Выбрать главу

Annushka esa Arbatdagi univermag kassiriga o‘n dollarlik qog‘oz pul tutqizmoqchi bo‘lganida qo‘lga olindi. Uning Sadovaya ko‘chasidagi uyning derazasidan uchib chiqib ketgan odamlar va taqacha haqidagi (Annushkaning aytishicha, u taqani militsiyaga eltib berish uchun yerdan ko‘targan ekan) gaplarini diqqat bilan eshitishdi.

— Taqacha chinakam oltindanmidi, gavhar toshlari ham bormidi? — deb so‘rashdi Annushkadan.

— Voy, gavharning qanaqaligini bilmay o‘libmanmi, — deb javob qildi Annushka.

— O‘sha odam sizga bergan pul chervon pulmidi?

— Voy, chervonning qanaqaligini bilmay o‘libmanmi, — dedi Annushka.

— Xo‘sh, u pullar qachon dollarga aylanib qoldi bo‘lmasam?

— Hech nima bilmayman, qanaqa dollarni gapiryapsiz, men hech qanaqa dollar-pollarni ko‘rganim yo‘q, — derdi Annushka chiyillab, — biz o‘z huquqimizni bilamiz! Bizga mukofot berishgan ekan, demak unga chit sotib olamiz… — shundan keyin u, beshinchi qavatni jinu alvastilar makoniga aylantirib, hammaning tinchini buzgan uy boshqarmasining qing‘ir ishlari uchun javob beradigan ahmoq yo‘q, deb shunaqangi poyintar-soyintar gaplarni javrab ketdiki…

Annushka hammani joniga tekkan edi, tergovchi qo‘l siltab uning ovozini o‘chirdi va yashil qog‘ozga ruxsatnoma yozib berib, hammaning ko‘nglidagi ishni qildi. Annushka binodan chiqib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

Shundan keyin juda ko‘p odamlar birin-ketin tergovdan o‘ta boshladilar. Bular orasida Nikolay Ivanovich ham bo‘lib, u rashkchi xotinining tentakligi tufayligina (xotini militsiyaga erining ertalabga yaqin g‘oyib bo‘lganini xabar qilgan edi) hibsga olingan edi. Nikolay Ivanovich o‘zining shayton huzurida bazmda bo‘lgani haqida o‘ta tuturiqsiz guvohnomani ko‘rsatdi, lekin bu bilan tergov ahlini unchalik ajablantirmadi. U Margarita Nikolaevnaning uy xodimasini o‘z ustiga mindirib allaqaysi go‘rga cho‘milishga olib borgani va undan sal oldin Margarita Nikolaevnaning qip-yalang‘och holda derazada o‘tirgani haqida so‘zlab berdi-yu, qolgan gaplarni sir saqlab qoldi. Masalan: u Margarita Nikolaevnaning yotoqxonasiga ko‘ylak ko‘tarib kirgani va Natashani Venera deb ataganini so‘zlab berishni lozim ko‘rmadi. Uning hikoya qilishicha, Natasha derazadan uchib chiqqanu uni minib olib, Moskva tashqarisiga parvoz etgan edi.

— Kamina bu zo‘ravonlikka bo‘ysunishga majbur bo‘ldim, — deb hikoya qildi u va o‘z uydirmalarini bunday yakunladi: — O‘tinaman, shu aytgan gaplarimni zinhor-bazinhor xotinim bila ko‘rmasin.

Unga va’da berishdi.

Nikolay Ivanovich bergan guvohlikdan Margarita Nikolaevnaning, shuningdek uning uy xodimasi Natashaning nom-nishonsiz g‘oyib bo‘lishgani aniqlandi. Ularni qidirib topish choralari ko‘rila boshladi.

Shanba shuni ertalab guvohlarni tergov qilish bir zum ham to‘xtamadi. Bu payt shaharda mutlaqo kurakda turmaydigan mish-mishlar paydo bo‘lib, yashin tezligida chor yoqqa tarqala boshladi. Tariqdakkina haqiqat tuyaday uydirmaga aylandi. Aytishlaricha, Varete teatrida berilgan sehrgarlik seansidan keyin ikki mingta tomoshabinning hammasi ko‘chaga onadan qanday tug‘ilgan bo‘lsa, shunday holda otilib chiqqanmish, Sadovaya ko‘chasida qalbaki pul yasaydigan bosmaxona topilganmish, allaqanday o‘g‘rilar to‘dasi maishatxonadan birvarakayiga beshta mudirni o‘g‘irlab ketganmish-u, lekin militsiya o‘sha zahoti ularni topganmish, hokazo va hokazo.

Vaqt tushlikka yaqinlashib qolgan edi, shu payt tergov olib borilayotgan xonada telefon jiringladi. Sadovaya ko‘chasidan qo‘ng‘iroq qilishib, kasofat kvartirada yana jonlanish ro‘y berganini xabar qilishdi. Aytishlaricha, kvartiraning derazalari ichkaridan ochilipti, u yerdan pianino ovozi va qo‘shiq eshitilipti, derazada o‘zini oftobga solib, yastanib yotgan qora mushukni ko‘rishipti.

