Выбрать главу

Ularning qadam tovushlarini qum yutib yubormoqda edi. Ular kelganida qabristonda ikki odam allaqachon qabrni kavlab bo‘layozgan edi.

Ular oqshomga yaqin raketa oldiga qaytib kelishdi.

Uilyamson boshini irg‘ab tosh kulbaga ishora qildi.

— Ularni nima qilamiz?

— Bilmadim, — dedi kapitan.

— Balki, ularni o‘chirib qo‘yarsiz.

— O’chirib? — kapitan bir oz taajjublandi. — Bu mening xayolimga ham kelmagan edi.

— Axir siz ularni o‘zingiz bilan olib ketolmaysiz-ku?

— Yo‘q, ularni boshimga uramanmi?

— Nahotki siz ularni shu yerda, qanday bo‘lsa shundayligicha qoldirmoqchi bo‘lsangiz?

Kapitan Uilyamson to‘pponchani uzatdi.

— Agar biror narsa qo‘lingizdan kelsa, siz mendan kuchliroqsiz.

Besh daqiqadan so‘ng Uilyamson boshdan-oyoq terga botgancha kulbadan qaytib keldi.

— Mang, oling to‘pponchangizni. Endi men sizni tushundim. Men ularning oldiga qo‘limda to‘pponcha bilan kirib bordim, qizlardan biri menga jilmaydi. Qolganlari ham. Xotini menga choy tutdi.

Ey xudo, bu borib turgan qotillik bo‘lar edi-ku!

Uaylder bosh irg‘adi.

— Inson bunday mukammal narsani boshqa hech qachon yarata olmaydi. Ular uzoq umr ko‘rish uchun yaratilgan. — O’n, ellik, ikki yuz yil. Ana shunaqa… Ularning yashashga… yashashga bizdan haqlari zig‘ircha kam emas. Mendan ham, har birimizdan ham. — U trubkasidan kulni qoqib tushirdi.

— Mayli, bortga chiqinglar. Parvozda davom etamiz. Bu shahar baribir halok bo‘lgan, u biz uchun yaroqsiz.

Quyosh botdi. Muzdek shamol esdi. Butun ekipaj bortga chiqib olgan edi. Kapitan imillardi.

Uilyamson so‘radi:

— Siz tushib ketishga… e-e, ular bilan xayrlashishga shoshilmayapsizmi? Kapitan Uilyamsonga sovuq qarab qo‘ydi.

— Bu mening ishim.

Uaylder oqshom shamoliga yuzma-yuz tog‘ tomon odimlab ketdi. Fazogirlar uning qorasi kulba devori ichida g‘oyib bo‘lganini ko‘rib turishardi. Ular ayol soyasini ham ko‘rishdi. Ular komandirning ayol qo‘lini siqib qo‘yganini ham ko‘rishdi.

Avgust 2026

YOQIMLI YOMG’IR YOG’ADI

Mehmonxona bo‘lmada go‘yo birov eshitmay qolishidan qo‘rqqanday gapiruvchi soatlar tinmay: “chiq-chiq, yetti bo‘ldi, tong otdi, turing o‘rningizdan!” — deb qo‘shiq aytar edi. Ertalabki sukunat chulg‘agan uy huvillab turardi. Soat esa hamon chiqillar va bo‘shliq tomon nuqul o‘zining sevgan qo‘shig‘ini taratar edi: “sakkizdan o‘n daqiqa o‘tdi, nonushta qilish vaqti yetti, sakkizdan o‘n daqiqa o‘tdi!”

Oshxonada pechka chiyillab uh tortdi va uning lang‘illagan qorni ichidan sakkizta obdon yetirilgan qadah, to‘rtta sarig‘i aralashtirilmagan tuxum, o‘n olti bo‘lak cho‘chqa yog‘i, ikki chashka qahva va ikki stakan muzdek sutni ufurib tashladi.

— Butun Kaliforniya shtatining Ellendayl shahrida ikki ming oltinchi yil, to‘rtinchi avgust, — dedi oshxona shiftidan boshqa bir ovoz. — Bugun mister Fezerctounning tug‘ilgan kuni. Tilita to‘yining bir yilligi. Sug‘urta badalini to‘lash vaqti yetti. Suv, gaz, chiroq pullarini ham to‘lab qo‘yish kerak.

Devorning allaqaeridadir bir rele shiqirladi, elektr ko‘zlar oldida xotira tasmalari sizib chiqa boshladi.

Sakkizu bir, chiq-chiq, sakkizu bir, ishga borish kerak, maktabga borish kerak, bo‘la qolinglar chaqqon-chaqqon, sakkizu bir! Biroq eshiklar ochilib-yopilmas, gilamlarda rezina poshnalarning yumshoq odimlagan tovushi quloqqa chalinmasdi.

