Выбрать главу

Tun tobora quyuqlashar, suvorilar bilan yonma-yon parvoz qilib, ularning ridolarini yelkalaridan yechib olar, soxtaliklarini fosh qilardi. Shu payt ishshi salqin shabbodaga tutib borayotgan Margarita kuzlarini ochib, o‘z manzili sari uchib borayotgan bu suvorilarning qiyofalari o‘zgara boshlaganini ko‘rdi. Osmon ortidan qirmizi to‘linoy suvorilarga peshvoz ko‘tarila boshlaganda esa barcha firiblar barbod po‘ldi, muvaqqat jodugarlik liboslari botqoqlikka tushib, tuman ichida g‘arq bo‘ldi.

Hozir Margaritaning o‘ng qo‘lida, Voland bilan kiftma-kift uchayotgan maxluqqa qarab, uning aslida tarjimonga muhtoj ham bo‘lmagan sirli konsultantning tarjimoni soxta Korovyov-Fagot ekanligiga xech ishonib bo‘lmas edi. Juldur tsirk kiyimida Chumchuk, tepani tark etgan Korovyov-Fagot o‘rnida endi to‘q binafsha rang sovut kiygan, chehrasi hamisha gumshaygan mahzun ritsar otning oltin zanjirdan jalgan jilovini ohista shiqillatib yelib borardi. U iyagini ko‘ksiga tirab olgan, oyga ham qiyo boqmay, poyidagi zaminga ham parvo qilmay, o‘zicha qandaydir xayollarga g‘arq bo‘lib, uchib borardi.

— Voy, nega bunchalik o‘zgarib ketdi u? — deb ohista so‘radi Margarita shamolning g‘uvillashiga jo‘r bo‘lib.

— Bu ritsar bir vaqtlar o‘rinsiz hazil qilib ko‘ygan edi, — deb javob qildi Voland yuzini Margaritaga o‘girib — uning bir ko‘zi ohista yonardi, — uning ziyo va zulmat to‘g‘risida gapirib turib, to‘qigan tajnisi uncha yaxshi chiqmagan edi. Shundan so‘ng u mo‘ljalidan ortiqroq va uzoqroq hazil qilishga majbur bo‘lgan. Lekin bugungi tun ayni hisob-kitob tuni. Ritsar ham orani ochdi qilib, hisobni yopdi!

Tun Begemotning baroq dumini ham uzib, badanining tukini ham yulib oldi va ularni xuddi savag‘ichday titkilab, botqoqliklarga sochib yubordi. Zulmat sultonining masxarabozi bo‘lgan mushuk qotmagina yigitchaga, shayton-mahramga, dunyoda qiyosi yo‘q qiziqchiga aylangan edi. Endi u ham sho‘xlikni tashlab, navqiron yuzini oy shu’lasiga tutgancha jimgina tikilib borardi.

Hammadan chetda Azazello po‘lat aslahalarini yaraqlatib uchib borardi. Oy uning ham chehrasini o‘zgartirgan edi. Uning beso‘naqay, xunuk-bedavo so‘yloq tishi g‘oyib bo‘lgan, ko‘zining g‘ilayligi ham qalbaki bo‘lib chiqqan edi. Uning ikkala ko‘zi ham bir xil, bo‘m-bo‘sh va qop-qora, yuzi esa oppoq va sovuq edi. Endi Azazello o‘zining asl qiyofasiga — qaqragan sahro iblisi, qattol azroil qiyofasiga kirgan edi.

Margarita o‘zini ko‘ra olmasdi, lekin ustaning qanchalik o‘zgarib ketganini aniq ko‘rayotgan edi. Ustaning sochlari endi oy nurida oqarib, ensasida bir o‘ram sochga aylangan va shamolda hilpirab borardi. Shamol uning ridosini uchirgan paytda, baland qo‘njli etigining yulduzsimon shporlari goh so‘nib, goh porlardi. Usta xuddi navjuvon shaytonga o‘xshab ko‘zini oydan uzmay borarkan, unga qarab o‘ziping eng yaxshi, ardoqli tanishidek jilmayar va 118-xonada o‘rgangan odatiga ko‘ra, o‘zicha bir nimalarni g‘o‘ldirardi.

Va nihoyat, Voland ham o‘zining haqiqiy qiyofasiga kirgan edi. U mingan otning jilovi nimadan yasalgan deb so‘ralsa, Margarita aytib bera olmasdi, shu bois uni oy shu’lasidan yasalgan zanjir bo‘lsa kerak deb o‘ylardi, otni esa — quyuqlashgan zulmat, uning yolini — bulut, suvori oyog‘idagi shporlarni — yudduzlarning oq dog‘i deb hisoblardi.

Ular shu zaylda teran sukutda uzoq uchdilar, nihoyat ularning poyi ostidagi zamin ham o‘z qiyofasini o‘zgartira boshladi. Shumshuk o‘rmonlar zulmat qa’riga g‘arq bo‘larkanlar, shamshirning damini eslatib, ko‘zga g‘ira-shira tashlangan daryolarni ham o‘zlari bilan olib ketdilar. Pastda mahobatli dumaloq toshlar yaltirab ko‘rindi, ularning oralari oy yog‘dusi tushmaganligidan zim-ziyo edi.

