Выбрать главу

Fazogirlar nafaslarini ichlariga yutishdi. Ko‘zlarini ola-kula qilgancha ular asta-sekin g‘alati zalga nigoh yugurtira boshlashdi.

— Endi bildim. — Kapitanning ovozi go‘yo uzoqdan kelayotgandek edi. — Bildim, ular bekorga bizga yangi manzillarini berishmabdi va biz to mister Iiini uchratguncha boshqa birovning oldiga jo‘natishmabdi… Ular bekorga bizga aniq manzil bilan kalitni berib, eshikni ochib kirib, ichkaridan qattiq yopib olishimizni tayinlashmagan ekan. Biz qo‘lga tushdik…

— Qo‘lga tushdik deysizmi, komandir? Kimning qo‘liga?

Kapitan shalvirab qoldi.

— Jinnixonaga tushibmiz.

Tun cho‘kdi. Shaffof devorlarning orasiga yashiringan chiroqlardan taralayotgan g‘ira-shira nurga to‘lgan keng tanobiy uyda sukunat hukmron edi. To‘rttala yerlik yog‘och stol atrofida o‘tirgancha boshlarini xam qilib, shivirlashar edilar. Yerda ayqash-uyqash bo‘lib erkak va ayollar uxlar edilar. Qop-qorong‘i burchaklarda nimalardir g‘imirlar, yakkam-dukkam ko‘lankalar qo‘llarini g‘alati-g‘alati silkir edilar. Har yarim soatda fazogirlardan biron kishi kumush eshik oldiga borardi-da, stol oldiga qaytib kelardi.

— Foydasi yo‘q, kapitan. Biz bu yerdan endi chiqib ketolmaymiz.

— Kapitan, nahotki bizni jinni deb o‘ylashgan bo‘lsa?!

— Bo‘lmasa-chi?! Aks holda nega bizning kelishimizni tantanali kutib olishmadi? Biz ular uchun shunchaki ruhiy kasallarmiz, bizdaqalar bu yerda to‘lib-toshib yotibdi. — U uxlab yotgan odamlarga ishora qildi. — Bular axir paronoidlar-ku, bittasi ham sog‘ emas! Lekin ular bizni qanday kutib olishdi!

Menga hatto, — uning ko‘zlarida uchqun sachradi va o‘sha zahoti o‘chdi, — oxiri tantanali uchrashuv ustidan chiqqandek tuyuldi. Mana bu hayqiriqlar, qo‘shiqlar, nutqlar… Axir bari zo‘r bo‘lgan edi-ku…

— Bizni bu yerda qancha ushlab turishar ekan, a?

— Biz o‘zimizning jinni emasligimizni isbotlagunimizcha.

— Ha, bu qiyin emas ekan-ku.

— Men ham shunday deb o‘ylayman…

— Siz, aftidan, nimadandir cho‘chiyapsiz, shekilli, kapitan?

— Hm… Hov anovi burchakka bir qarang.

Qorong‘ida bir erkak cho‘nqayib o‘tirardi. Uning og‘zidan mittigina yalang‘och ayol shaklidagi moviy olov otilib turardi. Ayol havoda ko‘kishtob tutun ichida mayin uchardi va nimalarnidir shivirlab xo‘rsinar edi.

Kapitan boshi bilan boshqa tomonni ko‘rsatdi. U yerda bir ayol turar, turgan joyida hayratomuz shakllarga kirar edi. Avvaliga u billur ustunlar ichida tutqun holida ko‘rindi, so‘ng oltin haykalga aylandi, so‘ng kedr hassasi shaklini oldi va nihoyat yana o‘zining avvalgi qiyofasiga qaytdi.

Hamma joyda erkaklar va ayollar binafsharang olovning ingichka tillarini o‘ynar, tinimsiz bir shakldan boshqasiga kirar edilar, zero tun g‘am-anduh va sarguzashtlar pallasi hisoblanadi.

— Afsungarlik, qora jodugar, — shivirladi yerliklardan biri.

— Yo‘q, alahsirashlar bu. Ular bizga alahsirashlarini namoyish etishayapti, biz ko‘rib turgan bu narsalar ularning alahsirashlaridir. Telepatiya. O’z-o‘zini ishontirish va telepatiya.

— Siz shundan tashvishdamidingiz, kapitan?

— Ha. Agar alahsirashlar bizga — nafaqat, nafaqat, bizlarga shunday aniq bo‘lib ko‘rinar ekan, modomiki alahsirashlar shunday ishonchli va rostdek bo‘lib tuyular ekan, ular bizni jinni deb o‘ylashlari hech gap emas-da. Anovi erkak moviy olovdan mitti ayollar yasay oladi, anovi ayol esa haykalga aylanishga qodir; marsliklarning raketa kemasi bemor xayolotimiz samarasi deb o‘ylashlari uchun bemalol kifoya qiladi.

Qorong‘ilik ichidan kimningdir ayanchli xo‘rsingani eshitildi.

Chor atrofda goh chaqnab, goh o‘chib, moviy olovlar raqs tushar edi. Uxlab yotgan erkaklarning oldidan qizil qumdan yasalgan shaytonvachchalar uchib chiqar edi. Ayollar lorsillagan ilonlarga aylanar edilar. Turli hayvon va yirtqichlarning hidi anqirdi.

