Выбрать главу

Bir kuni kampirlar shu haqda gaplashib o‘tirganlarida podachi Timish Korostyaviy kelib qolib, bir kun yozda xuddi Petrovka bayrami oldidan boshiga poxol qo‘yib og‘ilxonada uxlab yotganida, ko‘ylakchan, sochini yoygan yalmog‘iz kelib sigir sog‘ib turganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini, yalmog‘iz avrab qo‘ygani uchun qimirlamay qolganini, yalmog‘iz sigirlarni sog‘ib bo‘lgach uning labiga bir palid narsa surkab ketganini va jirkanib kuni bilan tupurib yurganini so‘zlab berdi. Lekin uning bu gaplariga ishonib bo‘lmasdi; chunki yalmog‘iz Sorochinsk sud a’zosidan boshqa hech kimga ko‘rinmaydi. Shu sababdan ulug‘ kazaklarning hammasi, shunday gaplarni eshitganlarida qo‘llarini siltab ketaverar va «bekor aytadilar, zang‘arlar», derdilar.

Soloxa saranjom-sarishta xotin bo‘lganidan, darrov pechkadan chiqib, uyni yig‘ishtirishga tutiidi. Ammo yerda yotgan qoplarga tegmadi; Vakula o‘zi olib kelgan, o‘zi yig‘ishtirsin! Shayton bo‘lsa mo‘riga kirayotganda, behosdan orqasiga qayrilib qarab, birov bilan boshlashib ketayotgan va uydan ancha nariga borib qolgan Chubga ko‘zi tushgan edi. Darrov pechkadan uchib chiqib, ular oldiga o‘tdi-da, yaxlab qolgan qorni to‘zitib socha boshladi. Birpasda bo‘ron turib, havoni buyug‘ bosdi. Har tarafdan qor uchib, piyodalariing yuz-ko‘zlarini, quloq-burunlarini qoplaguday bo‘ldi. Shayton bo‘lsa, Chub hamrohi bilan uyga qaytib ketadi va temirchini ushlab olib, bo‘yoq cho‘tkani anchagacha qo‘liga ololmaydigan qilib qo‘yadi, deb ko‘nglini to‘q qilib, yana mo‘riga qaytib keldi.

* * *

Darvoqe bo‘ron boshlanib, shamol ko‘z ochirmay qo‘ygan zahoti, Chub yo‘lga chiqqaniga pushaymon bo‘ldi, telpagini qattiqroq bostirib olib o‘zini, shaytonni, hamrohini koyib ketdi. Ammo uning bunday xafaligi ham ayyorlik edi, chunki bo‘ron ko‘tarilganiga xursand edi. Munshinikiga hali bosgan yo‘llariga qaraganda sakkiz marta ko‘proq yo‘l bosish kerak. Xullas, yo‘lovchilar ketlariga qaytdilar. Shamol orqadan urardi, lekin bo‘rondan hech narsani ko‘rib bo‘lmasdi.

Bir oz yurgach, Chub hamrohiga qarab: «Shoshma, og‘ayni, boshqa yo‘lga kirib ketibmiz shekilli. Bitta ham uy ko‘zimga ko‘rinmayapti. Shunday ham bo‘ron bo‘ladimi? Sen sal burilibroq anavi tomonga yur-chi, zora yo‘l topsang. Men buyoqdan qaray. Shunday bo‘ronda ko‘chaga sudraganini qara, shaytonning ishi-da, bu! Yo‘lni topsang meni chaqir, yodingdan chiqmasin. Bachchag‘ar mal’unni qara, ko‘zimga qorni toza uribdi!» — dedi.

Biroq, yo‘l ko‘rinmas edi. Hamrohi oyog‘ida uzun qo‘njli etik bilan, tentirab-tentirab, aroqxonaga borib qoldi. Dunyo topgandek suyunganidan, ko‘chada qolgan hamrohini unutib, ustidagi qorni qoqib, ichkariga kirib bahuzur o‘tiraverdi. Bu orada Chub ham yo‘l topganday bo‘lib, hamrohini chaqirib-baqirishga tutindi, hamrohi ovoz bermagandan keyin, o‘zi ketaverdi. Borsa, o‘zining uyi. Uyining oldiga qor uyulib qolibdi, tomini ham ko‘rib bo‘lmaydi. Sovuqdan to‘ngan qo‘li bilan eshikni urib taqillatib qizini chaqirdi.

Eshik ochgani chiqqan temirchi:

— Kimsan, nima deysan? — deb baqirdi.

Chub temirchining tovushini tanib, ketiga surildi. Ichida: «Bu mening uyim emas ekan… Menikiga temnrchi kirolmas edi. Lekin mundoq qaraganda, temirchining uyi ham emas. Kimniki bo‘lsa ekan? Ana xolos, taniyolmaganimni qara! Yaqinda yosh xotin olgan Levchenko cho‘log‘niki bo‘lsa kerak. Faqat uning uyi menikiga o‘xshaydi. Nega darrov kelib qoldim, dedim-a. Ammo Levchenko hozir munshinikidaligini yaxshi bilaman, temirchi nima qilib o‘tiribdi bunda?.. yosh xotinining oldiga kelib yurarkan-da! Yaxshi, endi tushundim».

Temirchi yaqinroq kelib yanada qattiqroq do‘q bilan:

— Kimsan, eshikma-eshik nima qilib yuribsan? — dedi.

