— Qo‘shiqni. Haligi chiroyli, ajoyib qo‘shiqni. — Ayol ko‘zlarini yumdi va qo‘shiq ayta boshladi, biroq qo‘shiq yaxshi chiqmadi. — Unutibman. Lekin men nimagadir uni unutgim kelmaydi. Uni umrbod esda saqlab qolsam deyman. Go‘yo harakatlar maromi unga yordam berishi mumkin bo‘lgandek, qo‘llarini ravon havoda o‘ynatib qo‘ydi. So‘ng o‘rindiqqa o‘zini tashladi. — Yo‘q, eslolmayapman.
Ayol yig‘lab yubordi.
— Nega yig‘layapsan? — so‘radi er.
— Bilmayman, bilmayman. Hech o‘zimni qo‘lga ololmayapman. Yuragim g‘ash. Negaligini o‘zim ham bilmayman, yig‘layman-u, negaligini bilmayman, lekin yig‘layveraman.
U kaftlari bilan boshini g‘ijimladi, yelkalari titradi.
— Ertagacha hech narsa ko‘rmagandek bo‘lib ketasan, — dedi er.
U eriga qaramadi. Uning nigohlari faqat yaydoq cho‘lga va tim qora osmonga sochilgan yorqin yulduzlarga qadalgandi, uzoqdan esa sovuq shamol va uzun anhorlardagi muzdek suvning shaloplashlari quloqqa chalinardi. Ayol butun vujudi qalt-qalt titragancha ko‘zlarini yumdi.
— Ha, — takrorladi u, — ertagacha hech narsa ko‘rmagandek bo‘lib ketaman.
Avgust 1999
YOZ TUNI
Odamlar tosh ayvonlarda to‘da-to‘da bo‘lib turar edilar, moviy tepaliklar orasidan ularni ilg‘ash ham qiyin edi. Marmar amfiteatr ortida qop-qora zulmat ichidan yastangan shaharcha va muhtasham uylarning ko‘lkalari ko‘zga chalinardi, sokin ko‘llar kumush rang berib jimirlar, ufqdan ufqqacha cho‘zilgan anhorlar yalt-yult qilar edi. Beg‘amlik va sokinlik hukmron Mars sayyorasida yoz oqshomi.
Anhorlarning yam-yashil sathi bo‘ylab bamisoli nafis brinch gullardek qayiqlar u yoqdan-bu yoqqa qarab suzadi. Yonbag‘ir bo‘ylab ilang-bilang saf tortgan uylardagi salqin tun to‘shaklarida yotgancha oshiq-ma’shuqlar erinchoqlik bilan bir-biriga shivirlashar edi. Xiyobonlardagi mash’alalar tagida qo‘llarida oltin o‘rgimchak to‘rlarini tutgan yosh bolalar u yoqdan-bu yoqqa chopib o‘ynashardi.
Unda-bunda kumushrang olov biqirlab qaynagan stollarda kechki ovqat tayyorlanmoqda. Marsning tungi qismidagi yuzlab shaharlarning amfiteatrida oftobda qoraygan marsliklar tillarang ko‘zlarini chaqnatgancha estrada atrofidagi go‘shalarda to‘plangan, u yoqdan mashshoqlarning mohir qo‘llariga itoatkorona bo‘ysungan sozlar bamisoli gullarning atri kabi sokin havoda ravon kuy taratar edi.
Sahnalardan birida bir ayol qo‘shiq aytmoqda.
Tinglovchilar safi bo‘ylab shivirlar to‘lqini suzib o‘tadi.
Qo‘shiq uzildi. Xonanda ayol qo‘lini tomog‘iga olib bordi. So‘ng mashshoqlarga qarab im qoqdi, ular kuyni yangidan boshlab chala ketdi.
Mashshoqlar zavq bilan kuy chalar, ayol ilhom bilan qo‘shiq aytardi, bu safar tomoshabinlar oh deb yubordi, o‘zlarini oldinga tashlashdi, kimdir oyoqqa turdi — amfiteatr uzra bamisoli qish qirovi qo‘ngandek bo‘ldi. Chunki ayol kuylayotgan qo‘shiq g‘alati, qo‘rqinchli, g‘ayrioddiy edi. U kuylashdan to‘xtashga qanchalik urinmasin, baribir so‘zlar uning lablaridan beixtiyor uchib chiqmoqda edi: Yulduzlar chaqnagan tungi osmonda,
Porlaydi olamni nurga ko‘mib oy.
Nur bilan zulmatning kurashi aro Yanada ko‘rk ochar samoviy chiroy.
Qo‘shiqchi ayolning qo‘llari og‘zini yopdi. U butunlay karaxt va sarosima ichida qolgan edi.
— Bu qanaqa so‘zlar bo‘ldi? — hayron bo‘ldi mashshoqlar.
— Shu ham qo‘shiqmi?
— Kimning tilida aytilayapti?
Ular o‘zlarining oltin trubalariga yana puflay ketdilar, yana shu g‘aroyib musiqa yangray boshladi va asta-sekin endi ovozlarini baralla qo‘yib gaplashayotgan va oyoqqa turgan tomoshabinlar uzra suzib ketdi.
— Senga nima bo‘ldi? — so‘rar edi bir-birlaridan mashshoqlar.
— Qanaqa kuy chalgan eding o‘zi?