Tashqarida yomg‘ir yog‘ardi. Tashqi eshikdagi meteoquticha ohista qo‘shiq kuylardi: “Yomg‘ir yog‘ar kun bo‘yi, Issiqroq kiyin endi…” Yomg‘ir tomchilari huvillagan uy tomini hamon nog‘ora qilib chertardi.

Hovlidagi garaj eshigi qattiq g‘iyqilladi, ko‘tarilib ochilgan eshik ortidan chiqishga hozir turgan avtomashina ko‘rindi… Ikki daqiqa o‘tar-o‘tmas eshik yana asil holatiga qaytdi.

Sakkizu o‘ttiz daqiqada tuxumlar bujmayib qoldi, qadahlar esa toshga aylandi. Alyumin belkurakcha ularni chanoqqa itqitdi, u yerdan tizillagan qaynoq suv ularni ma’dan bo‘g‘izga dumalatib keldi, bo‘g‘iz ularning hammasini eritib yuborar va kanalizatsiya orqali uzoq dengizga eltib tashlardi. Ovqat yuqi likopchalar qaynoq yuvindi idishga sho‘ng‘ir va yaltiragancha uning ichidan suzib, tashqariga chiqib kelar edi.

“To‘qqizu o‘n besh, — kuyladi soat, — supurib-sidirish vaqti yetdi”.

Devordagi uyachalardan mitti robot sichqonlar to‘kildi. Barcha xonalarda ma’dan va rezinadan yasalgan jonsarak farroshlar ivirsir edi. Ular o‘zlarini oromkursilarga sharaqlab urib olar, tukdor g‘o‘lachalarini aylantirar, gilam patlarini hurpaytirar, ichidan changlarini ohista so‘rib olar edilar. So‘ng bamisoli noma’lum kelgindilar kabi bir-bir o‘z go‘shalariga kirib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldilar. Ularning qizil elektr ko‘zlari so‘ndi. Uy chinniday top-toza bo‘lib qolgandi.

Soat to‘qqiz. Yomg‘ir pardasini surib, quyosh mo‘raladi. Xarobazor va kultepalar orasida yolg‘iz uy qo‘qqayib turardi. Butun shaharda shu uygina omon qolgandi. Har kuni tunda vayron bo‘lgan shaharning o‘zidan chiqarayotgan radioaktiv nurlari bir necha mil uzoqdan ham ko‘zga tashlanib turardi.

O’nu o‘n besh daqiqa. Bog‘dagi changlatgichlar tillarang favvoralar otib, ertalabki yengil havoni jimjimador suv munchoqlari mavjlariga to‘ldirdi. Deraza oynalaridan suv jilg‘alari oqib tusha boshladi, so‘ng sirtidagi oq bo‘yoq paqqos kuyib ketgan egma g‘arbiy devor bo‘ylab jildiray ketdi. Besh joydagi ola-chalpoqni aytmasa, butun g‘arbiy devor qop-qora tusda edi. Ana, bo‘yoq maysa o‘rgich uskunani dumalatib ketayotgan erkak qiyofasiga kirdi. Ana, xuddi fotosuratdagidek, bir ayol gul uzgani engashib turibdi. Undan narida — birgina ulkan lahzada yog‘ochda kuyib qotib qolgan yana bir qancha qiyofalar… Bolakay qo‘llarini yuqoriga siltab ko‘tardi, undan yuqorida irg‘itilgan koptok shakli qotib qoldi; bolakayning ro‘parasida bir qiz koptokni tutmoqchi bo‘lib qo‘llarini baland ko‘targan, ammo koptok pastga tushmay, havoda muallaq qolib ketgan.

Faqat beshta bo‘yoq dog‘i bor — erkak, ayol, bolalar va koptok. Qolgan barchasi — yog‘och ko‘mirning yupqa qatlami, xolos.

Changlatgichdan yog‘ayotgan sokin yomg‘ir bog‘ni to‘kilib tushayotgan nur uchqunlari bilan to‘ldirdi…

Shu kungacha uy o‘z tinchligini qanchalik mustahkam saqlab kelgan-a! “Kim u? O’zingizni taniting!” deya u nechog‘lik hushyorlik bilan so‘rab-surishtirmagan! Yolg‘iz tulkilardan va shikoyatnamo miyovlagan mushuklardan tegishli javob ololmagach, qariqiz shiddati ila derazalarni qarsillatib yopmagan va pardalarni silkib tushirmagan. Jinnilik bilan chegaradosh bo‘lgan muhofazakorlik — goho mexanizmlarda ham paranoyya dardi uchrab turadi-da.

Bu uy har bir tovushdan titrab tushar edi. Chumchuq nogahon qanoti bilan derazaga tegib ketdimi, o‘sha zahoti parda qattiq shatirlab ketar va yuragi yorilgan qush orqa-oldiga qaramay qochar edi.