Выбрать главу

Lekin, afv etasiz, qanday qilib uyushtirishi mumkin?

— E, yo‘q! Buni biz aniqlaymiz!

Ivan Nikolaevich butun kuchini ishga solib, skameykadan zo‘r-bazo‘r turdi, turdiyu orqaga — professor bilan suhbatlashgan yeriga otiddi. Xayriyat, u hali ketib qolmagan ekan.

Bronnaya ko‘chasidagi chiroqlar endi yoqilgan, Patriarx ko‘li uzra esa oltinrang oy shu’la sochardi, ana shu, hamisha ko‘zni chalg‘ituvchi oy nurida professor qo‘ltig‘iga hassa emas, qilich qistirib turganday tuyuldi Ivan Nikolaevichga.

Iste’fodagi shilqim regent esa hali yaqinginada Ivan Nikolaevich o‘tirgan joyning o‘zginasida o‘tirardi. Endi regent burniga, behojatligi yaqqol ko‘rinib turgan pensne qo‘ndirgan ediki, uning bir ko‘zi shishasiz, ikkinchi ko‘zidagi shisha esa darz ketgan edi. Berliozni tramvay izi tomon yo‘llagandayoq razil ko‘ringan bu katak shimli odam endi — psnsne taqqach — battar razillashgan edi.

Ivan professorning oldiga yuragi taka-puka bo‘lib yaqinlashdi, so‘ng uning chehrasiga tikilib qarab, hech qanday tslbalik alomati yo‘kliligiga va hech qachon bo‘lmaganligiga iqror bo‘ldi.

— Qapi, rostipi aytipg, kimsiz o‘zi? — bo‘g‘iq ovoz bilan so‘radi Ivan.

Chet ellik shoirni go‘yo birinchi marta ko‘rib turgandek unga o‘shshayib qaradi va sovuqqina javob qildi:

— Meniki tushunmaydi… ruscha gapirish…

— U tushunmaydi! — deb gapga aralashdi regent o‘tirgan yerida, holbuki, hech kim undan chet ellikning gapini izohlashni so‘ramagan edi.

— Mug‘ambirlik qilmang! — deb do‘q qildi Ivan va birdan yuragi shuv etib ketganini his qildi. — Siz hali shu yerda rus tilida juda yaxshi gapirgan edingiz. Siz nemis ham, professor ham emassiz! Siz

— qotil va josussiz! Hujjatlaringizni ko‘rsating! — g‘azab bilan qichqirdi Ivan.

Shubhali professor shundoq ham qiyshiq og‘zini jirkanch bilan burdi, yelkalarini uchirib qo‘ydi.

— Grajdanin! — deb yana oraga suqildi turqi sovuq regent. — Nega siz inturistni bezovta qilyapsiz? Bu ishingiz uchun qattiq javobgarlikka tortilasiz! — Shubhali professor esa takabburona chehra bilan orqasiga o‘girildiyu indamay ketaverdi.

Ivan esankiray boshlaganini sezdi. Nafasi og‘ziga tiqilib regentga yuzlandi:

— Xoy grajdanin, jinoyatchini tutishga yordamlashish! Albatta yordam berishingiz kerak.

Regent birdai g‘ayratlanib, sapchib o‘rnidai turdi va baqirdi:

— Kim jinoyatchi? Qani u? Chet ellik — jinoyatchi? — regentning ko‘zlari sho‘x chaqnab ketdi.

— Anavimi? Agar jinoyatchiligi rost bo‘lsa, birinchi navbatda: «Voydod!» — deb baqirish kerak. Bo‘lmasa, qochib ketadi. Qani, keling, ikkalamiz baravar qichqiramiz! Faqat baravar! — Shunday deb regent og‘zini ochdi.

Esankirab qolgan Ivan hazilkash regentning gapiga ishonib, «Voydod!» — deb qichqirdi, lekin regent uni laqillatib «churq» etmadi.

Ivanning hirqiroq ovozi yaxshi samara bermadi. Xiyobondan o‘tib ketayotgan ikki qiz cho‘chib o‘zlarini chetga olib qochishdi, shunda uning qulog‘iga: «Mastmi, nima balo?» — degan luqma eshitildi.

— E, ha, sen ham u bilan birgamisan hali? — deb baqirdi darg‘azab Ivan. — Hali sen meni mayna qilmoqchi bo‘ldingmi? To‘sma yo‘limni!

Ivan o‘ng tomondan o‘tmoqchi edi, regent ham shu tomonga otildi! Ivan chapga tashlanuvdi — manfur regent ham chapga o‘tdi.

— Sen ataylab yo‘limni to‘syapsan chog‘i? — baqirdi Ivan g‘azabi tobora ortarkan. — Hali seni ham militsiyaga topshiraman!

Ivan nobakor regentning yengidan tutmoqchi bo‘lib hamla qildi, ammo tutolmay, dog‘da qoldi. Regent xuddi yerga kirib ketganday ko‘zdan g‘oyib bo‘lgandi.

Ivanning og‘zi hayratdan lang ochilib qoldi, shu payt u uzoqda ketayotgan manfur notanish odamni ko‘rib qoldi. U Patriarx tor ko‘chasi og‘ziga borib qolgan edi, boz ustiga, u yolg‘iz emas edi. Qanday odamligi mutlaqo noma’lum bo‘lgan boyagi regent professorga hamroh bo‘lib borardi. Bu ham yetmaganday, kutilmaganda qayoqdandir paydo bo‘lgan, to‘ng‘izdek bahaybat, qarg‘adek qop-qora, shopmo‘ylov bir mushuk ular bilan borardi. Uchovlari Patriarx tor ko‘chasi tomon yurishdi, lekin shunisi qiziqki, bu payt mushuk orqa oyoqlarida yura boshladi.