Chub ichida: «Kimligimni aytmayin. Manglayi qora, tag‘in urib-netib yurmasin!» deb ovozini o‘zgartirib:

— Duogo‘y bir odamman, ramazon aytib keldim! — dedi.

— Io‘qol, boshni qotirmay! — dedi Vakula baqirib. — Nega yana ketmasdan turibsan, yo‘qol, ket, hozir ket!

Chubning o‘zi ham, baloga qolmasdan keta qolay, deb turib edi-yu, ammo temirchining buyrug‘i alam qildi.

Xuddi shayton pinjiga kirib, temirchiga qattiqroq gapir, deb vasvasa qilayotganday bo‘ldi. Chub ovozini haligidek bo‘lakcha qilib:

— Senga nima bo‘ldi, muncha baqirasan? Nima, ramazon aytgani ham qo‘ymaysanmi, xohlasam aytaveramanda! — dedi.

— Eh-ha! Tilingni tiymaysanmi hali!.. — Bu gapdan keyin Chub yelkasiga yaxshigina bir musht tushganind sezib qoldi.

Ketiga ozroq tislanib turib:

— I-ye, hali mushtlashmoqchimisan! — dedi.

Temirchi yana turtib:

— Ket-ket! — deb baqirdi.

— Senga nima bo‘ldi, i-ye! — dedi Chub. — Rostakamiga, jon-jahding bilan uryapsan-a! — Uning ovozida alam ham, og‘riq ham bor edi.

— Ket, ket, yo‘qol! — deb eshikni yopib oldi temirchi.

Chub ko‘chada yolg‘iz qolib:

— Botirligini qara-ya, yaqiniga borib bo‘lmaydi, Shoshmay tur hali, kerilma, shahar bedarvozami! Senimi, bola, to‘ppa-to‘g‘ri hokimga arz qilaman. Temirchiliging-u, bo‘yoqchiliging menga pisand emas. Qani, yelkam bilan orqamga qaray-chi, ko‘karib chiqqandir. Bachchag‘ar yomon urdi shekilli! Sovuq bo‘lmasa-yu, po‘stinimni yechib… shoshmaytur shaytonning temirchisi, meni urding, seni shayton ursin, temirchi do‘koningga jin teksin, shoshma, hali, seni xo‘p o‘ynataman! La’nati, dorga osilgur! I-ye, shoshma, hozir-ku, uyidamas, Soloxa yolg‘iz o‘tirgandir… Ha… uyi uzoq ham emas. Borsammikin! Vaqt ham shundayki, hech kim kelmaydi, zora murod hosil bo‘lsa… La’nati temirchi yomon urgan ekan-a!

Chub yelkasini qashib olib, yo‘lning bu tomoniga burildi. Soloxani ko‘raman deb xursand bo‘lgakidan, og‘riq ham esidan chiqdi, chirsillab turgan sovuq bo‘ronning buyug‘i ham bilinmay ketdi. Bo‘ron soqol-mo‘ylovini qor bilan shunday sovunlab qo‘ydiki, har qanday chapdast sartarosh ham bunday sovunlay olmas edi; qor bosgan shu betida gohda quvonch paydo bo‘lib, iljayib qo‘yar edi. Ammo qor bo‘roni har tarafdan gupillab, ko‘zini ochqizmay qo‘yganda, har qadamda to‘xtab, la’nati temirchi yomon urdi, deb, yelkasini silab, yana yo‘lga tushar edi.

* * *

Echkisoqol, dumli olifta oyni o‘g‘irlab, yonida osig‘liq ko‘lboriga solib qo‘ygan edi. Mo‘ridan chiqib-kirganida ko‘lbori pechkaga ilinib ochilib ketdi va oy fursatni g‘animat bilib, Soloxa uyining mo‘risidan osmonga chiqib ketdi. Olam yorishdi. Bo‘ron bo‘lmaganday, atrof boyagi-boyagiday. Yerni qoplab yotgan qor kumushdek yaraqladi, go‘yo qor ustiga billur yulduzchalar sochilgandek edi. Havo iliganday bo‘ldi. Uspirin yigit va qizlar yelkalarida to‘rvalari bilan chuvillashib tashqariga chiqdilar. Qo‘shiqlar jaranglab, ramazon aytib qirilmagan eshik qolmadi.

Oy ajab tovlanib turibdi! Bunday xushhavo kechada quvnoq qizlar, har bir hazil, har bir o‘yinga tayyor turgan sho‘x yigitlar orasida bo‘lish qanday zavqli! Egning» da po‘stin bo‘lsa sovuq yemaysan, sovuqda betlar yana battarroq yonadi. Sho‘xlikka esa shaytonning o‘zi boshlaydi.

Bir gala qizlar yelkalarida to‘rvalari bilan Chubnikiga kirib, Oksanani o‘rab oldilar. Ularning chuvillashidan temirchi esankirab qoldi. Har qaysisi birbirining gapini bo‘lib, go‘zal qizga bir yangildk aytgisi kelardi, ramazon aytib yiqqan chalpak, kolbasalarini xaltalaridan to‘kib maqtanar edilar. Oksana hali u, hali bu qiz bilan gaplashib, xaxolashib kulardi.

Temirchi qizlarning bunday quvonchlarini ko‘rib, havasi kelar, qizg‘anchiqligi tutib, o‘zi bara aytishni yaxshi ko‘rsa ham, lekin hozir uni la’natlardi.

Go‘zal qiz quvonch bilan qizlarning biriga qar-ab: