Havoda sharpa eshitildi, uzun qora rido kiygan Azazello, uning orqasidan izma-iz kelayotgan usta bilan Margarita uchovlari ularni kutib turgan uch suvori yaqinida yerga indilar.
— Sizni, Margarita Nikolaevna, sizni ham, usta, bir oz bezovta qilishimizga to‘g‘ri keldi, — deb gap boshladi Voland bir oz sukunatdan so‘ng, — illo mendan gina qilmassizlar degan umiddaman. Zero bu yerga kelganingizdan afsuslanmaysiz. Qani, bo‘lmasa, — deb u yolg‘iz ustaga murojaat qildi, — shahar bilan vidolashing. Jo‘nashimiz kerak, — shunday deb Voland og‘zi karnaysimon qora qo‘lqop kiygan qo‘li bilan daryo ortiga ishora qildi; u yerda kun bo‘yi oftob taftida cho‘g‘dek qizigan shahardan ko‘tarilgan tuman, tutun, bug‘ quyosh shu’lasidan yaraqlagan behisob derazalar uzra muallaq turib qolgan edi.
Usta otdan sakrab tushib, bir o‘zi jar yoqasiga yugurib ketdi. Egnidagi qora ridoning etagi orqasidan yerga sudralib borar edi. Usta shaharga tikilib turib qoldi. Avvaliga hasratdan uning yuragi zirqirab og‘ridi, lekin bu tuyg‘u bir zumda o‘tib ketib, o‘rnini ko‘ngilga totli g‘uluv soluvchi lo‘lilarga xos darbadarlik tuyg‘usi egalladi.
— Mutlaqo qaytmayman! Buni fahmlash kerak, — deb pichirladi usta va qovjiragan labini yaladi. U o‘z qolbiga quloq solib, u yerda nima bo‘layotganini aniq qayd qila boshladi. Uning qalb hayajoni, nazarida, juda teran va qattiq ranjga aylangandek tuyuldi. Lekin bu ranj beqaror bo‘lib chiqdi, u zumda g‘oyib bo‘lib, takabburona loqaydlik bilan o‘rin almashdi, loqaydlik esa mangu orom tuyg‘usiga aylandi.
Suvorilar ustani sukut saqlab kutib turishardi. Ular qora kiygan bu daroz odamning jar yoqasida turib qilayotgan har xil qo‘l ishoralarini, goh butun shahar osha nigoh tashlab, uning ufq ortidagi tomonni ko‘rmoqchi bo‘lganday boshini adl ko‘tarishini, goh o‘z oyog‘i ostidagi payhon qilingan, qovjiragan giyohlarni o‘rganmoqchi bo‘lganday boshini xam qilishini kuzatardilar.
Nihoyat, yuragi ziq bo‘lgan Begemot sukutni buzdi.
— Ijozat bersangiz, metr, — deb gap boshladi u, — parvoz oldidan vidolashuv hushtagini men chalsam.
— Xonimni cho‘chitib yuborishing mumkin, — dedi Voland, — undan keyin shuni unutmaki, sen bugungi noma’qulchiliklaringni barini qilib bo‘lding.
— O, yo‘q, yo‘q, messir, — dedi egarda amazonkalardek qo‘lini beliga tirab, uzun etagini yergacha tushirib o‘tirgan Margarita, — ruxsat bering unga, mayli, chalsin. Olis safar oldidan ko‘nglimga xiyla g‘ash oraladi. Garchi inson bu safar nihoyasida baxtga mugdarraf bo‘lishini bilsa ham, shunday ko‘ngilg‘ash-lik bo‘lishi tabiiy, to‘g‘rimi, messir? Mayli, bir ko‘nglimni chog‘lasin, bo‘lmasa, safar oldidan yig‘lab yuborib, kayfiyatinglarni buzib qo‘yishim mumkin.
Voland bosh irg‘ab Begemotga ishora qiddi, mushukning ko‘ngli ko‘tarilib, otdan sakrab tushdi va barmoklarini og‘ziga tiqib, lunjini shishirdi-da, hushtak chaddi. Margaritaning qulog‘i shang‘illab ketdi. Uning oti hurkib, ikki oyog‘ini ko‘tardi, o‘rmondagi daraxtlardan quruq shox-shabbalar to‘kiddi, qarg‘a va chumchuqlar gala-gala bo‘lib osmonga ko‘tarildi, burqirab ko‘tarilgan to‘zon daryo tomon uchdi, bandargoh yonidan suzib o‘tayotgan daryo tramvayidagi bir nechta yo‘lovchining boshidan kepkasi uchib suvga tushdi. Usta hushtak ovozidan seskanib ketdi, lekin orqasiga o‘girilmadi, balki qo‘llarini yuqori ko‘tarib, xuddi shaharga tahdid solayotgandek, ularni yana ham jadalroq silkita boshladi. Begemot atrofga mag‘rurona nazar tashladi.
Etirof etaman, hushtak chalindi, — muruvvat ichishdek dedi Korovyov, — darhaqiqat hushtak chalindi, lekin xolisanillo gapiradigan bo‘lsak, o‘rtamiyona hushtak bo‘ldi!
