Muhimi shuki, hozirgi paytda bu uyning sohibi o‘sha MASSOLIT ediki, baxtiqaro Mixail Aleksandrovich Berlioz Patriarx ko‘li bo‘yiga borgunga qadar shu tashkilotga boshchilik qilar edi.
MASSOLIT a’zolarining sharofati bilan bu uyni hech kim «Griboedov» deb atamas, balki hamma qisqagina qilib «Griboedov» derdi: «Kecha men Griboedovda ikki soat xonama-xona sandiroqlab yurdim». «Xo‘sh, qalay?» «Yaltaga bir oylik putyovka undirdim». «Boplabsan!» Yoki: «Berliozning oldiga bor, bugun u to‘rtdan oltigacha Griboedovda qabul qiladi…» va hokazolar.
MASSOLIT Griboedovga juda qulay va yaxshi joylashgan edi. Griboedovga kirib kelgan har bir odam birinchi navbatda beixtiyor har xil sport to‘ga-raklarining e’lonlari bilan, shuningdek, ikkinchi qavatga olib chiqadigan zina devorlariga osilgan MASSOLIT a’zolarining gruppa-gruppa va yakka-yakka bo‘lib tushgan fotosuratlari bilan tanishardi.
Ikkinchi qavatdagi birinchi xona eshigiga yirik harflar bilan «Baliq ovi va dala hovli sektsiyasi» deb yozilgan bo‘lib, yozuv ostiga qarmoqqa ilingan to-vonbaliqning rasmi chizilgan edi.
2 raqamli xona eshigiga xiyla g‘aliz gap yozilgan edi: «Bir kunlik ijodiy putyovka. M. V. Podlojnyaga murojaat qilinsin».
Undan keyingi eshikdagi yozuv qisqa bo‘lsa ham mutlaqo tushunib bo‘lmasdi: «Pereligino». «Griboedov» ga tasodifan kirib qolgan odam shu yozuvdan keyin adib xolasining yong‘oq yog‘ochidan yasalgan eshiklariga qoqilgan turli-tuman yozuvlarni ko‘rib hang-mang bo‘lib qolardi: «Qog‘oz olmoqchi bo‘lganlarni Poklyovkina navbatga yozadi», «Kassa», «Sketch yozuvchilar uchun xususiy haq to‘lanadi»…
Pastda, binoga kiraverishdan boshlangan uzundan-uzun navbatda turganlarni yoqalab borgan odam: «Uy-joy masalasi» deb yozilgan, odamlar to‘xtovsiz kirib-chiqib turgan eshikka borib to‘xtardi.
Uy-joy masalasi ko‘riladigan xonadan keyin g‘oyat hashamatli plakat ko‘zga tashlanardi, bu plakatda baland qoya, uning cho‘qqisida yelkasiga miltiq ilib, ot choptirib ketayotgan chakmonli suvoriy tasvirlangan edi. Undan pastroqda — palmalar soyasidagi peshayvonda qo‘liga avtoruchka ushlagan kokildor bir yigit judayam o‘tkir ko‘zlarini olis-olis fazoga tikib o‘tirardi. Bu tasvir ostiga shunday so‘zlar yozilgan edi: «Ikki haftadan (hikoya, novella) bir yilgacha (roman, trilogiya) to‘laqonli ijodiy otpuskalar beriladi. Yalta, Sovuq Suv, Borovoe, Sixidziri, Maxipjauri, Leningrad (Qishki saroy)». Bu eshik oldida ham pavbat-da turganlar bor edi, lekin judayam ko‘p emas, taxminan yuz elliktacha kelardi.
Bu yerdan o‘tib, Griboedov uyining serhashamat muyulishlaridan, pastu baland yo‘laklaridan borgan odam: «MASSOLIT Pravleniesi», «Kassalar № 2, 3, 4, 5», «Redaktsioi kollegiya», «MASSOLIT raisi», «Bilyardxona» deb yozilgan eshiklardan o‘tar, shuningdek, MASSOLITning turli-tuman qo‘shimcha idoralarni, nihoyat, yuqorida nomi zikr etilgan xola buyuk jiyanining komediyasini huzur bilan tinglagan o‘sha serustun zalni ko‘rardi.
«Griboedov» ga kirgan har bir odam, agar unda zig‘ircha fahm-farosat bo‘lsa, MASSOLIT a’zolarining qanday baxtiyor hayot kechirishini bir qarashda fahmlab olardi, fahmlardiyu, shu zahoti uning ichini hasad mushuk bo‘lib timdalardi. Shu zahoti u, tug‘ilganimda nega menga ham yozuvchilik iste’dodini ato etmading, degandek achchiq ta’na to‘la ko‘zlarini ko‘kka tikardi, zero, MASSOLIT a’zosining butun Moskva taniydigan, xushhid, asl nav charm qoplangan zarhal hoshiyali jigarrang biletiga muyassar bo‘lishni, turgan gapki, o‘shal yozuvchilik iste’dodisiz orzu ham qilib bo‘lmasdi.
