Выбрать главу

Voland ishi yuzasidan boshlangan tergov uzoq davom etdi. Axir bu o‘ta qabih ish edi-da! Uning dasti-dan, painki to‘rtta uy yonib kul bo‘ldi, nainki yuzlab odamlar telba bo‘lib qoldi, hatto o‘lganlar ham bor edi. Ulardan ikkitasi haqida: Berlioz bilan anavi Moskvaning diqqatga sazovor yerlari bilan ajnabiylarni tanishtirish byurosining baxti qaro xodimi sobiq baron Maygel haqida dadil gapirish mumkin. Axir, ular chindanam o‘ldirilgan edilar-da. Maygelning kuygan suyaklari Sadovaya ko‘chasidagi uyning 50-kvartirasidan yong‘in o‘chirilgach topildi. Ha, qurbonlar bo‘lgan va bu qurbonlar tergov qilishni talab etardilar.

Lekin Voland poytaxtni tark etib chiqib ketganda keyin ham qurbonlar bo‘ldi, endi, aytishga til bormaydi, qora mushuklarga qirg‘in kela boshladi.

Odamzodga ham vafodor, ham foydali bo‘lgan bu yuvosh jonivorlarning taxminan yuzga yaqini mamlakatning turli yerida otib tashlandi, yoki o‘zga usul bilan mahv etildi. Haddan tashqari rasvoyu raddi balo qilib tashlangan o‘n beshtacha mushuk har xil shaharda militsiya bo‘limiga olib kelindi. Masalan, Armavirda bir grajdanin o‘sha begunoh jonivorlardan birini, oldingi ikki oyog‘ini bog‘lab, militsiyaga sudrab borgan.

O‘sha grajdanin, o‘z odati bo‘yicha, atrofga olazarak bo‘lib, o‘g‘rincha endi o‘zini maysa orasiga urmoqchi bo‘lib turgap mushuk ustiga o‘zini tappa tashlagan-u, uni bog‘lash uchun bo‘ynidan galstugini yecharkan, jahl bilan dag‘dag‘a qilib degan: — Ah-ha! Endi bizning Armavirga ham tashrif buyuriptilar-da, janob ko‘zboyloqchi? Yo‘-o‘q, bu yerda sizdan qo‘rqadigan anoyi yo‘q. O‘zingizni gung qilib ko‘rsatmay qo‘ya qoling. Kimligingiz bizga otning qashqasiday ma’lum!

U grajdanin jonivorning yashil galstuk bilap chambarchas bog‘langan oldingi oyoqlaridan sudrab, uni orqa oyoqda yurishga majbur qilarkan, yo‘l-yo‘lakay undan do‘ng olib borgan. Ko‘chada o‘ypab yurgan bolalar bu holni ko‘rib, qiyqirishib unga ergashishgan.

— Siz, — deb qichqirgan grajdanin, — bas qiling, bas qiling maynavozchilikni! Ovora bo‘lasiz! Xamma odamlarga o‘xshab ikki oyoqda yuravering!

Sho‘rlik qora mushuk esa alam to‘la ko‘zlarini ko‘kka tikkan xolos. Gapirish qobiliyatidan mahrum bo‘lib dunyoga kelgan bu jonivor, turgan gapki, o‘zini oqlashga ojiz edi. Xayriyat, baxti bor ekap, bechorani qutqarib qolishgan. Buning uchun u birinchi navbatda militsiyaga, undan keyin o‘z egasi muhtarama beva kampirga minnatdorchilik bildirishi kerak. Mushukni militsiya bo‘limiga olib borgan grajdaninning g‘irt mastligi bir zumda ma’lum bo‘lgan-u, uning bergan guvoxliklari shubhali bo‘lib tuyulgan. Bu orada mushugini tutib olib ketishganini qo‘shnilaridan eshitgan kampir militsiya bo‘limiga yugurib, ayni vaqtida yetib kelgan. Kampir mushugi haqida ko‘p maqtov so‘zlar aytib, uni besh yildan beri, ya’ni mushuk bolalik paytidan bilishi, unga xuddi o‘ziga ishonganday ishonishi haqida kafolot bergan va mushutining hech qachon hech qanday egri ish qilmagani, Moskvaga ham hech qachon bormaganini dalillar bilan isbotlab bergan. Kampirning aytishicha, mushugi shu Armavirda gug‘ilib, shu yerda o‘sib ulg‘aygan, sichqon tutigadan ham shu yerda saboq olgan.

Nihoyat, mushuk bandilikdan ozod qplinib, egasiga qaytarilgan, lekin xato va tuhmat azobni o‘z boshidan kechirgandan keyingina ozod bulgan u sho‘rlik.

Mazkur nayranglar oqibatida nainki mushuklar, hatto ba’zi odamlar ham juz’iy ko‘ngilsizliklarga duch kelishdi. Hibsga olishlar yuz berdi. Qisqa muddatga qamalganlar orasida: Leningradda — Volman va Vol’per degan grajdanlar, Saratov, Kiev va Xarkovda — Volodin familiyali uch kishi, Qozonda — Volox, Penzada esa mutlaqo noma’lum sabablarga ko‘ra, ximiya fanlari kandidati Vetchinkevich degan odam qamoqqa olindi. Shunisi borki, u daroz bo‘yli, qorachadan kelgan, qora soch odam edi.

Bir grajdaninni Belgorod bekatida Sevastopol poezdidan qo‘llarini bog‘lab olib tushishdi. U o‘z xdmrohlariga qarta o‘yinida alomat fokuslar ko‘rsatayotgan ekan.

