Выбрать главу

— Hoy, Odarka! Yangi kavush kiyib kelibsanmi, muncha chiroyli! Zarlig-a! Tole’ing balandda sani, har narsalar olib beradigan kishing bor. Menga kim olib beradi bunaqa kavushni, — dedi.

Temirchi darrov:

— Jonim Oks ana, xafa bo‘lma, senga unaqa-bunaqa boyning qizi ham kiymaganini olib beraman, — dedi.

Oksana yalt etib qaradi-da, uni mensimagandek:

— Sen-a? — dedi. — Qani, ko‘ray-chi, men kiyadigan kavushni qayerdan topib kelarkinsan. Malikaning oyog‘idan yechib kelsang, unda mayli!.. — dedi.

— Ko‘rdingmi buni ko‘ngli qanaqa! — deb xaxolab kulishdi qizlar.

Go‘zal qiz:

— Rost aytaman. Hammangiz guvohsiz, agar temirchi Vakula malikaning oyog‘idagi kavushini keltirsa, shu onda unga tegaman, — dedi.

Qizlar injiq go‘zalni birga olib ketdilar.

Temirchi ular ketidan chiqa turib:

— Masxara qilaver-chi, hozir o‘zimni-o‘zim masxara qilaman, o‘ylab o‘yimga yetolmay qoldim. Bilmadim aqlhushim qayoqqa ketdi. Meni sevmaydi, sevmasa sevmasin, dunyoda undan boshqa qiz yo‘qmi! Xudoga shukur, undan boshqa ham qiz bor qishlog‘imizda. Nimasi yaxshi Oksananing? Undan ro‘zg‘orni eplaydigan tuzuk xotin ham chiqmaydi, yasanishdan, o‘ziga zeb berishdan boshqani bilmaydi. Endi ahmoqlikni bas qilish kerak.

Biroq, temirchi uzil-kesil Oksanadan kechmoqchi bo‘lib turgan choqda, ko‘z oldida:

«Malikaning kavushini keltirib bersang, senga tegaman!» deb Kulib turg‘an sho‘xchan yuzi ko‘rindi. Butun vujudi iztirobga tushib, Oksanadan bo‘lak hech narsa xayoliga kirmadi.

Bara aytib yurgan qizlar bilan yigitlar bir gala bo‘lib ko‘chama-ko‘cha yugurishar edi. Ammo temirchining ko‘ziga hech narsa ko‘rinmas, bir zamonlarda ko‘nglini quvontirgan bu o‘yin-kulgilarga aralashmasdan yolg‘iz borardi.

* * *

Bu orada shayton juda iyib ketdi. Sud a’zosi pop qizini ko‘rganda qilgan qiliqlarni qilib, Soloxaninr qo‘llarini o‘par, oh-voh qilib, ko‘ksini ushlab, agar ko‘nglimni olmasang, o‘zimni har narsa qilaman, suvga tashlayman, jonimni to‘ppa-to‘g‘ri saqarga[6] yuboraman, derdi dangaliga. Soloxa uncha berahm emas edi, bundan tashqari shayton bilan sherik edi. U ketidan bir nechtasini ergashtirib yurishni yaxshi ko‘rar, suhbat qurmagan kuni kam bo‘lardi. Biroq, bu kuni kechqurun yolg‘iz o‘tirmoqchi bo‘ldi, chunki, qishloqning hamma ulug‘lari munshinikiga oshga chaqirilgan edilar. Lekin ish boshqachasiga aylanib ketdi. Shayton boyagiday qisti-bastiga olib turganda, to‘satdan da’voshining yo‘g‘on ovozi eshitilib qoldi. Soloxa eshikni ochgani chiqib ketdi, dingillagan chaqqon shayton darrov bir qopga kirib oldi.

Da’voshi tumog‘idan qorni silkitib bo‘lgach, Soloxaning qo‘lidan bir piyola araqni ichib oldi, so‘ngra bo‘ron turib, to‘polon bo‘lganidan munshinikiga bormaganini, Soloxaning uyida chiroq borligini ko‘rib, bu kecha u bilan suhbat qurmoq niyatida buyoqqa kelganini aytdi.

Da’voshi so‘zini tamom qilguncha ham yo‘q ediki, eshik taqillab, munshining ovozi eshitildi. Da’voshy shivirlab:

— Meni bir joyga bekit, meni ko‘rmasin, — dedi.

Soloxa, da’voshidek xo‘ppasemiz mehmonni qayerga bekitishni bilmay ko‘p o‘yladi, aloha ko‘mir turgan eng‘ katta qop esiga kelib, ko‘mirni bochkaga ag‘dardi: so‘laqmondek da’voshi mo‘ylovi, boshi va boshidagi tumog‘i bilan qopga kirdi.

Munshi uh-uhlab, qo‘llarini bir-biriga ishqalagancha kirib keldi, kirgach, mehmonlar kelishmaganiga nihoyatda xursand bo‘lib, bo‘ron bo‘lib turganiga qaramay, siz bilan andak suhbatlashay deb keldim, dedi. U Soloxaga yaqinroq keldi, yo‘talib olgach, iljayib kuldi, uzunchoq barmoqlari bilan uning yalang‘och semiz qo‘lini ushlab turib, ayyorlik bilan:

— Go‘zal Soloxa, bu nima? — deb sapchib o‘zini nariroq tortdi.

— Nima bo‘lardi! Qo‘l-da, Osip Nikiforovich! — dedi Soloxa.

Gap boshlash uchun qilgan daromadidan o‘zi xursand bo‘lib:

— Hm! Qo‘l deng! Xe-xe-xe! — deb qo‘ygandan keyin, uyning uyog‘idan-buyog‘iga yura boshladi.