Qani, hasadni yoqlab kim bir og‘iz so‘z ayta oladi? Hasad eng razil hissiyot toifasidandir, lekin shunga qaramay, Griboedovga kelgan mehmonning ahvoliga tushunish kerak. Chunki u yuqori qavatda ko‘rgan narsalar hali daryodan tomchi. Uyning birinchi qavatini butunicha restoran ishg‘ol etgan edi. Yana — restoranmisan, restoran! Vijdonan gapiriladigan bo‘lsa, butun Moskvada eng yaxshi restoran hisoblanardi u. Griboedov nainki qubbali shiftlariga ayyoorona yolli nafarmon otlarning tasviri solingan ikkita ulkan zalga joylashgani bilan, nainki bu yerdagi har bir stolchaga shol ro‘mol soyavonli chiroqlar o‘rnatilgani bilan, nainki unga kirish har qanday o‘tkinchiga nasib bo‘lavermagani bilan, shuningdek, bu yerda tayyorlanadigan ovqatlarning sifati bilan ham Moskvadagi har qanday manaman degan restoranni bir cho‘qishda qochirardi, buning ustiga, bu yerda taomlar kishiga malol kelmaydigan bahoda tortilardi.
Shunga ko‘ra Griboedovning cho‘yan panjarasi yonida mazkur kitob mualliflarining qulog‘iga chalingan quyidagi haqqoniy suhbatning hech ajablanarli yeri yo‘q bo‘lsa kerak:
— Bugun qaerda kechlik qilasan, Amvrosiy?
— Qaerda bo‘lardi, albatta shu yerdada, azizim Foka! Archibald Archibaldovich bugun kechlikka portsiya-portsiya qilib tayyorlangan anatyurel olabug‘a baliqlari bo‘ladi deb shipshidi menga. Quling o‘rgilsin narsada o‘ziyam!
— Yashashning yo‘lini bilasan-da, Amvrosiy! — xo‘rsinib qo‘yib dedi abgor kiyingan, bo‘yniga ho‘ppoz oshgan, cho‘pdek oriq Foka yuzlari do‘mboq, lablari durdoq, sochi oltinrang, barvasta qomat shoir Amvrosiyga.
— Aytarli hech qanday yo‘lni bilmayman, — dedi e’tiroz bilan Amvrosiy, — faqat odamlarday yashashni xohlayman, xolos…
— Uydayam pishirsa bo‘ladi-ku, o‘sha ovqatni, — deb miyilladi Foka.
— Salomatliklari kerak, — deb do‘rilladi Amvrosiy, — uyda o‘sha anatyurel olabug‘a balig‘ini xotining umumiy oshxonada kastryulda pishiradimi? Qoyil-e! Hi-hi-hi!.. Orevuar, Foka! — shundan keyin Amvrosiy qo‘shiq xirgoyi qilgancha soyabon ostidagi yozlik restoranga yo‘l oldi…
Yetar, kitobxon, mavzudan chiqib ketdik! Qani, yana izimdan olg‘a!
O‘sha Berlioz halok bo‘lgan kuni kechqurun soat o‘n yarimda Griboedovning yuqori qavatida faqat bitta xona yoritilgan bo‘lib, u yerda majlisga to‘plangan o‘n ikki nafar adabiyotchi Mixail Aleksandrovichning kelishini kutib, zerikib o‘tirardi.
MASSOLIT Pravleniesi xonasida stullarda, stollarda, hatto ikki deraza raxida o‘tirganlar havoning dimligidan qiynalardilar. Ochiq derazadan qilt etgan shabada kirmas edi. Moskva kun bo‘yi asfalt singdirgan haroratni qaytarar, tunda ham havoning tafti pasaymasligi ko‘rinib turardi.
Uyning podvaliga joylashgan oshxonadan piyoz hidi keldi, shunda xonada o‘tirganlarning tomog‘i qaqrab, hammalari tajang bo‘lib, achchiqlana boshlashdi.
Durustgina kiyingan, yuvosh tabiat, ko‘zlari ziyrak va ayni paytda bejo belletrist Beskudnikov yonidan soatini chiqardi. Soat mili o‘n birga borib qolgan edi. Beskudnikov tsiferblatga chertib qo‘yib, uni shoir Dvubratskiyga ko‘rsatdi, u stol chekkasida tagi rezina sariq tufli kiygan oyoqlarini likillatib o‘tirardi.
— Voy-bo‘-o‘, — deb g‘o‘ldiradi Dvubratskiy.
— Yigitchamiz Klyazmada ushlanib qolgan-ov, — dedi do‘rillagan ovoz bilan Nastasya Lukinishna Nepremenova. Bu adiba moskvalik bir savdogarning yetimchasi bo‘lib, «Shturman Jorj» taxallusi bilan dengiz jangi haqida hikoyalar yozardi.
— Axir bu insofdan emas-da! — deb dangal gapirdi taniqli sketchlar muallifi Zagrivov. — Hozir men ham, bu yerda dimiqib o‘tirgandan ko‘ra, o‘z balko-nimda mazza qilib choy ichib o‘tirgan bo‘lardim. Axir majlis soat o‘nga chaqirilgan emasmidi?
— Hozir Klyazma ko‘p so‘lim joy bo‘lganda, — deb hamkasblarini vasvasaga soldi Shturman Jorj, chunki Klyazma bo‘yidagi adabiyotchilar posyolkasi Pereli-ginoda dam olishni hamma yozuvchilar birday orzu qilishini u yaxshi bilardi. — Hozir u yerda bulbullar sayyorayotgan bo‘lishi kerak. Negaki, men hamisha, ayniqsa, bahor paytida, shahar tashqarisida yaxshiroq ijod qilaman.