Tong otgach, hamma risoladagidek, quvnoq va sog‘lom ko‘rinar edi. Haligi alahsirashlar-u, g‘alati olovlardan nom-nishon yo‘q edi. Kapitan o‘z jamoadoshlari bilan hali-veri ochilib qolar degan umidda kumush eshik oldida turar edi.

Mister Iii rosa to‘rt soatdan keyin paydo bo‘ldi. Ular uning eshik ortidan ichkariga kirishidan avval bitta-bitta chaqirib, o‘zining mo‘‘jazgina xonasigi olib kirish uchun rosa uch soat eshik ortida turganiga shak-shubha qilmas edilar.

Agar uning niqobiga ishonadigan bo‘lsak, bu ochiqko‘ngil, yuzidan tabassum arimaydigan bir erkak edi, uning niqobida bir emas, uchta kulib turgan qiyofa tasvirlangan edi. Darvoqe, niqob ostidan chiqayotgan tovush tabassumli psixiatrga unchalik yarashmayotgan edi.

— Xo‘sh, sizni nima bezovta qilayapti?

— Siz bizni jinni deb o‘ylayapsiz, lekin bu to‘g‘ri emas, — dedi kapitan.

— Aksincha, men sizlarni barchalaringizni jinni deyayotganim yo‘q, — psixiatr kichikkina ko‘rsatkich tayog‘ini kapitanga niqtadi. — Faqat sizni, hurmatli janob. Barcha qolganlar — ikkilamchi jinni.

Kapitan tizzasiga shap etib urib qo‘ydi.

— Ha, gap bu yoqda deng! O’rtoqlarimning ham ish qog‘oziga imzo chekishlari shartmi, deb so‘raganimda mister Iiining qah-qah urib kulishi shundan ekan-da!

— Ha, mister Iii menga hammasini aytib berdi. — Psixiatr niqobidagi og‘zini qiyshaytirib, xoxolab kuldi. — Zo‘r hazil bo‘ldi-da. Xo‘sh, men nima deyayotgan edim? Ha, ikkilamchi jinnilar. Mening oldimga quloqlaridan ilonlar chiqib turadigan ayollar kelishadi. Mening muolajamdan keyin ilonlar g‘oyib bo‘ladi.

— Biz jon-jon deb davolanishga tayyormiz. Boshlang muolajangizni.

Mister Iii sarosimalanib qoldi.

— Vo ajab, hech kim muolajaga rozi bo‘lmaydi. Bu muolaja juda ham boshqacha bo‘lsa kerak-da.

— Hechqisi yo‘q. Muolajani boshlang dedikmi, boshlang. Bizning sog‘ ekanimizga keyin amin bo‘lasiz.

— Iltimos, avval qog‘ozlaringizni bir ko‘rib chiqsam. Muolaja uchun hammasi to‘g‘ri rasmiylashtirilganmi? — U papkani varaqlab ketdi. — Xo‘sh… Qarang-a, sizga o‘xshagan bemorlarga alohida uslublar kerak ekan. Siz ko‘rgan jinnixonadagi bemorlar muolajasi ancha jo‘nroq ekan…

Ammo siznikiga o‘xshagan birlamchi, ikkilamchi, eshituv, hidlov va ta’m biluv jinnilarini qo‘shib hisoblaganda sezuv va ko‘ruv sezgilari bilan birgalikda men sizga aytsam, ish nihoyatda yomon. Biz evtanaziyani qo‘llashga majbur bo‘lamiz.

Kapitan hayqirgancha oyoqqa turdi.

— Nimalar deyapsiz o‘zi, boshimizni qotirmang! Qani, boshlang! Bizni tekshiring, tizzamizga bolg‘acha bilan uring. Yuragimizni eshiting, o‘tirib-turishga majbur qiling, savollar bering!

— Bosh ustiga.

Kapitan bir soatcha jo‘shib, qaynab gapirdi, psixiatr jim quloq solib turdi.

— Hech ishonib bo‘lmaydi, — o‘ychan g‘udranib dedi u. — Hayotimda bunaqa aql bovar qilmas alahsirashni eshitmagan edim.

— Jin ursin! Biz ko‘rsatamiz sizga hali samoviy kemamizni! — bo‘kirdi kapitan.

— Jon deb ko‘raman. Siz uni shu yerda xonada ko‘rsata olasizmi?

— Albatta, u sizning kartotekangizda turibdi. “K” harfida.

Mister Iii diqqat bilan kartotekani qarab chiqdi, hafsalasi pir bo‘lgandek tilini chaqillatib qo‘ydi-da, shoshmaygina tortmani ichkariga surib qo‘ydi.

— Meni ahmoq qilishingizga nima hojat bor edi, bu yerda hech qanday samoviy kema yo‘q-ku.

— Qayoqdan ham bo‘lsin, jinnivoy! Men hazillashgan edim. Endi ayt-chi, jinnilar haddidan oshayaptimi?

— Ba’zan juda qiziq-qiziq gaplar bo‘lib turadi. Bo‘pti, meni raketangiz oldiga olib boring. Men uni ko‘rmoqchiman.

Ular raketa oldiga kelishganida, jazirama tush payti bo‘lib qolgan edi.