Yana yaqiniga kelib, tomog‘idan ushlab:

— Azizim Soloxa, bu nimadir? — deb yana haligi dek sapchib chetga oldi o‘zini.

Soloxa unga:

— Osip Nikiforovich, ko‘rib turibsiz-ku nimaligi ni, bo‘ynim, bo‘ynimda marjonim! — dedi.

— Hm! Bo‘yningizda marjoningiz. Xe-xe-xe! — dedida, qo‘llarini ishqalab yana yurishga tushdi.

— Buningiz nimadir, xotinlar yaktosi?.. — Munshi uzunchoq barmoqlari bilan, qayerinidir ushlamoqchi bo‘lganda eshik taqillab, Chubning ovozi eshitildi.

Munshining yuragi yorilib:

— Yo rabbi, begona kishi-ku! Mening tagim nozik, birov ko‘rib qolsa nima bo‘ladi… Kondrat buzruk eshytib qoladilar!.. — dedi.

Ammo munshining xavotiri boshqa tomondan edi. Uz xotinidan ko‘proq xavotirda edi: hali ham xotinining dastidan boshidagi sochidan bitta qolmagan edi. Qaltirab turib:

— Marhamatli Soloxa, xudo haqi, bir iloj qiling. Sizning yaxshiligingiz hazrat Luka Kitobining o‘n uchin… Birov taqillatyapti, azbaroyi xudo, taqillatyapti! Voy, voy, yashirsangiz-chi meni biron yerga, — dedi.

Soloxa yana bir qopdagi ko‘mirni bochkaga ag‘dardi. Jussasi uncha katta bo‘lmagan munshi qopga tushib, o‘tirib edi, qopning allaqancha ko‘mir siqqunday joyi bo‘sh qoldi.

— Assalom daykum, Soloxa! — dedi uyga kirayotib Chub, — Meni keladi deb kutmagandirsan-a? Bemovrut kelib xalal yetkazdim shekillik… — dedi va go‘yo bir narsani bilganday kulimsirab iljayib qo‘ydi. Uning bu qilig‘i, befahm kallasi bironta hazil-mutoyiba so‘z aytmoq bo‘lib ancha ovora bo‘lganini ko‘rsatib turar edi:

— Balki birov bilan o‘ynashib turganmidingiz!.. Bittayarimtani yashirmadingmi-a? — Chub bu gaplariga o‘zi zavq qilib, Soloxaning ko‘ngli faqat menda, mendan boshqaga rag‘bati yo‘q, degan xayol bilan, ich-ichidan quvonib kulib yubordi. — Soloxa, qani endi arag‘ingdan keltir. Sovuqdan tomog‘im to‘ngib qolganga o‘xshaydi. E, xudo, rojdestvodek ulug‘ bayram oldida havoni shunday qilarmisan! Shunday muzlatdiki, shunday muzlatdiki, aslo qo‘yaver, bay-bay… quloq solsang-chi, Soloxa, qo‘llarim akashak bo‘lib qoldi, po‘stinimni yecholmayman-a! Bo‘ron shunday urib berdiki…

Tashqarida birov eshikni itarib «och!» dedi.

Chub, shoshib tumog‘ini olarkan, «temirchiga o‘xshaydi», deb qo‘ydi.

— Hoy, Soloxa, qayerga bekitsang bekit meni. U badbaxtning ko‘ziga sira ko‘ringim kelmaydi. Shaytonvachchaning ikki ko‘ziga govmichcha chiqsin!

Soloxaning quti uchib, jinni kishidek nima qilarini bilmay gangib qolib, munshini yashirgan qopni ko‘rsatdi. Bechora munshi davangidek odam sovuqda to‘ngib, hali erimagan etigi bilan uning ikki chakkasini bosganda ham g‘iq etmay jim o‘tiraverdi.

Temirchi indamay kirdi-yu, boshidan qalpog‘ini ham olmay, taxta ustiga yonboshladi. Avzoidan xafaligi bilinib turardi.

i Soloxa o‘g‘li ketidan eshikni yopguncha ham bo‘lmay, yana birov taqillatib qoldi. Kelgan odam kazak Sverbiguz ekan. Buni qopga joylashning iloji ham yo‘q, chunki u sig‘adigan qop topilishi qiyin. Uning jussasi da’voshinikidan kattaroq, bo‘yi Chubning og‘aynisinikidan novcharoq edi. Shuning uchun Soloxa uning gapini yaxshilab eshitmoq niyatida uni tashqariga chiqarib, ang‘izga olib kirdi.

Temirchi uyning har tarafiga parishonhol alanglab, uzoqda ramazon aytib yurganlarning ovoziga o‘qtin-o‘qtin quloq solib o‘tirib edi. Bir mahal qoplarga ko‘zi tushib qoldi; nima qilib yotibdi bu qoplar, chiqarib tashlash kerak edi. Ahmoqona muhabbat deb, jinni bo‘lib qoldim. Ertaga bayram bo‘lsa, uy yig‘ishtirilmabdi, har balo ivirsib yotibdi. Ustaxonaga oborib tashlay!

Temirchi katta qoplar ustiga engashib, avval yaxshilab bo‘g‘ib, bog‘lab, keyin orqalamoqchi bo‘ldi. Ammo xayoli parishonligi shundoq bilinib turardi, bo‘lmasa, qopning og‘zini bo‘g‘ganda Chubning kokilini ham qo‘shib bog‘lab yuborganda uning vishillaganini, davangidek da’voshini hiqichoq tutib, hiqillaganini eshitgan bo‘lar edi.

вернуться

6

Saqar — do‘zax.