Bu tanishtirganlarimizdan birinchisi Moskvadagi eng yirik adabiy uyushmalardan birida (uning qisqartirilgan nomi MASSOLIT edi) pravlenie raisi, ayni paytda bir qalin badiiy jurnalning muharriri lavozimida ishlovchi Mixail Aleksandrovich Berlioz, uning yosh hamrohi esa — shoir Ivan Nikolaevich Poniryov bo‘lib, u o‘z asarlariga Bezdomniy taxallusi bilan imzo chekardi.
Bu ikki adib endigina yashil libos kiya boshlagan jo‘kalar soyasidan panoh topishgan zahoti, ola-bula bo‘yoqlar bilan bo‘yalgan, tepasiga «Pivo va suvlar» deb yozilgan do‘konchaga otilishdi.
Darvoqe, may oyining bu mudhish oqshomida yuz bergan birinchi g‘aroyib holni qayd qilib o‘tmoq lozimdir. Nafaqat do‘koncha oddida, balki Malaya Bronnaya ko‘chasi bilan yonma-yon cho‘zilgan butun xiyobonda bironta ham odam ko‘rinmasdi. Qaqragan tumanga o‘rangan quyosh Moskvani misdek qizdirib, Sadovoe koltso orqasiga botayotgan, hattoki nafas olishga ham majol qolmagan bu chog‘da, jo‘ka daraxti ostiga biron kimsa kelmadi ham, skameykaga o‘tirmadi ham, butun xiyobon bo‘m-bo‘sh edi.
— Narzandan quying, — iltimos qildi Berlioz.
— Narzan yo‘q, — deb javob berdi sotuvchi ayol, negadir ranjiganday bo‘lib.
— Pivo bormi? — deb so‘radi Bezdomniy bo‘g‘iq ovoz bilan.
— Pivo kechqurun keladi, — javob qildi ayol.
— Nimangiz bor? — so‘radi Berlioz.
— O‘rik sharbati, lekin iliq, — dedi ayol.
— Mayli, quying, quying, iliq bo‘lsayam!..
O‘rik sharbati stakanni sap-sariq ko‘pik bo‘lib to‘ldirdi, shunda sartaroshxonaning hidi gupillab dimoqqa urildi. Sharbat ichgan adiblarni birdan hiqichoq tuta boshladi. Ular sharbat haqini to‘lab, Bronnaya ko‘chasiga orqa, hovuzga yuz o‘girib bir skameykaga o‘tirishdi.
Shu mahal ikkinchi g‘aroyib hodisa yuz berdi — bunisi endi yolg‘iz Berliozga taalluqli edi. Uning hiqichoq tutishi birdan to‘xtadi, yuragi bexos dukillab, bir zum qayoqqadir g‘oyib bo‘lganday bo‘ldi, keyin yana o‘rniga qaytdi, ammo endi, yuragi o‘tmas igna qadalganday zirqirab og‘rirdi. Bundan tashqari, Berliozning vujudini kuchli bir dahshat besabab chulg‘ab oldiki, u shu zahotiyoq bu yerdan orqasiga qaramay qochishga jazm qildi. Berlioz, o‘zining nimadan cho‘chiganini bilolmay, parishon holda atrofiga alanglab qaradi. Uning rangi quv o‘chdi, ro‘molchasi bilan peshanasini artarkan: «Nima bo‘ldi o‘zi menga? Hech bunaqa boTmasdim-ku… yurak chatoq… qattiq charchabman. Hamma ishni tashlab, tezroq Kislovodskka jo‘nashim kerak…» — deb ko‘nglidan o‘tkazdi.
Shu mahal uning ko‘zi oldida cho‘g‘dek issiq havo quyuqlashib, undan shishadek shaffof, g‘oyat antiqa qiyofadagi bir grajdanin vujudga keldi. Uning mushtdakkina boshida jokeylar shapkasi, egnida katak-katak matodan bichilgan kalta va o‘zi singari havoyi kamzulcha… Bu grajdanin nihoyatda daroz bo‘lsa ham, yelkalari ensiz, o‘zi cho‘pdek oriq, basharasi, e’tibor bering-a, istehzoli edi.