Axir men regent emasman-da, — deb javob qildi Begemot viqor bilan lunjini osiltirib va dabdurustdan Margaritaga ko‘z qisdi.
— Qani, menam bir urinib ko‘ray-chi, yoshlikni eslab, — dedi Korovyov, qoTAarini ishqashab, barmoqlariga tuflarkan.
— Lekin ehtiyot bo‘l, — dedi Voland jiddiy ohangda, — bironta ham shaxsga hech qanday ziyon-zahmat yetmaydigan bo‘lsin!
— Messir, ishoning, — dedi Korovyov qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, — bu hazil, faqat hazil bo‘ladi… — Shunda uning vujudi xuddi rezinadan yasalgandek birdan yuqoriga cho‘zildi, o‘ng qo‘lining barmoqlarini bukib g‘aroyib bir shakl yasadi-da, oldi parma singari chir-chir aylanib, bir o‘ram sochga o‘xshab qoldi, so‘ng qayta yechilib, birdan hushtak chalib yubordi.
Margarita bu hushtakni eshitmadi, balki uni o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi: u o‘zining o‘ynoqi oti bilan birga gaz nariga borib tushgan edi. Ayni paytda shu yerda qad ko‘targan azim tup eman ildiz-pildizi bilan ko‘porilib, qulab tushdi, to daryo bo‘yigacha bo‘lgan yer tors-tors yorilib ketdi. Qirg‘oqning katta bir bo‘lagi yerga joylashgan bandargohu restoran bilan birga sindirilib, daryoga quladi. Daryo ko‘pirib toshdi va daryo tramvayini ichidagi yo‘lovchilar bilan birga narigi yashil past qirg‘oqqa beshikast chiqarib qo‘ydi. Margaritaning hurkib pishqirayotgan oti oyog‘i ostiga Fagotning hushtagidan nobud bo‘lgan bir olaqarg‘a gup» etib kelib tushdi. Bu hushtak ustani cho‘chitib yubordi. U boshini changallagancha, hamroxlari tomon chopib kela boshladi.
— Xo‘sh, — deb murojaat qildi unga ot ustidan Voland, — barcha hisob-kitob qilib bo‘lindimi? Vidolashuv vojib bo‘ldimi?
— Xa, vojib bo‘ldi, — deb javob qildi usta, so‘ng ko‘ngli taskin topib, Volandning yuziga tik va dadil qaradi. Ana shunda Volandning dahshatli ovozi tepalik uzra xuddi Isrofilning suri’ yanglig‘ baralla yangradi:
— Vaqt bo‘ldi! — shundan keyin Begemotning o‘tkir hushtagiyu xandon tashlab kulgani eshitildi.
Otlar olg‘a otildilar va suvorilar samoga parvoz qilib shamoldek uchib ketdilar. Margarita mingan asov ot hadeb suvlug‘ini kemirib, jilovni tortqilardi. Volandning ridosi shamolda yoyilib zulmatga burkanayotgan osmon gumbazi ostida hamma suvorilarga soyabon bo‘ldi. Qora soyabon bir lahzagina yelpinib, fazo beti ochilgan payt Margarita otini uchirib keta turib orqasiga o‘girildi, o‘girildi-yu, endi nainki rango-rang minoralar va ular tepasida charx urib uchib yurgan aeroplan, balki shaharning o‘zi ham allaqachon g‘oyib bo‘lganini ko‘rdi, shahar o‘rnida faqat tuman qolgan edi.
O‘ttiz ikkinchi bob
GUNOHDAN O‘TISH VA MANGU MAKON
O, tangrilar, tangrilarim mening! Oqshom chog‘ida zamin naqadar g‘amgin! Botqoqlar uzra qalqqan tuman g‘oyat sirli. Buni o‘sha mash’um tumanlarda adashgan, o‘limi oldidan ko‘p uqubatlarni boshidan kechirgan, ushbu zamin uzra nihoyatda og‘ir yuk bilan parvoz qilgan odamlargina biladi, Buni yashashdan horigan odam biladi. Shu bois u zamin tumaniniyu uning botqoq va daryolarini aslo afsuslanmay tark etadi hamda o‘zini ajal qo‘liga xotirjamlik bilan topshiradi, chunki u shu ajalgina unga taskin berishini tushunadi.
Sehrli qora otlar ham yuguraverib horishdi, endi ular bazo‘r lo‘killab borardilar, zulmati haq suvorilar ortidan quvib kelib qolgan edi. Hattoki tinib-tinchimas Begemot ham orqasidan quvib kelayotgan qorong‘i tunni his qilib, gung bo‘lib qoldi; u o‘tkir tirnoqlarini egarga botirib, dumini shamodda hilpiratgancha jiddiy qiyofada sukut saqlab uchib borardi. Tun o‘rmonu o‘tloqlar ustiga qora ro‘mol yoparkan, olis-olislarda, pastda ma’yus va xira chiroklarni — Margaritaga ham, ustaga ham endi qizig‘i qolmagan, nokerak va begona chiroqlarni yoqa boshladi. Mana, tun suvorilardan ham o‘zib o‘tdi va ular ustiga zulmat elab, shumshuk samoning goh u, goh bu yeriga yulduzlar otib, oq dog‘lar hosil qila boshladi.