“Jeneveva, azizim”, — pedalni soatiga yuz mill tezlikda bosgancha hushtak chalib xirgoyi qilardi u.
Merlin-Villijda ertalabki sukunat hukmron edi. Do‘konlarda hali sariq chiroqlar yonib turardi; yuz soat beto‘xtov ishlagan avtomat nihoyat elektr tutashuvdan shirq etdi-da, jimib qoldi; shu bilan to‘liq sukunat cho‘kdi. Quyosh ko‘chalarni va loqayd muzdek osmonni isita boshladi.
Uolter faralarini o‘chirmay klaksonni chinqirtirib bosgancha Meyn-stritga qarab burdi. Ko‘zlarini do‘kon lavhalaridan uzmasdi. Yuzi devordek oqarib ketgan, horg‘in, qo‘llari terdan ho‘llangan chambar ustida sirg‘alardi.
— Jeneveva! — bo‘m-bo‘sh ko‘chaga qarab qichqirdi.
Pardozxona eshigi ochildi.
— Jeneveva! — U mashinani to‘xtatdi-da, ko‘chani chopib kesib o‘tdi.
Jeneveva Selzor pardozxona eshigida turardi. Qo‘llarida ochilgan shokolad qutichasi. Do‘mboq, oppoq barmoqlar qutini mahkam ushlab turardi. Uolter yorug‘ joyga kirib kelganda, ko‘rdiki, qizning yuzi dum-dumaloq va do‘mboqqina, ko‘zlari bir dumaloq xamirga suqib qo‘yilgan bir juft yirik-yirik tuxumdek. Oyoqlari kundadek yo‘g‘on-yo‘g‘on, yurishlari g‘ozdek alpon-talpon. Sochlari — qush uyasi ko‘rinishida obdon turmaklangan bo‘lib, rangi qandaydir qo‘ng‘ir tusda. Lab degan narsaning o‘zi yo‘q.
Uning o‘rnida andoza bosib chizilgan yo‘g‘on qizil yo‘l turardi, u quvongandek bir ochilib, qo‘rqqandek yumilardi. Qoshlarini esa butunlay terib tashlagan, atigi ikkitagina ingichka tuk qoldirgan, xolos.
Uolter dong qotib qoldi. Yuzidagi tabassumdan asar ham qolmadi. U hayron bo‘lgancha bir joyda turib qoldi.
Qiz shokoladlarni yerga tushirib yubordi.
— Siz Jeneveva Selzormisiz? — o‘z ovozi begona ovozdek tuyulib so‘radi Uolter.
— Siz Uolter Griffmisiz? — so‘radi qiz.
— Gripp.
— Gripp, — to‘g‘riladi qiz.
— Salom, — bazo‘r dedi yigit.
— Salom. — Qiz uning qo‘lini siqdi.
Qizning barmoqlari shokoladdek yopishqoq bo‘lib qolgan edi.
— Xo‘sh, — dedi Uolter Gripp.
— Nima, — so‘radi Jeneveva Selzor.
— Men faqat “Xo‘sh” dedim, — izoh berdi Uolter.
— Ha.
Soat kechgi to‘qqiz. Kunduzi ular shahar tashqarisiga borishdi, kechlikka esa, yigit file-minon pishirdi, biroq Jeneveva uni yaxshi qovurilmagan deb ko‘ngli tortmadi, shunda Uolter uni yaxshilab qovurishga qaror qildi va yo ko‘p qovurib yubordi, yo kuydirib yubordi, xullas, shunga o‘xshash bir narsa bo‘ldi-da. U kuldi-da, dedi:
— Ketdik kinoga!
Qiz “mayli” dedi-da, shokolad yuqi qo‘li bilan uning qo‘ltig‘idan oldi. Biroq uning talabi ellik yil oldingi Klark Geybl qatnashgan film bilan cheklanib qo‘ya qoldi.
— Rosa kulgili narsa ekan-ku? — Qiqirlab kuldi qiz. — Ichagimni uzdi-ya!
Film tugadi.
— Yana bir qo‘yib ber, — buyurdi qiz.
— Yana? — takror so‘radi yigit.
— Yana, — javob berdi qiz.
Yigit o‘girilgan edi, qiz unga yaqinlashdi va quchoqlab oldi.
— Sen hech ham men o‘ylagandek emas ekansan, lekin mayli, bo‘laveradi, — tan oldi qiz.
— Rahmat, — dedi yigit nafasi bo‘g‘ilib.
— Eh-h Geybl tushmagur: — Qiz uning oyog‘idan chimchilab oldi.
— Voy, — dedi yigit asta.
Kinodan keyin ular “xarid qilgani” jimjit ko‘chalar bo‘ylab yurib ketishdi. Qiz oynavand peshtaxtani urib sindirdi va o‘zi tanlab-tanlab topib olgan eng ochiq rang ko‘ylakni kiyib oldi. So‘ng boshiga bir shisha atirni to‘nkarib qo‘ydi-da, suvda bo‘kkan iskovichga aylandi-qo‘ydi.
— Yoshing nechada? — qiziqsindi yigit.
— Topib ol. — Qiz uni ko‘chadan yetaklab ketdi, undan asfaltga tinimsiz atir tomchilar edi.