Voland ot jilovini tortib, uni usti yassi toshtepaga qo‘ndirdi, boshqa suvorilar ham unga ergashishdi; ularning qulog‘iga ot taqalarining tosh va chaqmoqtoshlarga urilgani eshitilardi. Oy bu maydonchani och-yashil shu’la bilan charog‘on qilgan edi, shunga ko‘ra, Margarita bir lahzadan so‘ng bu huvillagan xilvatgohda tosh kursini va upda o‘tirgan boshdan-oyoq oppoq kiyingan odamni ko‘rdi. Bu odam yo kar, yoki juda teran o‘yga tolgan bo‘lsa kerak. Negaki, otlarning poyi ostida toshtepaning larzaga kelganini ham eshitmadi, natijada suvorilar uni hech bezovta qilmay istiqboliga yetib bordilar.

Oy eng yaxshi elektr fonaridan ham yorug‘roq shu’la sochayotgani sababli Margarita kursida o‘tirgan odamning hadeb kaftlarini bir-biriga ishqayotganini, uning so‘qirga o‘xshagan ko‘zlari tikka to‘linoyga qadalganini ko‘rdi. Endi Margarita oy shu’lasidan u yer-bu yeri miltillayotgan zalvarli tosh kursi yonida yotgan quloqlari uchli juda bahaybat bir itni va uning ham o‘z egasi singari oyga bezovta bo‘lib tikilayotganini ko‘rdi.

O‘tirgan odamning oyog‘i ostida singan ko‘zaning sopalaklari sochilib yotar, to‘q-qizil ko‘lmak hanuz qurimagan edi.

Suvorilar otlarini to‘xtatishdi.

— Romaningizni o‘qib chiqishdi, — deb gap boshladi Voland ustaga o‘girilib, — faqat bitta fikr aytishdi: taassufki, roman tugallanmagan. Xullas, men sizga o‘z qahramoningizni ko‘rsatgim keldi. Mana, sal kam ikki ming yildirki, u shu maydonchada uxlab o‘tiradi, lekin ko‘kka to‘linoy qalqqan paytlarda, ko‘rib turibsiz, uyqusizlikdan iztirob chekadi. Uyqusizlik nafaqat uni, shuningdek, sadoqatli soqchisi — itga ham azob beradi. Qo‘rqoqlik — eng og‘ir illat, deganlari agar to‘g‘ri bo‘lsa, bu borada itda gunoh yo‘q. desak bo‘ladi. Zero bu dovyurak ko‘ppak dunyoda faqat bir narsadan — momaqaldiroqdan qo‘rqar edi. Hay, nachora, sevgan odam o‘z sevgilisining qismatiga sherik bo‘lmog‘i lozim.

— U nima deyapti? — deb so‘radi Margarita va xotirjam chehrasida achinish ifodasi namoyon bo‘ldi.

— U mudom bir gapni takrorlayapti, — degan Volandning ovozi yangradi, — oy yog‘du sochganda ham menga tinchlik yo‘q, vazifam — og‘ir vazifa, deyapti, U uxlamagan paytda doim shu gapni takrorlaydi, uxlagan chog‘ida esa, hamisha bitta narsani — oy yog‘dusidan yaralgan yo‘lkani tush ko‘radi; u mana shu yo‘lkada yurib, mahbus Ha-Notsri bilan suhbatlashishni xohlaydi, chunki uning ta’kidlashicha, bir vaqtlar, bahorgi nison oyining o‘n to‘rtinchi kuni unga aytadigan gapini ayta olmay qolgan ekan. Lekin, evoh, o‘sha oydin yo‘lkaga chiqish negadir unga hech nasib bo‘lmayapti, huzuriga ham hech kim kelmayapti. Bas, shunday ekan, iloj qancha, o‘zi bilan o‘zi suhbatlashadida. Ammo uqbatga biron yangilik kiritish kerak-ku, shunga ko‘ra, u oy haqida mulohaza qilarkan, ko‘pincha, hammadan ham o‘z boqiyligim va shon-shuhratimning mislsizligini yomon ko‘raman, deb qo‘shib qo‘yadi. Yana o‘z taqdirimni chuvrindi sayoq Leviy Matveyning gaqdiriga jon-jon deb almashgan bo‘lardim, deb ta’kidlaydi.

— Bir vaqtlardagi bir oy uchun o‘n ikki ming oydan voz kechish — judayam ko‘p emasmi? — deb so‘radi Margarita.

— Yana Frida voqeasi takrorlanyaptimi? — dedi Voland, — qo‘ying, Margarita, aslo hayajonlanmang bu yerda. Hammasi risoladagidek bo‘ladi, dunyo o‘zi shuning zamiriga qurilgan.

— Ozod qiling uni, — deb Margarita xuddi jodugar bo‘lgan paytidagidek birdan jon holatda chinqirib yubordi, bu chinqiriq zo‘ridan tog‘dan tosh ko‘chib, do‘nglikdan do‘nglikka urilib, gumburlagancha tubsiz jar qa’riga tushib ketdi. Bu — jarga qulagan toshning gumburlashimidi yo iblisona qahqahaning jarangimidi, Margarita ayta olmas edi. Nima bo‘lganda ham, Voland Margaritaga kulib boqarkan, shunday derdi:

— Tog‘liq yerda baqirish kerak emas, u ko‘chkiga ko‘nikib qolgan, unga parvo ham qilmaydi. Siz, Margarita, uning yonini olib iltimos qilmay qo‘ya qoling, negaki, boshqa odam, u suhbatlashish ishtiyoqida bo‘lgan odam, allaqachon uning uchun iltimos qilgan, — shu gapdan keyin Voland yana ustaga o‘girilib dedi: — Mana, endi siz romaningizni bitta jumla bilan yakunlashingiz mumkin!