy nuriga chulg‘angan, allaqaerda shamol brezent pardani shaloplatib o‘ynardi.

U oynavand eshikni keng ochib, ichkariga qadam qo‘ydi.

— Eh-he! — yigit xijolat ichida kulib yubordi. — Yashirinma! Qaerdaligingni bilib turibman.

U barcha xonachalarni qidirib chiqdi.

Yerda mo‘‘jazgina dastro‘molcha topib oldi. Undan shunday mo‘‘jizaviy hid kelardiki, boshi aylanib, chayqalib tushdi.

— Jeneveva, — ovoz chiqarib dedi u.

U mashinasini bo‘m-bo‘sh ko‘chadan haydab borardi, biroq odam qorasi ko‘rinay demasdi.

— Hazil ham shunaqa bo‘ladimi-a…

U tezligini oshirdi.

— Shoshma-shoshma, axir bizni ajratib qo‘yishgan. Balki u men bu yoqqa ketayotganimda Merlin-Villijga jo‘navorgandir? — U qadimgi dengiz yo‘lidan ketib, kunduzi bir-birimizni ko‘rmay qolgandirmiz.

Bu yerga kelishimni u tush ko‘ribdimi? — Axir men kelishimni aytmagandim-da. Telefon jimib qolgach, u qo‘rqib ketganidan meni qidirib, Merlin-Villijga qarab uchgandir! Men bo‘lsam, bu yerda yuribman, jin ursin, men ham odam bo‘ldimmi!

U klaksonni bosdi-da, shahardan o‘qdek uchib chiqdi.

U tun bo‘yi mashinasini uchirib yurdi. Miyasida faqat bitta o‘y: “Agar uni Merlin-Villijda topmasam, nima bo‘ladi?”

Bunday xayolni miyadan chiqarib tashlash kerak. U o‘sha yerda bo‘lishi kerak. U yugurib keladi-da, uni quchoqlab oladi, ehtimol bir gal hatto labidan o‘pib ham olar.