Выбрать главу

— Men gapirmayapman, — javob berdi ayol, — men o‘ylayapman. Telepatiya. Yaxshi boringlar! — shunday deya u eshikni qarsillatib yopdi.

Hayal o‘tmay, bu qo‘rqinchli odam yana eshikni taqillata boshladi.

Ayol eshikni ochdi.

— Tag‘in nima kerak? — so‘radi u.

Kishi o‘sha joyda turar va jilmayishga harakat qilardi, ammo undagi avvalgi dadillik ko‘rinmasdi. U ayolga qo‘lini uzatdi.

— Nazarimda, siz meni yaxshi tushunmadingiz…

— Nimani? — shartta dedi ayol.

Erkak hayratdan ko‘zlarini katta-katta ochdi.

— Biz yerdan uchib keldik!

— Vaqtim yo‘q, — dedi ayol. — Ishim boshimdan oshib-toshib yotibdi — tushlik, uyni yig‘ishtirish, tikish, ming xil mayda-chuyda ishlar… Sizga, ehtimol, mister Ttt kerakdir. U tepada o‘zining xonasida o‘tiribdi.

— Ha, ha, — bir narsani anglagandek ko‘zlarini pirpiratib dedi Yerdan kelgan odam. — Xudo haqqi, mister Tttni chaqiring.

— U band. — Shunday deya ayol yana eshikni qarsillatib yopdi.

Bu gal mehmon eshikni odatdagidan qo‘polroq tarzda taqillata boshladi.

— Bilasizmi nima? — qichqirib dedi mehmon eshik ochilar-ochilmas. U go‘yo mezbonni hang-mang qilib qo‘ymoqchidek dahlizga bostirib kirdi. — Mehmon deganni bunday kutmaydilar-da!

— Polni yog‘ tushsa yalagudek qilib qo‘yganman! — Qovog‘ini uyib dedi ayol. — Aft-angoringizni qarang, hammayog‘ingiz iflos, yo‘qolinglar ko‘zimdan! Agar uyimga kirmoqchi bo‘lsangiz, avval oyog‘ingizni tozalab keling!

Mehmon vahima bilan o‘zining iflos oyoq kiyimiga qarab qo‘ydi.

— Hozir adi-badi aytishib o‘tiradigan payt emas, — qat’iy ohangda dedi kishi. — Vaziyat shunaqa.

Buni nishonlashimiz kerak!

Ularning ko‘ngillaridagini so‘zsiz anglashi uchun mehmon ayolga qattiq tikilib qaradi.

— Agar mening billur kulchalarim kuyib ketgan bo‘lsa, — dedi qichqirib ayol, — sizlarni kaltak bilan!..

Shunday deya ayol vishillab turgan mo‘‘jazgina pechka tomon yugurdi. So‘ng terga botgan, bo‘g‘riqqan holda qaytib keldi. Uning ko‘zlari sap-sariq, badani qoracha, o‘zi ozg‘in va chaqqon, xuddi hasharot deysiz… Ovozi chinnidek jaranglardi.

— Shu yerda kutib turinglar. Men borib qaray-chi, balki biron daqiqadan keyin mister Tttning huzuriga kirishingiz mumkin bo‘lar, — unda nima ishingiz bor edi o‘zi?

— Unga ayting, biz Yerdan birinchi marta bu yerga uchib keldik!

— Nima birinchi marta? — Ayol oftobda kuygan qo‘lini balandga ko‘tardi. — Bo‘pti, bunisi muhim emas, men hozir kelaman.

Tosh uynig yo‘laklaridan uning qadam tovushlari quloqqa chalinib turdi.

Tepada esa haddan tashqari ko‘k, jazirama mars osmoni — xuddi chuqur issiq dengiz qotib qolgandek. Bamisoli ulkan qaynoq qozon ustida turgandek Mars cho‘li uzra parda yoyilib kela boshladi. Sal naridagi tepaning cho‘qqisida uchini osmonga qadagancha uncha katta bo‘lmagan samoviy kema turardi. Undan tosh uy eshigi tomonga yirik-yirik oyoq izlari tizilib kelgan edi.

Tepadagi ikkinchi qavatda baqiriq-chaqiriq ovozlari eshitilardi. Eshik tagidagi odamlar bir-biriga qarar, og‘irliklarini goh u oyoqlariga goh bu oyoqlariga solar, kamarlarini to‘g‘rilar edilar. Tepada qandaydir erkak ovozining o‘shqirgani eshitildi. Unga ayol ovozi javob aytdi: chorak soatdan keyin yerliklar nima qilishini bilmay, oshxonada u yoqdan-bu yoqqa borib kela boshladilar.

— Chekamizmi? — dedi ulardan biri.

Ikkinchisi sigareta oldi — ular cheka boshlashdi. Barchalari shoshmaygina oppoq tutunni ichga tortar edilar. Kurtkalarining g‘ijimlarini yoyishdi, yoqalarini to‘g‘rilashdi, tepadagi ovozlar hamon guvillar, shang‘illar edi. Komandir soatiga qaradi.

— Yigirma besh daqiqa, — dedi u. — U yoqda nima bo‘layotgan ekan-a?

U deraza oldiga keldi-da, tashqariga qaradi.