Kunning avji qizigan payti — soat to‘rtlarda bir guruh grajdancha kiyingan erkaklar Sadovaya ko‘chasidagi 302-bis uyga yetmasdan ancha nariroqda uchta mashinadan tushishdi. Keyin ular ikkita kichik to‘daga bo‘linishdi-da, birinchi to‘da bostirma ostidan hovliga kirib, to‘g‘ri oltinchi yo‘lak sari yo‘l oldi, ikkinchisi esa orqa yo‘lga olib kiradigan doimo mixlog‘liq kichkinagina eshikni ochdi, shunda ikkala to‘da boshqa-boshqa zinadan 50-kvartiraga baravar ko‘tarila boshladi.

Bu payt Korovyov bilan Azazello kvartiraning yemakxonasida nonushta qilib o‘girishar, Voland, o‘z odati bo‘yicha yotoqxonada edi, mushukning qaerdaligi ma’lum emas edi. Lekin oshxonadan kelayotgan idish-tovoqlarning taraq-turuqidan, Begemot o‘sha yerda yana biron jinnilik qilayotgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylash mumkin edi.

— Zinadan oyoq tovushlari eshitilyaptimi? — deb so‘radi Korovyov chashkasidagi qahvani qoshig‘i bilan kavlab o‘tirarkan.

— E, bizni qamoqqa olgani kelishyapti, — deb javob qildi Azazello va qadahchadagi konyakni ichib yubordi.

— Qani, qani, ko‘raylik-chi, — dedi Korovyov bunga javoban.

Bu mahal pod’ezd eshigidan kirganlar zinadan uchinchi qavat maydonchasiga chiqib kelgan edilar. Bu yerda ikki nafar vodoprovodchi isitish quvuri oldida g‘ivirsirdi. Zinadan chiqib kelganlar vodoprovodchilar bilan ma’nodor ko‘z urishtirib olishdi.

— Hammalari uyda, — deb pichirladi vodoprovodchilardan biri bolg‘achasi bilan quvurga urib-urib qo‘yarkan.

Shunda oldinda kelayotgan odam paltosi ichidan qora mauzer chiqardi, uning yonidagi ikkinchi odam — qo‘ynidan temir ochqich oldi. Umuman, 50-kvartiraga chiqib kelayotganlar puxta qurollangan edilar. Ikki kishining cho‘ntagida oson yoyiluvchi ingichka ipak to‘r bor edi. Yana bittasida — arqon, bittasida — doka niqoblar bilan xloroformli ampulalar bor edi.

50-kvartiraning eshigini tez va oson ochishdi, hamma kelganlar dahlizga kirishdi, ayni paytda oshxonada eshik «qars» etib ochildi, bu — xufiya yo‘ldan chiqqan ikkinchi to‘daning ham o‘z vaqtida yetib kelganidan darak berdi.

Bu gal qisman bo‘lsa ham omad yurishi aniq edi. Odamlar bir zumda hamma xonalarga tarqalishdi-yu, lekin hech yerda hech kimni uchratishmadi, faqat yemakxonada hozirgina yeyilgan nonushtaning qoldig‘ini, mehmonxonada esa kamin tokchasida billur ko‘za yonida primus ushlab cho‘qqayib o‘tirgan bahaybat bir qora mushukni ko‘rishdi.

Mehmonxonaga kirganlar bu mushukka mahliyo bo‘lib uzoq vaqt sukutga cho‘mib turib qoldilar.

— Ha-a… chindanam antiqa hol — deb shipshidi kirganlardan biri.

— Sho‘xlik, qitmirlik qilmayman, primus tuzataman, — dedi mushuk tumshaygancha, — yana, mushuk zoti eng qadimiy va daxlsiz maxluq, deb ogoxlantirib qo‘yishni ham o‘z burchim deb bilaman.

— Nihoyatda nozik ishlangan, — deb pichirladi xonaga kirganlardan biri.

— Qani, og‘zi qimirlamay so‘zlovchi daxlsiz mushuk janoblari bu yoqqa marhamat qilsinlar.

Shu zahoti ipak to‘r «shuv» etib havoda yoyildi, lekin to‘r otgan odam nishonni mo‘ljalga ololmay, hammani hayratda qoldirdi, to‘r billur ko‘zaga ilindi, ko‘za yerga tushib chil-chil sindi.

— Yutqizdingiz, — deb baqirdi mushuk, — ura! — shundan keyin primusni bir chetga qo‘yib, orqasidan to‘pponcha chiqardi-da, zum o‘tmay o‘ziga yaqin turgan odamni nishonga oldi. Lekin mushuk o‘q otishga ulgurmasdan oldin u odamning qo‘lidagi mauzerdan o‘t chaqnadi va shu onning o‘zida mushuk panjasidan to‘pponchani tushirib yuborib, primusni tashlab, pastga sho‘ng‘idi va «tap» etib yerga tushdi.

— Adoyi tamom bo‘ldim, — dedi mushuk zaif ovoz bilan va o‘z qoniga belanib chalqancha yotdi, — bir zumgina menga yaqinlashmanglar, zamin bilan vidolashishimga imkon beringlar. O, qadrdonim Azazello! — deb ingradi qoniga belanib yotgan mushuk. — Qaerdasan? — Mushuk so‘nib borayotgan ko‘zlarini yemakxona eshigi tomon qaratdi, — g‘irrom jang paytida menga yordamga kelmading. Sen bir stakan asl nav konyak deb bechora Begemotdan yuz o‘girding! Ha, mayli, mening o‘limimga zomin bo‘lsang ham, senga to‘pponchamni vasiyat qilib qoldiraman…