— Yaxshi, yaxshi, — dedi yasama iltifot bilan Berlioz va telba nemisni qo‘riqlab o‘tirishdek mashaqqatdan sarosimaga tushgan shoir do‘stiga ko‘z qisib qo‘ydi-da, Bronnaya ko‘chasi bilan Yermolaevskiy tor ko‘chasi muyulishiga chiqadigan yo‘lak tomon otildi.
Professor esa darhol sog‘ayib, chehrasi yorishib ketdi.
— Mixail Aleksandrovich! — deb qichqirdi u Berliozning orqasidan.
U seskanib ketib, orqasiga o‘girildi ammo ismi-sharifimni professor bironta gazetada o‘qigandirda, degan xayolga borib, o‘ziga tasalli berdi. Professor esa qo‘llarini og‘ziga karnay qilib qichqirdi:
— Nima deysiz, hoziroq Kievdagi pochchangizga telegramma yuboraverishsinmi?
Yana Berliozning eti jimirlab ketdi. Kievda pochchasi borligini qayoqdan bila qolipti bu telba? Axir bu to‘g‘rida bironta ham gazeta hech qachon yozmagan edi-ku. Voajab, Bezdomniyning shubhasi to‘g‘riga o‘xshaydi shekilli? Ko‘rsatgan hujjati soxta bo‘lsa-ya? Judayam g‘ayritabiiy nusxa. Qo‘ng‘iroq qilish kerak! Darhol qo‘ng‘iroq qilish kerak! Kimligini bir zumda aniqlab olishadi!
Berlioz boshqa hech bir gapga quloq solmay chopa ketdi.
Xuddi shu payt, Bronnaya ko‘chasiga chiqaverishda, skameykadan bir odam muharrirga peshvoz turdi — bu odam boya quyosh shu’lasida quyuq va qaynoq havodan vujudga kelgan grajdaninga quyib qo‘ygandek o‘xshab ketardi. Lekin endi u shisha singari tiniq ham, nafis ham emas, balki oddiy odamlardek jismdan tashkil topgan edi; qosh qoraya boshlagan bu paytda, Berlioz u odamning mo‘ylovi tovuq patiga o‘xshashini, munchokdek kichkina ko‘zlari shirakayf va kinoyali boqayotganini, yuqori tortib kiygan katak-katak matodan tikilgan shimining pochalari ostida esa isqirt oq paypoqlarini aniq ko‘rdi.
Mixail Aleksandrovich cho‘chib orqasiga tisarildi, lekin shu zahoti, ahmoqona o‘xshashlik bu, xolos, umuman hozir bu hakda bosh qotirib o‘tiradigan payt emas, deb o‘ziga taskin berdi.
— Turniket qidiryapsizmi, grajdanin? — deb so‘radi katak shim kiygan nusxa qaltiroq ovoz bilan. — Buyoqqa marhamat qilsinlar! To‘ppa-to‘g‘ri ko‘zlagan yeringizga chiqasiz. Yo‘l ko‘rsatganim evaziga, aslida choraktaga olishim kerak edi sizdan… salomatlikni tiklash uchun… sobiq regent! — nusxa qiyshanglab boshidan jokeylar kepkasini yechgancha, qulochini keng yozib ta’zim qildi.
Berlioz tilanchi va qiyshang‘i regentga quloq solib o‘tirmay, turniket oldiga yugurib bordiyu uni ushladi. So‘ttg uni aylantirib o‘tib, endi tramvay iziga qadam qo‘ymoqchi bo‘lgan edi, ko‘ziga qizil va oq shu’la urildi, shisha qutidagi: «Tramvaydan ehtiyot bo‘l!» — degan yozuv yarq etib yondi.
Shu zahoti Yermolaev tor ko‘chasidan chiqqan tramvay yangi yotqizilgan izdan Broshtaya ko‘chasiga burildi. U muyulishda qattiq bir chiyillab, to‘g‘ri yo‘lga chiqib oldi-yu, birdan ichi elektr shu’lasidan yaraqlab ketib, tezligi oshdi.
Ehtiyotkor Berlioz, garchi bexavotir yerda turgan bo‘lsa ham, qayta turniket g‘altagi orqasiga o‘tib turmoqchi bo‘ldi va uning bandini ushlab, orqasiga bir qadam qo‘ydi. Xuddi shu payt, qo‘li sirg‘alib, g‘altak bandini qo‘yib yubordi, oyog‘i tramvay iziga qiyalab tushgan tosh yo‘ldan xuddi yaxmalak otgandek sirpanib ketdi, ikkinchi oyog‘i yuqoriga ko‘tarilib ketdi-yu, Berlioz tramvay iziga borib tushdi.
U biron nimani ushlab olishga urinib chalqanchasiga yiqildi, ensasi bilan toshga xiyol zarb bilan urildi va shu choq balandda (lekin chap tomopdami yo o‘ngdami — fahmiga bora olmadi) zarrin tusga kirgan oyni ko‘rdi. Shu zahoti u g‘ay-ritabiiy tezlik bilan g‘ujanak bo‘lib yonboshiga o‘girildi, o‘girildiyu o‘zi tomonga nihoyatda zo‘r shiddat bilan o‘qday uchib kelayotgan tramvay haydovchi ayolnipg dokadek oqargan yuzini va boshidagi qizil durrasini ko‘rdi. Berlioz chinqirmadi, ammo butun ko‘cha asllar ovozi bilan jonholatda chinqirib yubordi. Tramvay haydovchi ayol elektr tormozni shaxt tortdi, vagon tumshug‘i bilan yerga enkaydi, bir zumda silkindi, vagon derazalarinipg oynalari dahshatli ovoz bilan chil-chil sipdi. Shu chog‘ Berliozning miyasida kimdir jon achchig‘ida «Nahotki?..» — deb qichqirib yubordi. Uning ko‘zi oldida oy yana bir bor, oxirgi marta lip etib ko‘rindi, lekin u bo‘lak-bo‘laklarga bo‘lina boshlagan edi, so‘ng hammayoq qop-qorong‘i bo‘ldi.
