Выбрать главу

Turgan gapki, o‘sha la’pati seansnipg shohidi (farosatli va mulohazali shohidi) bo‘lgan, niqob taqqan sirli sehrgarning o‘zini ham, uning ikki lo‘ttiboz yordamchisini ham nihoyatda mukammal tasvirlab bergan, sehrgarning familiyasi aynan Voland ekanligini juda aniq eslab qolgan ziyoli va madaniyatli odam bo‘lmish Arkadiy Apollonovich keltirgan dalil-dastaklar tergov ishini ancha jadallashtirib yubordi. Arkadiy Apollonovich bergan guvohlikni o‘zga odamlarning (shu jumladan, seans oqibatida jabrlangan ayrim xonimlarning va Sadovaya ko‘chasidagi 50-kvartiraga yuborilgan kurer Karpovning) guvohliklari bilan qiyoslash natijasida ushbu hangomalarning sababchilarini qaerdan qidirish kerakligi bir zumda aniqlandi — qo‘ydi.

50-kvartirada bir emas, bir necha marta bo‘lishib, nainki uni sinchiklab ko‘zdan kechirishdi, hatto uning devorlarini ham to‘qillatib ko‘rishdi, kamin mo‘rkoniga ham mo‘ralashdi, xufiya joylarni qidirishdi. Biroq bu tadbirlarning bari hech qanday samara bermadi, kvartirada biron marta ham biron-bir jonzot uchramadi, holbuki Moskvaga keluvchi barcha ajnabiy turtistlar haqida xabardor bo‘lish zimmasiga yuklangan shaxslar, Voland ismli sehrgar Moskvada yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas, deb keskin va qat’iy ravishda ta’kidlashlariga qaramay, kvartirada qandaydir kimsalar mavjudligi judayam aniq edi.

Shunga qaramay, Moskvaga kelgan o‘sha Voland degan shaxs hech yerda ro‘yxatdan o‘tmagan, hech bir kimsaga pasport yoki o‘zga biron hujjat, masalan, shartnoma varaqasini ko‘rsatmagan va hech kim u to‘g‘rida biron-bir ma’lumot olmagan edi. Tomoshaxonalar komissiyasi qoshidagi programmalar bo‘limi mudiri Kitaytsev, o‘sha g‘olib bo‘lgan Styopa Lixodeev hech qanday Voland hech qanday programmasini menga tasdiqlash uchun yuborgani ham yo‘q, o‘sha Voland degan sehrgarning kelgani haqida hech qanday telefon ham qilingani yo‘q, deb xudoni o‘rtaga qo‘yib, qasam ichdi. Binobarin u, ya’ni Kitaytsev Vareteda bunday seans berilishiga Styopaning qanday yo‘l qo‘yganini mutlaqo tushunmas va buning sababini ham bilmas edi. Lekin Kitaytsevga, axir o‘sha sehrgarni Arkadiy Apollonovich teatrda o‘z ko‘zi bilan ko‘ribdi-ku, deb aytishganida, u faqat kiftini uchirib, ko‘zini shiftga tikish bilan javob qildi. Lekin Kitaytsevning ko‘ziga qarab,oldingidek oppoq ekanligini dadil e’tirof etdi.

Tomosha ko‘rsatuvchi muassasa komissiyasi raisi Proxor Petrovichga kelsak…

Darvoqe, kabinetga militsiya kelgan hamon u o‘z kostyumi ichida paydo bo‘ldi va bu raftori bilan Lnna Richardovnani telbanamo quvontirib, bekorga bezovta qilingan militsiyani hayratdan og‘zini ochirib qo‘ydi… Yana o‘z o‘rniga qaytib, kul rang yo‘l-yo‘l kostyumi ichiga kirgan Petrovich, o‘zi qisqa muddatga g‘oyib bo‘lgan paytida kostyumi yozgan ko‘rsatmalarning barini to‘la-to‘kis ma’qulladi… ana shu Proxor Petrovich ham Voland degan shaxs haqida mutlaqo hech nima bilmas edi.

Siz nima deb o‘ylasangiz o‘ylang, kitobxon, ammo bu mutlaqo, aql bovar qilmaydigan hol edi: minglab tomoshabinlar, Varetening butun hay’ati, nihoyat, jua bilimdon shaxs Arkadiy Apollonovich Sempleyarov bitta sehrgarni, shuningdek, uning badkor assistentlarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishgan bo‘lsa ham, sehrgarni hech yerdan topib bo‘lmadi. Xo‘sh, o‘zingiz ayting-chi: nima, u o‘sha manfur seansi tugashi bilan yer qa’riga kirib g‘oyib bo‘ldimi yoki ba’zilarning ta’kidlashi-cha, u aslida Moskvaga mutlaqo kelmaganmidi? Agar aytganimizdan birinchisi ro‘y bergan deb faraz qiladigan bo‘lsak, unda, u shubhasiz, o‘zi bilan birga Varete ma’muriyati rahbarlarini ham yer qa’riga olib kirib ketgan, lekin bordiyu ikkinchi taxminga to‘xtaladigan bo‘lsak, unda badbaxt teatr ma’murlarining o‘zi bironta rasvogarchilik qilib qo‘yib (kabinetdagi deraza oynasining singanini va G‘ishtintuzning o‘zini qanday tutganini eslang!), Moskvadan qochib chiqib, bedarak ketgan bo‘lib chiqadi.

