Выбрать главу

— Yer. Raketa. Odamlar. Parvoz. Samo.

— Qo‘ng‘iroq qilaman-da, boplab ta’zirini beraman. — Qichqirdi mister Aaa va xuddi teatrdagi qo‘g‘irchoqdek derazadan g‘oyib bo‘ldi.

Qandaydir noma’lum apparatda ikki kishining qattiq aytishayotgani baralla eshitilib turardi. Kapitan va uning komandasi o‘zlarining nafis sarvqomat va jonajon raketalariga mungli qaragancha hovlida tik turishardi.

Mister Aaa derazadan gavdasini chiqarib, tantanavor e’lon qildi:

— Men uni duelga chaqirdim. Vijdonim haqqi. Eshitdingizmi, duelga.

— Mister Aaa, — bosiqlik bilan gap boshladi kapitan.

— Shartta otib tashlayman, mana meni aytdi dersiz!

— Mister Aaa, iltimos, gapimga quloq soling. Biz oltmish million millik yo‘lni bosib kelayapmiz.

Mister Aaa birinchi marta kapitanga e’tibor qildi.

— Shoshmang, nima dedingiz? Ie, qaerdan keldik dedingiz?

Kapitan oppoq tishlarini ko‘rsatib jilmaydi. U o‘zicha shivirladi:

— Hayriyat-ey, endi o‘ziga keldi! — so‘ng baland ovozda dedi: — Oltmish million millik naridagi Yer sayyorasidan keldik!

Mister Aaa esnadi.

Yilning shu faslida — zo‘rg‘a ellik million, undan ortiq emas. U qo‘liga qandaydir dahshatli qurolni oldi.

— Bo‘pti, men ketdim. Mana bu ahmoqona xatingizni oling. Bilmadim, bu xat sizga nima karomat ko‘rsatadi, keyin anovi tepalikdan shaharchaga o‘tib boring. U Iopr deb ataladi. U yerda dardingizni mister Iiiga aytasiz. U aynan sizga kerak odam. Sizga anovi mister Tttning keragi yo‘q edi. Tomi ketgan, uni narigi dunyoga, albatta, jo‘natmay qo‘ymayman. Lekin buni men qilmayman. Bu mening vazifamga kirmaydi.

— Vazifa, vazifa! — ermak qilib dedi komandir. — Yerdan kelgan odamlarni qabul qilish kerak bo‘lganda allaqanday vazifaga balo bormi?

— Bunaqa bema’ni gaplaringizni qo‘ying! Buni hamma biladi. — Mister Aaa zinadan pastga qarab chopdi. Yaxshi qoling!

Shunday deya u it quvlagan soqovdek pildirab ketdi.

Fazogirlar mutlaqo hangumang bo‘lib qolishdi. Oxiri kapitan dedi:

— Yo‘q, baribir, gapimizga quloq soladigan odamni topmay qo‘ymaymiz.

— Hozircha ketib, keyin qaytib kelsak-chi? — mungli holda dedi o‘rtoqlaridan biri. — Uchib ketib yana qo‘nsak, uchib ketib yana qo‘nsak. Bungacha ularning aqli kirib, bizlarni kutib olishga taraddud ko‘risharmidi.

— Ha, shunday qilmasa bo‘lmaydiganga o‘xshaydi, — to‘ng‘illab dedi g‘amgin kapitan.

Shaharcha jiz-biz edi. Marsliklar uylariga goh kirib, goh chiqar, bir-biri bilan salomlashardilar, ular yuzlariga yoqimli xilma-xillik uchun oltin, moviy, qizil rangdagi niqoblar kiyib olgan edilar, bundan tashqari, kumush labli va brinch qoshli, kulib turgan va tumshaygan niqoblar ham bor edi. Xullas, har bir niqob o‘z egasining axloqini namoyish etib turardi. Uzoq yo‘l bosib, qora terga botgan yerliklar to‘xtadilar va yoshgina qizaloqdan mister Iiining qaerda yashashini so‘radilar.

— Hov, ana u yerda, — boshi bilan imlab ko‘rsatdi qizaloq.

Kapitan toqatsizlik bilan, ehtiyotkorona bir tizzasiga cho‘kdi-da, qizaloqning ma’sumgina chehrasiga qaradi.

— Hoy qizaloq, bilasanmi, senga bir narsa aytmoqchiman.

U qizaloqni tizzasiga o‘tqazdi-da, keng kaftlari bilan uning qoracha qo‘lchalarini siqdi, go‘yo tun bo‘yi unga ertak so‘zlamoqchidek, go‘yo bir-biridan qiziq voqea va tafsilotlarni shoshmasdan qizaloqning yosh shuuriga erinmay joylamoqchi bo‘lgandek.

— Bilasanmi, jajjiginam, yarim yil muqaddam Marsga boshqa bir raketa uchib kelar edi. Unda York ismli bir odam o‘z yordamchisi bilan bo‘lardi. Biz unga nima bo‘lganini bilmaymiz. Balki ular halokatga uchragandir, ular raketada uchib kelar edilar, biz ham raketada uchib keldik. Ishonmasang, ana, bir ko‘rib qo‘y-a, qara, qanday katta raketa! Shuning uchun biz ikkinchi ekspeditsiyamiz, bizdan oldin esa birinchi bo‘lgan edi. Biz Yerning o‘zidan uzoq uchib keldik…

Qizaloq beixtiyor bir qo‘lini bo‘shatdi-da, yuziga loqaydlikni ifoda etuvchi oltin niqobni tushirib oldi.