Yaroslavlda esa ayni tushlik paytida bir grajdanin hozirgina ustadan olgan primus bilan restoranga kirgan. Ikki eshikog‘asi uni ko‘ra solib, o‘z postlaridan ura qocha boshlaganlar, ular orqasidan esa rsstoran xodimlari va barcha xo‘randalar yugurib qolishgan. Xuddi shu mahal kassir ayolning g‘aladonidagi pulning hammasi noma’lum sabablarga ko‘ra birdan g‘oyib bo‘lgan.

Yana ko‘p hodisalar sodir bo‘lgan — hammasini eslash qiyin. Xullas, aql bovar qilmaydigan ishlar yuz bergan edi.

Tergov ahliga ming ofarin. Ular nainki jinoyatchilarni tutish, shuningdek, ularning barcha kirdikorlarini izohlab berish uchun qo‘llaridan kelgan hamma ishni qilishdi. Xar bitta hodisa izohlab berildi. Biz bu izohlarni g‘oyat bama’ni va rad etib bo‘lmaydigan izohlar deb e’tirof etmay ilojimiz yo‘q.

Tergov ahli va tajribali psixiatorlarning ta’kidlashlaricha, o‘sha jinoyatchi to‘daning a’zolari yoki ulardan birontasi (bu borada ko‘pchilik Korovyovni nazarda tutar edi) o‘zlarini o‘z turgan yerlarida emas, boshqa — soxta yerda turgandek qilib ko‘rsatishga qodir, eng iqtidorli gipnozchilar bo‘lishgan. Bundan tashqari, ular o‘zlariga ro‘para kelgan odamlarga, ayrim buyumu odamlarni haqiqiy turgan yeridan boshqa joyda deb uqdira olishgan va aksincha, odamlarning ko‘zi oldida turgan buyum va shaxslarni ularning nazaridan yashirishga qodir bo‘lishgan..

Shunday izohlar natijasida sodir bo‘lgan hamma hodisa, hattoki odamlarni qattiq hayajonga solgan va izohlash tamomila mushkul bo‘lgan 50-kvartira voqeasi, ya’ni pistoletlardan o‘qqa tutilgan mushukka ne sababdan o‘q kor qilmaganligi ham oydinlashdi.

Tabiiyki, hech qanday mushuk qandilga osilib olmagan va hech bir jonzod u yerdan turib o‘q otmagan, bil’aks, jinoiy ishga qo‘l urgan paytlarda odamlarga o‘z ta’sir kuchini o‘gkazish qobiliyatiga ega bo‘lgan nayrangboz Korovyov o‘q otayotganlarning orqasida turib olib, ularning diliga, mushuk qandilga osilib olib o‘q otmoqda, degan fikrni solgan va ularni mazax qilib bo‘shliqqa qarata o‘q uzishga undagan. Kvartiraga benzin sepib o‘t qo‘yib yuborgan ham shu Korovyovning o‘zi bo‘lgan.

Ma’lumki, Styopa Lixodeev mutlaqo Yaltaga uchib ketmagan (bu nayrang hatto Korovyovning ham qo‘lidan kelmasdi), u yoqdan hech qanaqa telegramma ham yubormagan. U zargar bevasining kvartirasida Korovyov ko‘rsatgan fokusdan (sirkalangan qo‘ziqorinni sanchqiga ilib yeyayotgan mushukdan) qo‘rqib hushidan ketgancha, to Korovyov, masxara qilish maqsadida, uning boshiga kigiz shlyapa kiydirib Moskva aerodromiga jo‘natguncha shu yerda yotgan, ayni paytda Korovyov Styopani kutib chiqqan jinoiy qidiruv vakillarining diliga Styopa Sevastopoldan uchib kelgan aeroplandan tushadi, degan fikrni solgan.

To‘g‘ri, yalta jinoiy qidiruv bo‘limi yalangoyoq Styopani qabul qilib olgani va uning to‘g‘risida Moskvaga telegrammalar yuborganini tasdiqlagan edi, lekin shunga qaramay, o‘sha telegrammalardan birontasining ham nusxasi topilmadi, natijada, gipnozchilar to‘dasi nihoyatda olis masofadagi, nafaqat ayrim shaxslarni, hatto gala-gala odamlarni ham gipnoz qilish qobiliyatiga ega, degan ko‘ngilsiz, lekin nihoyatda sobit xulosa kelib chiqdi bundan. Demak, jinoyatchilar mazkur sharoitda ruhiyasi eng mustahkam odamlarni ham jinni qilib qo‘yishlari mumkin ekan.

Endi, parterda o‘tirgan begona odamning cho‘ntagidan bir dasta qarta chiqqani yoki ayollar egnidagi ko‘ylaklarning g‘oyib bo‘lishi, yoxud miyovlovchi beret va shu kabi qanchadan-qancha ikir-chikir voqealar masalasiga kelsak, ular gapirib o‘tirishga ham arzimaydi! Bunaqa nayrangni, shu jumladan, konferansening boshini uzishdek oddiy nayrangni ham, har qanday o‘rtamiyona mutaxassis-gipnozchi har qanaqa sahnada namoyish qila oladi. Gapiruvchi mushuk ham xamirdan qil sug‘urgandek oson ish. Odamlarga bunday mushukni namoyish qilish uchun g‘oyibdan darak berishga qodir romchilikning dastlabki saboqlarini o‘zlashtirishning o‘zi kifoya. Korovyov mahoratining esa bu dastlabki saboqdan ancha oldinlab ketganiga hech kim shubha qilmaydi.