Tergov ishini boshqargan odamga tan berish kerak. G‘oyib bo‘lgan Rimskiyni bir zumda qidirib topishdi. G‘ishtintuzning kinematograf oldidagi taksi to‘xtaydigan maydonchada o‘zini qanday tutganini ayrim vaqtlar, chunonchi seans tugagan va Rimskiyning g‘oyib bo‘lgan paytlari bilan muqoyasa qilib ko‘rilishi hamono hamma narsa oydinlashdiyu darhol Leningradga telegramma yuborildi. Bir soatdan keyin (juma kuni kechqurun) Rimskiyning «Astoriya» mehmonxonasida, to‘rtinchi qavatdagi to‘rt yuz o‘n ikkinchi xonadan topilgani haqida javob yetib keldi.

«Astoriya» ning to‘rt yuz o‘n ikkinchi xonasidagi kiyim javoniga yashiringan Rimskiy darhol hibsga olingan va o‘sha yerda, Leningradda so‘roq qilingan. Shundan so‘ng Moskvaga yuborilgan telegrammada, Varetening moliya direktori mutlaqo esini yo‘qotgan holatda ekanligi, berilgan savollarga biron jo‘yali javob bermagani yoinki berishni xohlamagani haqida, bil’aks hadeb, uni qamoqxonaning zirhlangan kamerasiga qamab, qurolli soqchilar bilan qo‘riqlashlarini iltimos qilayotgani haqida yozilgan edi. Moskvadan yuborilgan telegrammada Rimskiyni soqchilar kuzatuvida Moskvaga jo‘natish buyurildi, shunga ko‘ra Rimskiy juma kuni kechqurungi poezdda soqchilar kuzatuvida yo‘lga chiqdi.

Shu juma kuni kechqurun Lixodeevning ham izi topiddi. Uning to‘g‘risida barcha shaharlarga telegramma yuborilib, qidiruv e’lon qilingan edi. Yaltadan: «Lixodeev Yaltada bo‘lgan, lekin aeroplanda Moskvaga uchib ketdi», degan javob telegrammasi olindi.

Birdan-bir daragi topilmagan odam Varenuxa bo‘ldi. Deyarli butun Moskvaga taniqli bo‘lgan bu mashhur teatr ma’muri dom-daraksiz yo‘qolgan edi.

Bu asnoda Varete teatridan chetda, Moskvaning boshqa yerlarida yuz bergan hodisalar bilan ham shug‘ullanishga to‘g‘ri keldi. Masalan, «Slavnoe more» qo‘shig‘ini ijro etgan xodimlarning g‘ayritabiiy raftorini (darvoqe, professor Stravinskiy teri ostiga qandaydir dori yuborish bilan ikki soat ichida ularning hammasini yana o‘z holiga keltirishga muvaffaq bo‘ldi), shuningdek, allambalo qog‘ozlarni ayrim kishilar yo muassasalarga pul o‘rnida o‘tqazgan shaxslar va shunday yo‘l tutilishi oqibatida ziyon ko‘rgan shaxslar masalasini ham oydinlashtirish lozim bo‘ldi.

Ma’lumki, bu hodisalar ichida eng ko‘ntilsiz, eng g‘alvali va eng mushkuli marhum Berliozning kallasini Griboedov zaliga qo‘yilgan tobutdan kuppa-kunduz kuni o‘g‘irlab ketilgani bo‘ldi.

Butun Moskvaga yoyilib ketgan bu murakkab ishning chigallarini bittama-bitta yechish uchun o‘n ikkita tergovchi safarbar qilindi.

Tergovchilardan biri professor Stravinskiyning shifoxonasiga bordi va birinchi navbatda keyingi uch kun ichida shifoxonaga keltirilgan shaxslarning ro‘yxatini so‘radi. Buning natijasida Nikonor Ivanovich Bosoy va kallasi uzilib qayta o‘rnatilgan bechora konferanse topildi. Lekin ular tergovchini qiziqtirmadi. Chunki bularning ikkovi ham o‘sha noma’lum sehrgar boshchiligidagi to‘daning qurboni bo‘lganligi ravshan edi. Ammo Ivan Nikolaevich Bezdomniy tergovchini haddan tashqari qiziqtirib qoddi.

Juma kuni kechga yaqin Ivanushka yotgan 117-xonaning eshigi ochilib, bu yerga Moskvadagi eng yaxshi tergovchilardan biri deb sanalishiga qaramay, qiyofasidan tergovchiga mutlaqo o‘xshamaydigan kulcha yuz, vazmin, muloyim bir yigit kirib keldi…

Tergovchi xushmuomalalik bilan o‘zini tanitdi va Ivan Nikolaevichning huzuriga o‘tgan kuni Patriarx ko‘li bo‘yida sodir bo‘lgan hodisalar xususida gaplashgani kelganini aytdi.

O, afsus, bu tergovchi sal oldinroq, hech bo‘lmasa, payshanbaga o‘tar kechasi kelganida bormi, Ivanning boshi osmonga yetgan bo‘lardi: o‘shanda u Patriarx ko‘lida yuz bergan voqeani rosa kuyib-pishib hikoya qilmoqchi bo‘lgan, ammo uning aytganlariga e’tibor berishmagan edi. Mana endi uning maslahatchini tutish orzusi ushaldi, endi u hech kimning orqasidan quvmaydi, aksincha o‘sha chorshanba kuni kechqurun sodir bo‘lgan voqeani eshitish uchun mana, uning huzuriga o‘zlari kelishipti.