Tosh kursida o‘tirgan prokuratordan ko‘z uzmasdan qimir etmay turgan usta go‘yo shu gapni kutayotganday ikki kaftini og‘ziga karnay qilib, shunday baqirdi-ki, ovozining aks-sadosi bu xilvat va taqir tog‘larda qayta-qayta takrorlandi.
— Ozodsan! Ozodsan! U seni kutmoqda!
Tog‘lar ustaning ovozidap momaqaldiroq bunyod etdilar va shu momaqaldiroq togTarni barbod etdi. Qoya toshlardan tiklangan mal’un devor quladi. Faqat yassi maydonchayu undagi tosh kursi qoldi. Devor qulagan qop-qorong‘i jarlik uzra charog‘on ulkan bir shahar namoyon bo‘ldi, necha-necha ming marta kelib ketgan to‘linoy kechalari davomida gurkurab kamol tongan shahar bog‘i uzra qad ko‘targan ma’budlarning haykallari oltindek tovlanardi. Prokurator shuncha vaqt intizor bo‘lib kutgan o‘sha oydin yo‘lka to‘g‘ri shu bog‘ sari yo‘nalgan edi, quloqlari uchli ko‘ppak birinchi bo‘lib shu yo‘lkadan yugurib ketdi. Astari qirmizi rang oq rido kiygan noib tosh kursidan turib, hirqiroq, bo‘g‘iq ovoz bilan bir nima deb qichqirdi. Lekin uning yigTayottaniniyam, kulayotganiniyam, nima deb qichqirganini ham aniqlab bo‘lmas edi. Uning o‘sha oydin yo‘lkadan o‘z sadoqatli qo‘riqchisi orqasidan yugurib ketganinigina ko‘rishdi, xolos.
— Men uning orqasidan o‘sha yoqqa borishim kerakmi? — deb so‘radi bezovta usta, otining jilovini siltab qo‘yarkan.
— Yo‘q, — deb javob qildi Voland, — adoyi tamom bo‘lgan narsa ortidan quvish na hojat?
— U holda, bu yoqqami? — so‘radi usta orqasiga o‘girilib, yaqindagina o‘zi tark etgan muhtasham minorali monastirlari bo‘lgan, uylarining derazalarida quyosh bo‘lak-bo‘lak bo‘lib aks etgan shahar tomonni ko‘rsatarkan.
— U yoqqa ham emas, — deb javob qildi Voland, shunda uning ovozi quyuqlashib, qoyalar uzra gumburladi, — xayolparast usta! Siz hozirgina ozod qilib yuborgan, ya’ni o‘zingiz kashf etgan qahramon uchrashish ishtiyoqida bo‘lgan odam romaningizni o‘qib chiqqan. — Shundan so‘ng Voland Margaritaga o‘girildi: — Margarita Nikolaevna! Siz usta uchun eng barkamol istiqbol kashf etmoqchi bo‘lgansiz — biz bundan voqifmiz, illo, men sizga taklif qilmoqchi bo‘lgan maslahat, ayni paytda, sizning nomingizdan siz uchun Ieshua iltimos qilgan narsa — yana ham yaxshiroq. Ular ikkovini o‘z holiga qo‘ying, — dedi Voland usta tomonga engashib, prokurator yugurib ketgan tomonni ko‘rsatarkan, — ularga xalal bermaylik. Ehtimol, o‘zlari biron bitimga kelishar, — shundan so‘ng Voland Yershalaim tomonga qarab bir qo‘l siltagan edi, shahar chiroqlari so‘ndi.
— U yoqda ham, — deb Voland orqa tomonga ishora qildi, — nima qilasiz o‘sha podvalda? — Shunda derazalarda aks etayottan oftob parchalari so‘ndi. — Nima hojati bor? — deb davom etdi Voland qat’iy, ammo muloyim ohangda, — o xayolparastlar xayolparasti usga, nahot siz endigina gulga kirgan olchalar tagida o‘z mahbubangiz bilan har kuni sayr qilib yurishni, kechqurunlari esa Shubertning muzikasini tinglashni istamasangiz? Nahot shamlar yorug‘ida patqalam bilan asar yozish sizga huzur bag‘ishlamasa? Nahotki siz Faustga o‘xshab yangi gumonkul’ ixtiro etish niyatida regorta ustida fikr yuritishni xohlamasangiz? O‘sha yoqqa, o‘sha yoqqa yo‘l oling. U yerda sizni o‘z uyingiz, uyingizda keksa xizmatkoringiz kutmokda, shamlar yoqilgan, hademay ular o‘chadi, zero siz yetib borgan zahotingiz tong shafag‘i sizni peshvoz chiqib kutib oladi. Mana bu yo‘ldan, usta, mana bu yo‘ldan boring. Alvido! Men ketdim.
— Alvido! — deb baravar qichqirishdi Margarita bilan usta. Shunda qora ridoga o‘ralgan Voland yo‘l qolib, to‘g‘ri borib tubsiz jar qa’riga quladi, mulozimlari ham uniig orqasidan jarga gumburlab yiqilishdi. Shunda atrofdagi qoyalar ham, maydoncha ham, oydin yo‘lka ham, Yershalaim ham — hammasi g‘oyib bo‘ldi. Qora otlar ham ko‘zdan yo‘qoldi. Shu payt usta bilan Margarita va’da qilingan tong shafag‘ini ko‘rdilar. U shu onning o‘zida, yarim kechada, to‘linoy porlab turgan paytda boshlandi. Usta o‘z mahbubasi bilan birga tongning ilk shu’lasidan bahramand bo‘lib, hammayog‘ini yo‘sin o‘ragan tosh ko‘prikchadan o‘ta boshladilar. Jilg‘a oshiq-ma’shuqlar orqasida qoldi, endi ular qumli yo‘ldan yurib ketdilar.