— O’ttizga borgandirsan? — dedi yigit.
— Ana, xolos, — quruqqina javob berdi qiz. — Endi yigirma yettiga kirdim men senga aytsam! Voy, manavi yerda qandolatxona ham bor ekan! O’lay agar, mana shu mashmashalar boshlangandan beri men boyvuchchalardek yashayapman. Qarindosh-urug‘larni hech qachon sevgan emasman. Esini yegan hammasi. Ikki oy burun Yerga uchib ketishdi. Men ham so‘nggi raketada uchib ketishim kerak edi, biroq qoldim. Bilasanmi nega?
— Nega?
— Chunki menga ta’na qilishdi. Mana shu yerda qoldim. — Istagancha o‘zingga atir quy, xurmachangga siqqanicha pivo ich, konfet ye, hech kim senga: “Kaloriyang ko‘payib ketadi!” deb ta’na qilmaydi. O’zim xon, ko‘lankam maydon!
— O’zing xon, ko‘lankang maydon. — Uolter ko‘zlarini qisdi.
— Endi kech, — dedi qiz unga qarab.
— Ha.
— Men charchadim, — dedi qiz.
— Qiziq, men sira charchaganim yo‘q.
— Ho, — dedi qiz.
— Tun bo‘yi yotmasligim mumkin, — davom etdi yigit. — Bilasanmi, Mayk barida yaxshi plastinka bor. Yur, men senga o‘shani qo‘yib beraman.
— Men charchadim. — Qiz ayyorona yiltillab turgan ko‘zlari bilan unga qaradi.
— Men esa gijinglagan toydekman, — javob berdi yigit. — Juda g‘alati-ya.
— Yur pardozxonaga, — dedi qiz. — Men senga bir narsa ko‘rsataman.
Qiz uni oynavand eshikdan ichkariga olib kirdi va katta oq quti yoniga yetaklab keldi.
— Men Teksas-Sitidan jo‘nayotganimda, — tushuntirdi qiz, — mana shuni o‘zim bilan olgan edim.
— U qizil tasmani yechdi. — Ming qilsa ham men Marsdagi yagona xonim, u esa yagona erkak bo‘ladi deb o‘yladim. Shuning uchun…
U qopqoqni ko‘tardi va shildiroq, qizg‘ish, burma qog‘ozni bir chetga itqitdi. Qiz quti ichidagi narsani silab qo‘ydi.
— Mana.
Uolter Grippning ko‘zi xonasidan chiqib ketdi.
— Nima bu? — so‘radi o‘zini bazo‘r tutib.
— Hech narsa bilmagandek gapirasan-a, tentakcha? Qaragin-a, hammasi kashtadan qilingan, hammasi shunday oppoqki, asti qo‘yaverasan, ko‘zing qamashadi…
— O’lay agar buning nimaligini bilolmayapman.
— Nikoh ko‘ylagi, ovsargina!
— Nikoh ko‘ylagi? — yigit xirillab qoldi.
Uolter ko‘zini yumdi. Qizning ovozi xuddi boya telefondagidek mayin, xotirjam, nafis jaranglar edi.
Ammo ko‘zini ochib qarasaki… yigit duduqlanib qoldi.
— Juda chiroyli, — dedi u bazo‘r.
— Rostdanmi?
— Jeneveva. — Yigit eshika tikildi.
— Ha?
— Jeneveva, men senga bir narsani aytib qo‘yishim kerak.
— A?
Qiz unga yaqinlashdi, uning oppoq yuzidan atir burqsib turar edi.
— Senga aytmoqchimanki…
— Xo‘sh?
— Xayr!
Qiz qichqirishga ulgurmayoq yigit pardozxonadan otilib chiqdi-da, mashinasiga borib o‘tirdi.
Qiz tashqariga yugurib chiqdi va yigitning mashinani burib ketayotganiga qaragancha yo‘lak chekkasida qotib qoldi.
— Uolter Griff, qayt! — Ho‘ngrab yig‘lab dedi qiz qo‘lini uzatib.
— Gripp, — to‘g‘riladi yigit.
— Griff! — qichqirdi qiz.
Qizning qadamlari va ingrashlariga ham qaramay, mashina jim-jit ko‘chadan o‘qdek uchib ketdi.
Qiz do‘mboq qo‘llari bilan g‘ijimlayotgan oppoq ko‘ylak uzra mashinaning pag‘a-pag‘a tutunlari suzib yurardi, osmonda esa yulduzlar charaqlar edi. Mashina bo‘shliq ichiga kirib, qorong‘ilikda ko‘zdan yo‘qoldi.
Yigit uch kechayu uch kunduz surunkasiga mashinani haydab bordi. Bir gal orqasidan mashina kelayotgandek tuyulib, vujudini titroq bosdi, qora terga tushdi va u bepoyon Mars cho‘lini kesib o‘tuvchi boshqa ko‘chaga chiqib oldi, yo‘l odamsiz shaharlar yonidan o‘tib borardi. U ketaverdi, ketaverdi — bir hafta yurdi, yana bir kun yurdi, oxiri Merlin-Villijdan o‘n ming mil nariga borib qoldi.