Tramvay kelib Berliozni bosdi, shunda xiyobon atrofini o‘ragan panjara ostiga, tosh terilgan qiyalik tomonga dum-dumaloq qora bir narsa dumalab ketdi. U narsa shu qiyalikdan tushib, Bronnaya ko‘chasiga terilgan toshlar ustidan dumalab ketdi.
Bu Berliozning tramvay uzib yuborgan kallasi edi.
To‘rtinchi bob
TA’QIB
Ayollarning jazavali chinqiriqlari tindi, mili-tsiya hushtaklari ham churullashdan to‘xtadi, ikkita sanitariya mashinasi kelib, biri — cho‘rt uzilgan bosh bilan tanani o‘likxonaga, ikkinchisi — oyna si-niqlaridan jarohatlangan tramvay haydovchi go‘zal ayolni kasalxonaga olib ketdi, oq fartuk tutgan farroshlar oyna parchalarini yig‘ishtirib, qon yuqi qolgan yerlarga qum sepishdi. Ivan Nikolaevich esa turniketga yetib kelolmay, skameykaga qanday yiqilib qolgan bo‘lsa, hamon shu alfozda yotardi.
Bezdomniy o‘rnidan turishga bir necha marta urinib ko‘rdi, lekin oyoqlarida jon yo‘q edi — u shol bo‘lib qolganga o‘xshardi..
Shoir faryod eshitilgan hamonoq turniket tomon yugurgan va tosh ko‘chada kalla dumalab ketayotganini ko‘rgandi. Bu holdan u tamomila esini yo‘qotib, o‘zini skameykaga otganu bilagini g‘archcha tishlab, qonatib yuborgandi. Telba nemis-ku, uniig xayolidan faromush bo‘lgan edi albatta, hozir u faqat bir narsani tushu-nishga urinardi: axir, qanday qilib hozirgina o‘zi suhbatlashib o‘tirgan Berlioz, mana, bir daqiqadan keyin — kallasi.
Shoirning yonidan xiyobon bo‘ylab qattiq hayajonlangan odamlar bir nimalarni gapirib, chopib o‘tishardi, lekin Ivan Nikolaevich ularping gaplarini idrok qilmasdi.
Biroq shoirning oldida ikki ayol kutilmaganda to‘qnashib qoldi-yu, ulardan biri — boshyalang, qirra-burun ayol shoirning shundoqqina qulog‘i ostida shang‘illab ikkinchisiga dedi:
— Annushka bor-u, o‘zimizning Annushka! Sadovayada turadi! Bu o‘shaning ishi! U magazindan bir shisha pista moyi olgan ekan, yo‘lda ehtiyotsizlik qilib shi-shani g‘altakka urib sindiribdi-yu, yog‘ni to‘kib yuboripti! Yubkasi jiqqa yog‘ bo‘lgan… Jahli chiqib biram qarg‘adiki! Anavi sho‘ring qurg‘ur bo‘lsa, o‘sha to‘kilgan yog‘da tayg‘anib, to‘g‘ri tramvay tagiga borib tushipti…. Ayol shang‘illab aytgan so‘zlardan faqat bitta «Annushka» degan so‘z Ivan Nikolaevichning miyasiga o‘rnashib qolgan edi…
— Annushka… Annushka?.. — g‘o‘ldiradi shoir atrofiga olazarak bo‘lib qararkan. — Ie, shoshma, shoshma-chi…
«Annushka» so‘ziga «pista yog‘i» degan so‘z kelib ulandi, undan keyin, negadir «Pontiy Pilat» so‘zlari ham kelib qo‘shildi. Shoir Pilatni xotiradan chiqarib tashlab, so‘zlar zanjirini «Annushka» so‘zi-dan boshladi. Natijada, bu zanjir juda tez ulanib, bir zumda uni telba professorga ro‘para qildi.
Darvoqe! «Majlis bo‘lmaydi, chunki Annushka yog‘ to‘kib yubordi», deb shu nemis aytgan ediku. Mana, marhamat, majlis bo‘lmasligi aniq! Bundan tashqari: Berliozning kallasini ayol kishi oladi, deb u aniq gapirgandi-a?! Ha, ha, ha! Axir tramvay haydovchi ayolmidi? O‘zi nimalar bo‘lyapti, a?
Berliozning mudhish o‘limi tafsilotini maxfiy konsultant oldindan aniq bilganligiga endi zig‘ircha ham shubha qolmagan edi. Shunda shoirning miyasini ikkita mulohaza band etdi. Birinchi mulohaza: «Nemis hech ham jinni emas! Hammasi bema’nilik!» Ikkinchi mulohaza: «Bu falokatni uning o‘zi uyushtir-madimikin?!»