— Kun yonayapti, — dedi fazogirlardan biri.

— Gapirmang, — erinchoqlik bilan qo‘lini so‘rdi, tushki oftobdan holsizlangan ikkinchisi.

Tepadagilarning ovozlari bo‘g‘iq g‘o‘ldirashga aylandi, so‘ng butunlay tinchib qoldi. Butun uyda tiq etgan tovush eshitilmaydi. Har kim faqat o‘zining nafasinigina eshitadi, xolos.

Shu alpozda bir soat o‘tdi.

— Biz tufayli biror kor-hol ro‘y bermadimikan? — dedi komandir mehmonxona eshigi yoniga yaqinlasharkan va o‘sha tomonga qaradi.

Missis Ttt gullariga suv quyib xona o‘rtasida turardi.

— Men bo‘lsam bunaqasini unutib yuborganman deb yuribman… — dedi ayol kapitanni ko‘rib. U oshxonaga chiqdi. — Kechirasiz. — Ayol unga bir parcha qog‘ozni uzatdi. — Mister Ttt juda band. — U o‘zining idish-tovoqlariga o‘girildi. — Baribir sizga u emas, balki Mister Aaa kerakdir. Mana bu qog‘ozni olib, moviy anhor yonidagi qo‘shni qo‘rg‘onga boring-da, u yerda mister Aaa siz bilmoqchi bo‘lgan hamma narsani aytib beradi.

— Biz hech narsani bilishimiz kerak emas, — e’tiroz bildirdi komandir do‘rdoq lablarini shishirib. — Busiz ham biz hamma narsani bilamiz.

— Qog‘ozni oldingiz, sizga tag‘in nima kerak? — keskin ohangda so‘radi ayol. Ular ayoldan shundan boshqa narsa ola olmas edilar.

— Bo‘pti, — dedi komandir. Uning hamon ketgisi yo‘q edi. U go‘yo bir narsani kutayotgandek joyidan qimir etmasdi. Xuddi yangi yil archasini tomosha qilayotgan go‘dakdek angrayib qarab turardi. — Bo‘pti, — takrorladi u. — Qani ketdik yigitlar.

Shunday qilib to‘rtovlon yerlik uydan chiqishdi-da, diqqinafas jimjit yoz kuni qo‘yniga sho‘ng‘ib ketishdi.

Yarim soatdan keyin o‘zining kutubxonasida savlat to‘kib o‘tirgan mister Aaa temir piyolasidan elektr alangasini ho‘plagancha tosh terilgan yo‘lakdan ovozlar kelayotganini eshitdi. U gavdasini derazadan chiqarib, bir xil kiyingan to‘rttala odamga ko‘zlarini qisib qaray boshladi.

— Mister Aaa sizmisiz? — so‘rashdi ular.

— Men.

— Bizni sizga mister Ttt yubordi, — qichqirdi komandir.

— Nima sababdan? — so‘radi Aaa.

— U band ekan!

— Hm, bilasizmi, bu… — g‘ijinib dedi mister Aaa. — Allaqaerdagi bekorchixo‘jalarning ko‘ngillarini olishdan mening boshqa tashvishim yo‘q deb o‘yladimikan?

— Hozir buning ahamiyati yo‘q, ser! — qichqirdi komandir.

— Menga esa ahamiyati bor. Bir dunyo kitob yig‘ilib qolgan, ularni o‘qib chiqishim kerak. Mister Ttt hech kim bilan hisoblashmay qo‘ygan. U menga birinchi marta bunday surbetlarcha muomala qilayotgani yo‘q. Iltimos, qo‘lingizni silkitmang, janob! Meni tinch qo‘ying! Siz bularni e’tiborga olmasangiz bo‘lmaydi. Men gapirayotganimda odamlar quloq solishiga o‘rganib qolganman. Iltimos, gapimni oxirigacha eshiting! Aks holda men siz bilan umuman gaplashmayman.

To‘rttala kishi pastda og‘izlarini ochgancha sarosima ichida depsinar edilar. Kapitanning peshonasidagi tomirlar bo‘rtib chiqdi. Hatto ko‘zlarida yosh yiltilladi.

— Ana shunaqa, — nasihat qilishda davom etdi mister Aaa. — Xo‘sh, o‘ylab qarang-a, mister Tttning meni shunday pisand qilmasligi yaxshi ishmi?

To‘rttala kelgindi jazirama kuni hovuri orasidan unga hayrat bilan qarab turardi. Kapitanning toqati toq bo‘ldi:

— Biz Yerdan uchib keldik!

— Menimcha, u juda ham odobsizlikni haddidan oshirib yubordi, — ming‘irladi mister Aaa.

— Samoviy kema. Biz raketada uchib keldik. Ana u!

— Koshki u birinchi marta menga nisbatan shunday nopisandlik qilayotgan bo‘lsa?

— Tushunayapsizmi — Yerdan!

— U mendan ko‘radi hali, men unga qo‘ng‘iroq qilaman-da, boplab tuzlayman, ha, ha!

— Biz to‘rttamiz — men va mana bu uchalasi. Kemam ekipaji.

— Mana hozir trubkani olaman-u, qo‘ng‘iroq qilaman.