Ivan shu badkirdorlar ortidan yugurdi, ammo ularni quvib yetish juda mushkul bo‘lishini darhol angladi.

Uchovlon zumda tor ko‘chadan o‘tib Spiridonovkaga chiqishdi. Ivan qadamini qancha ildamlatmasin, ta’qib qilinayotganlar bilan o‘zi o‘rtasidagi masofa zig‘irchayam kamaymadi. Shoir ko‘z ochib-yumguncha sokin Spiridonovkadan o‘tib, o‘zini Nikita qopqasi oldida ko‘rdi, bu yerda endi uning ahvoli og‘irlashgan edi. Bu yer shunaqa gavjum ediki, Ivan ba’zi yo‘lovchilarga turtinib ketib so‘kish ham eshitib oldi. Buning ustiga-ustak, badkirdorlar to‘dasi banditlar ko‘p qo‘llay-digan usulni ishlatishga — har tarafga tarqab ketishga qaror qilgandi.

Regent Arbat maydoni tomon o‘qday uchib borayotgan tirband avtobusga sakrab chiqib olib, olomon ichiga xuddi olqindidek suqilib kirdi-yu, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Ta’qib qilinayotganlardan bittasini yo‘qotgan Ivan endi butun diqqatini mushukka qaratdi: bu antiqa mushuk bekatda to‘xtab turgan «A» belgili motorli vagonning pillapoyasi oldiga borib, vagonga chiqa boshlagan bir ayolni chirqillatib tortib tushirdi-da, o‘zi eshik bandini ushlab pillapoyaga chiqib oldi, shundan keyin havo issiq bo‘lgani uchun ochib qo‘yilgan deraza orqali konduktorga yarim tanga pul ham uzatdi.

Mushukning bu raftori Ivanni shunchalar hayratlantirdiki, u muyulishdagi oziq-ovqat magazini oldida dong qotib turib qoldi, lekin shu onning o‘zida u konduktorning xatti-harakatidan ikkinchi marta, yana ham kuchliroq hayratga keldi. Konduktor ayol tramvayga chiqayotgan mushukni ko‘rgan hamonoq jahl bilan, butun vujudi titrab chiyilladi:

— Mushuklarga ruxsat yo‘q! Mushuklar bilan tramvayga chiqish mumkin emas! Pisht! Tush vagondan, bo‘lmasa militsiya chaqiraman!

Bu hodisa, mushukning tramvayga chiqmoqchi bo‘lgani u yoqda tursin, hatto uning kira haqi to‘lashga uringani ham na konduktor ayolni, na passajirlarni ajablantirgandi!

Mushuk nafaqat kira haqi to‘lashga qodir, shuningdek, intizomli hayvon ham bo‘lib chikdi. U konduktor ayolning shang‘illashini eshitgan hamonoq yerga tushib, bekatga cho‘qqayib o‘tirdi va yarim tangali pul bilan mo‘ylovini silay boshladi. Lekin konduktor ayol arqonni tortib, tramvay joyidan jilgan hamonoq mushuk tramvaydan haydab tushirilgan, ammo tramvaydan qolib ketishga hech iloji bo‘lmagan odamday ish tutdi. U uchala vagonni o‘tkazib yuborib, oxirgisining orqa yoyisiga chiqib oldiyu rezinka ichakni changallab ushlagancha safarga jo‘nab qoldi, ayni paytda yarim tanga pulini ham tejab qoldi.

Ivan bu yaramas mushukka alahsib, sal bo‘lmasa, eng muhim jinoyatchi — professorni yo‘qotib qo‘yayozgandi. Lekin u, Ivanning baxtiga, g‘oyib bo‘lishga ulgurmagan ekan. Ivan uning kulrang beretini Bolshaya Nikitskayami yo Gertsen ko‘chasiningmi boshlanish yerida g‘ij-g‘ij oadmlar orasida ko‘rib qoldi. Bir zum o‘tmay Ivanning o‘zi ham o‘sha yerga borib qoldi. Lekin yana omadi yurmadi. Shoir qadamini ildamlatdi ham, yo‘lovchilarni turtib-surtib lo‘killab chopa boshladi ham, lekin baribir professorga bir qarich ham yaqinlasha olmadi.

Ivan, ko‘ngli nechog‘liq g‘ash bo‘lmasin, ta’qibning g‘ayritabiiy tezlikda o‘gayotganidan hayratda edi. Ivan Nikolaevich Nikita qopqasida bo‘lgandan keyin oradan yigirma soniya ham vaqt o‘tmay, darrov Arbat maydoniga yetib olib, son-sanoqsiz chiroqlardan ko‘zi qamashib ketdi. Yana bir necha soniya o‘tdi-yu, Ivan Ni-kolaevich o‘zini yo‘lkalari qiyshayib ketgan qop-qorong‘i bir tor ko‘chada ko‘rdi — bu yerda u birdan gurs etib yiqilib, tizzasini qonatvoldi. Yana charog‘on magistral — Kropotkin ko‘chasi, keyin tor ko‘cha, undan keyin Ostojenka va yana xilvat, irkit, g‘ira-shira yoritilgan tor ko‘cha. Ana shu yerga kelganda Ivan Nikolaevich o‘sha nihoyatda zarur bo‘lgan odamni butunlay ko‘zdan qochirib qo‘ydi. Professor g‘oyib bo‘lgan edi.