So‘ng o‘yinchoq oltin o‘rgimchak uyasini olib, uni yerga tushirib yubordi, kapitan esa hamon unga uqdirardi. O’yinchoq o‘rgimchak itoatkorona qizaloqning tizzasiga o‘rmalab chiqdi, qizaloq esa loqayd bir tarzda haligi niqobining tirqishchasidan uni kuzatib turardi: kapitan beozorgina o‘rgimchakni itqitib yubordi-da, o‘z sarguzashtlarini hikoya qilishda davom etdi.

— Biz — yerliklarmiz, dedi u. — Gapimga ishonasanmi?

— Ha. — Qizaloq oyoqlarining barmoqlari qumda nimalar chizayotganiga ko‘zining qiri bilan qarab turardi.

— Juda aqlli qizaloq ekansan. — Komandir uni o‘ziga qaratish uchun qizaloqning qo‘lini yarim hazil-yarim chin bilan chimchilab qo‘ydi. — Biz o‘zimizga raketa qurib oldik, bunga ishonasanmi?

Qizaloq barmog‘ini burniga tiqdi.

— A-ha.

— Va… yo‘q, yo‘q, donoginam. Barmog‘ingni burningdan ol… Va men samoviy kema komandiri, va…

— Bunday raketada tarixda hali hech kim hech qachon koinotga chiqqan emas, — dona-dona qilib dedi ko‘zlarini qisgancha qizaloq.

— Qoyil! Buni qanday bilasan?

— Telepatiya. — U barmog‘ini naridan-beri tizzasiga surtdi.

— Xo‘sh? Nahotki bu seni ozgina bo‘lsa-da, qiziqtirmasa? — deyarli qichqirib dedi komandir. — Nahotki, bundan xursand emassan?

— Undan ko‘ra siz mister Iiining oldiga borsangiz, yaxshi bo‘lardi. — Qizaloq o‘yinchoqni yerga tushirib yubordi. — U sizlar bilan jon-jon deb gaplashadi.

Shunday deya qizaloq izma-iz o‘zi bilan yugurib ketayotgan o‘yinchoq-o‘rgimchak hamrohligida qochib ketdi.

Komandir qizga qo‘lini uzatgancha va orqasidan qaragancha joyida o‘tirib qolaverdi. U ko‘zlariga yosh qalqib chiqqanini his qildi. Nochor ahvolda og‘zini ochib, bo‘m-bo‘sh qo‘llariga qarab qo‘ydi. O’z soyalaridan ko‘z uzmay, o‘rtoqlari uning yonida turardi. Ular yo‘ldagi toshlarga tupurishdi…

Mister Iiining o‘zi eshikni ochdi. U ma’ruzaga shoshardi, biroq agar tezroq ichkariga kirib muddaoga ko‘chib qolishsa, ular uchun bir necha daqiqa vaqtini ajratishga tayyor edi…

— Ko‘p vaqtingizni olmaymiz, — dedi kapitan shishgan qovoqlarini horg‘in ko‘tarib. — Biz YErdan kelganmiz, anavi yerda raketamiz turibdi, biz to‘rttamiz — uch fazogir va komandir. Biz butunlay holdan toyganmiz, qornimiz och. Uxlashga qulay joy qidirayapmiz. Kimdir bizga shaharcha kalitini topshirsa yoki shunga o‘xshagan biror yordam bersa yaxshi bo‘lardi, qo‘llarimizni qisib, urra deb qichqirishsa, “tabriklaymiz, chol bobolar!” deyishsa boshimiz ko‘kka yetar edi. Bor-yo‘q iltimosimiz shu!

Mister Iii daroz gavdali, qalin ko‘k shishali ko‘zoynak ortiga yashiringan sarg‘ish ko‘zli odam edi.

YOzuv stoli uzra engashib, u qandaydir qog‘ozlarni o‘ychan varaqlardi, ora-chora sinchkov nigohlari bilan mehmonlarga qarab qo‘yardi.

— Bu ish qog‘ozlari qaysi go‘rga ketdi ekan-a. — U stolning barcha tortmalarini titib chiqdi. —

Qaerga qo‘ydim-a? — U qovog‘ini uydi. — Qaerdadir, mana bu yerdamidi-ey… Ey, ha, mana ular!

Marhamat! — u shiddat bilan kapitanga qog‘ozni uzatdi. — Siz bularga imzo chekishingiz kerak. — Mana bu dahmazalarni o‘qib chiqishimiz kerakmi?

Ko‘zoynakning qalin shishalari kapitanga qadaldi.

— Axir o‘zingiz aytmadingizmi, Yerdan keldik deb? Shunday ekan, bunga imzo cheking, vassalom.

Kapitan imzo chekdi.

— Komanda ham imzo chekishi kerakmi?

Mister Iii unga qaradi, qolgan uchalasiga ham qaradi va masxaraomuz qah-qah urib kulib yubordi.

— Bular ham imzo chekishi kerakmi?! Vah-hah-ha! Ey, qoyil-ey! Ular… ular… — uning ko‘zlaridan yosh oqa ketdi. U tizzasiga shap etib urdi-da, kulgidan ikki bukilib qoldi. U og‘zini karrakdek ochib kular edi. U stolga yopishib oldi. — Ular ham imzo cheksin emish!..