— O’zing qanaqa kuy chalgan eding?
Ayol yig‘lab yubordi va sahnadan chopib tushib ketdi. Tomoshabinlar amfiteatrni tark etdilar.
Junbushga kelgan barcha Mars shaharchalarida xuddi mana shu hol sodir bo‘lgan edi. Osmonda oppoq qor yoqqan kabi hamma sovuq domiga giriftor bo‘lgan edi. Zim-ziyo xiyobonlardagi mash’alalar tagida bolalar qo‘shiq aytar edilar:
Kelib qarasam javonim bo‘m-bo‘sh,
O’tiribdi yolg‘iz ko‘ppagim nochor.
— Bolalar! — ovozlar yangradi. — Bu qanaqa qo‘shiq bo‘ldi? Qaerdan o‘rgandingiz uni?
— Ular miyamizga o‘zidan-o‘zi kelib qoldi. Hatto so‘zlarini o‘zimiz ham tushunmaymiz!
Eshiklar yopildi. Ko‘cha huvillab qoldi. Moviy qirlar uzra yashil yulduz ko‘rindi.
Marsning butun tungi tomonida erkaklar zulmat qo‘ynida yonlarida yotgan ma’shuqalarining qo‘shiq kuylashlaridan uyg‘onib ketishdi.
— Bu qanaqa kuy bo‘ldi?
Qoq tunda minglab uylardagi ayollar ko‘zlaridan duv-duv yosh to‘kkancha uyg‘onib ketdilar va erlari ularga tasalli bera boshladilar.
— Tinchlan, tinchlansang-chi, uxla. Nima bo‘ldi o‘zi senga? Yomon tush ko‘rdingmi?
— Ertaga bir yomon voqea sodir bo‘ladi.
— Hech narsa bo‘lmaydi, ishimiz joyida-ku!
Ayol titrab-qaqshab yig‘laydi.
— Yuragim sezib turibdi. O’sha balo tobora yaqin kelayapti, yaqin, yaqin, yaqin!..
— Bizga hech narsa bo‘lmaydi, bas qil, uxla, uxla.
Marsda sokin tong otmoqda. Xuddi qop-qorong‘i va muzdek quduqdagidek sokin tong. Anhor suvlari sathida yulduzlarning aksi jimirlaydi, har bir xonada mushtumida oltin o‘rgimchak uyasini changallagancha yotgan bolalarning ma’sum nafaslari eshitiladi, qo‘llarini bir-biriga chalishtirgancha oshiq-ma’shuqlar uxlamoqda, oylar botgan, mash’alalar o‘chirilgan, tosh amfiteatrlarda zog‘ uchmaydi.
Tong oldida yakkayu-yagona tovush quloqqa chalinadi: huvillagan ko‘chaning huv oxirida yolg‘iz tungi qorovul hech kimga tanish bo‘lmagan g‘alati qo‘shiqni xirgoyi qilgancha qorong‘ilik qo‘ynida kezinadi…
Avgust 1999
YERLIKLAR
— Juda yopishib olishdi-ku, taqillatishgani-taqillatishgan-a!
Missis Ttt jahl bilan eshikni ochdi.
— Xo‘sh, nima gap?
— Inglizcha gapirayapsizmi? — ostonada turgan odam hayron bo‘ldi.
— Qo‘ldan kelgancha, — javob berdi ayol.
— Sof ingliz tilida-ya!
Kelgan odam qandaydir maxsus libosda edi. Uning ortida yana uch kishi turardi; ularning barchasi xiyol hayajonda edi — yuzlari yal-yal yonar, boshidan-oyog‘igacha moy yuqi.
— Sizlarga nima kerak o‘zi? — keskin ohangda so‘radi missis Ttt.
— Siz marsliksiz! — kelgan kishi kuldi, — bu so‘z sizga, albatta, notanish. Bizda, yerliklarda, shunaqa deyishadi. — U hamrohlariga boshi bilan imlab, ishora qildi. — Biz Yerdan keldik. Men kapitan Uilyams. Biz bir soatgina oldin Marsga kelib qo‘ndik. Biz kelib qo‘ngan ikkinchi ekspeditsiyamiz! Bizgacha Birinchi ekspeditsiya kelgan edi, ammo ularning taqdiri bizga ayon emas.
Nima bo‘lganda ham biz yetib keldik. Siz esa biz uchratgan birinchi marslik bo‘lasiz.
— Marslik? — ayolning qoshlari kerildi.
— Sizga Quyoshdan to‘rtinchi Sayyorada yashayotganingizni aytmoqchiman! Shu aniqmi?
— Oddiy haqiqat, — ularga razm solgancha burnini jiyirib dedi ayol.
— Biz esa, — kishi o‘zining do‘mboq qizg‘ish qo‘lini ko‘ksiga bosdi, — Yerdan keldik. To‘g‘rimi, yigitlar?
— Xuddi shunday, kapitan, — baravariga javob berdi hamrohlar.
— Bu Tirr sayyorasi bo‘ladi, — dedi ayol, — agar uning haqiqiy nomini bilmoqchi bo‘lsangiz.
— Tirr, Tirr, — kapitan horg‘in kulib qo‘ydi. — G’alati nom ekan! Ammo, ayting-chi, muhtarama xonim, Sizning ingliz tilida bunday burro gapirishingizni qanday tushunsa bo‘ladi?