— Sukunatga quloq sol, — derdi Margarita, uning yalangoyoqlari ostida qum shuvillardi, — hayotingda senga nasib etmagan narsa — sukunatni tinglab huzur qil. Qara, huv ana senga tuhfa etilgan mangu makoning. Uning uch tabaqali derazasini, tomigacha ko‘tarilgan tok navdalarini ko‘ryapman. Mana shu sening uying, mangu makoning. Bilaman, kechqurunlari oldingga o‘zing xush ko‘rgan, seni qiziqtirgan va dilingni og‘ritmaydigan odamlar kelishadi. Ular sen uchun sozlar chalishadi, qo‘shiqlar kuylashadi, shamlar yoqilganida xonangning qanday rangda ekanligini ko‘rasan. Sen har kuni kechqurun yog‘i chiqib ketgan o‘sha abadiy qalpog‘ingni kiyib, lablaringda tabassum bilan pinakka ketasan. Uyqu senga darmon beradi, sen dono mulohazalar yuritasan. Ammo meni endi yoningdan quvib yubora olmaysan. Sening oromingni men muhofaza qilaman.
Shunday derdi Margarita usta bilan birga uning mangu makoni sari borarkan, ustaning nazarida, Margaritaning so‘zlari hozirgina orqada qolgan jilg‘a singari ohista jildirayotgandek eshitilardi, shunda ustaning xotirasi — behisob ukollarga bardosh bergan besaranjom xotirasi asta so‘na boshladi. Kimdir ustani ozodlikka chiqarayotgan edi, xuddi uning o‘zi hozirgina o‘zi yaratgan qahramonini ozod qilgani kabi. Mana, mangu yer qa’riga kirib ketdi o‘sha qahramoni — yakshanbaga o‘tar kechasi gunohi kechirilgan munajjimzoda, Iudeyaning badqahr beshinchi prokuratori chavandoz Pontiy Pilat.
XOTIMA
Xo‘sh, o‘sha shanba oqshomi, kun botar chog‘da Voland o‘z mulozimlari bilan Chumchuq tepadan uchib g‘oyib bo‘lgach, Moskvada nimalar bo‘lgan edi?
Butun poytaxtning aql bovar qilmaydigan mish-mishlardan ancha vaqtgacha xuddi cho‘p tiqilgan ari uyasi kabi g‘uvillagani va bu mish-mishlar ko‘z ochib-yumguncha vaqt o‘tmay, mamlakatning eng yiroq, xilvat go‘shalarigacha yetib borgani haqida gapirib o‘tirmasa ham bo‘ladi, zero o‘sha tuturiqsiz mish-mishlarni takrorlashdan hazar qiladi kishi.
Ushbu haqqoniy satrlarni yozayotgan kamina shaxsan o‘zim poezdda Feodosiyaga ketaturib, Moskvada birvarakayiga ikki ming kishi teatrdan qip-yalang‘och holda ko‘chaga chiqqani va shu ahvolda uy-uylariga taksomotorlarda jo‘nab ketgani haqida o‘z qulog‘im bilan eshitdim.
Sutga navbatda turganlar orasida, tramvaylarda, magazinlarda, kvartiralar va ularning oshxonalarida, ham uzoqqa, ham shahar chekkasiga qatnovchi poezdlardayu ularning bekatlarida, bog‘ hovlilaru plyajlar-da — hamma yerda «Shayton…» deb pichirlagan ovozlar eshitilardi.
Turgan gapki, aholining eng farosatli, eng madaniyatli namoyandalari shayton haqida butun poytaxtga yoyilgan bu gaplardan o‘zlarini chetga olishar va unday mish-mishlar ustidan kulishib, ularni tarqatib yurganlarni tartibga chaqirishga urinardilar. Lekin fakt faktligicha qoladi, deydilar, binobarin, isbotlamasdan turib uni rad etish aslo mumkin emas, kimlardir poytaxtda bo‘lgan. Griboedovning kuyib kul bo‘lgani, undan boshqa yuz bergan yana juda ko‘p voqealar shayton haqida tarqalgan mish-mishlarnipg rostligidan dalolat berib turardi.
Madaniyatli kishilar, bu — o‘z kasbining piri bo‘lgan ko‘zboyloqchi va g‘oyibdan xabar beruvchi romchilar to‘dasining ishi, deb tergov ahlining fikrini tasdiqladilar.
Turgan gapki, bu to‘dani tutish uchun Moskvada ham, undan tashqarida, olis-olis yerlarda ham jadal ravishda, keskin choralar ko‘rildi, biroq ming afsuski, bu tadbirlar hech qanday natija bermadi. O‘zini Voland deb atagan shaxs va uning sheriklari g‘oyib bo‘lishib, shundan keyin Moskvaga ham boshqa qaytib kslishmadi, boshqa hech bir yerda ham qoralarini ko‘rsatishmadi. Natijada, o‘sha Voland xorijga qochgan, degan mulohaza tug‘ildi, lekin u yoqlarda ham undan hech bir darak bo‘lmadi.