Berlioz shuncha umr kechirgan bo‘lsa ham g‘aroyibotlarga hech ko‘nika olmasdi. Shu bois, uning battar quti o‘chib, ko‘zlari baqrayib qoldi-yu, sarosimada: «Bunaqa bo‘lishi mumkin emas!..» dedi ichida.
Holbuki, ko‘rayotganlari chin edi, tiniq naynov odam, Berliozning ko‘zi oldida, dam o‘ngta, dam chapga muallaq chayqalib turardi.
Shu choq Berliozning vujudini qattiq dahshat qamrab, ko‘zlarini chirt yumib oldi. Keyin, u ko‘zini ochgan edi, haligi sarob erib, katak kamzulli sharpa g‘oyib bo‘lganini ko‘rdi, ayni paytda, yuragiga botayotgan o‘tmas igna ham vujudidan otilib chiqib ketgan edi.
— Uff, la’nati! — deb yubordi muharrir, — bilasanmi, Ivan, hozir issiqning taftidan sal bo‘lmasa sakta bo‘layozdim! Hatto ko‘zimga har balolar ko‘rina boshladi, — jilmaymoqchi bo‘ldi u, lekin ko‘zlaridagi hayajon uchqunlari hamon o‘chmas, qo‘llari ham qaltirashdan to‘xtamasdi.
Lekin bora-bora uning ko‘ngli taskin topdi; ro‘molchasi bilan yelpindi-da, xiyla dadil ohangda: «Xo‘-o‘sh, shunday qilib…» — deb, o‘rik sharbati ichish paytida uzilib qolgan gapini davom ettirdi.
Gap, keyin ma’lum bo‘lishicha, Iso payg‘ambar to‘g‘risida borayotgan ekan. Masala shundaki, muharrir o‘z jurnalining navbatdagi soni uchun dinga qarshi qaratilgan katta doston yozish haqida shoirga buyurtma bergan edi. Ivan Nikolaevich o‘sha dostonni juda qisqa muddatda yozib tugatgan, ammo, taassufki, doston muharrirni qoniqtirmagan edi. Bezdomniy o‘z dostonidagi asosiy personajni, ya’ni Iso payg‘ambarni o‘ta darajada qora bo‘yoqlar bilan tasvirlasa ham, muharrir dostonni qaytadan yozish lozim deb turib oldi. Shu bois, u shoirning asosiy xatosini qayd qilish maqsadida, unga Iso payg‘ambar to‘g‘risida va’z o‘qiyotgan edi. Ivan Nikolaevichga aynan nima pand berganini — shoir iste’dodining tasvirlash quvvasimi, yo o‘zi yozmoqchi bo‘lgan mavzuning unga tamomila notanishligimi — aniq aytish mahol, lekin uning asarida Iso, garchi o‘ziga mayl uyg‘otmasa ham, tirik personaj sifatida tasvirlangan edi. Berlioz esa shoirga, masala Isoning yaxshi, yomonligida emas, o‘sha Isoning umuman shaxs sifatida dunyoda hech qachon bo‘lmaganligida, unga taalluqli gaplar esa, oddiy uydirmayu afsona ekanligida, deb isbotlamoqchi bo‘lardi.
Shuni aytib o‘tish kerakki, muharrir alloma odam edi, binobarin, Iso payg‘ambarning dunyoda yashaganligi haqida o‘z kitoblarida lom-mim demagan qadimgi tarixchilardan (masalan, mashhur Filon Iskandariy, benazir ma’rifat sohibi Iosif Flaviylardan) nihoyatda mohirlik bilan dalil keltirardi. Mixail Aleksandrovich, o‘zining salmoqli zakovatini namoyish qilib, gap orasida, yana Tatsitning mashhur «Solnomalar» iga to‘xtalib, uning o‘n beshinchi kitobidagi Isoning qatl etilishi bayon qilingan 44-bobni ancha keyinroq ilova qilingan soxta bobdan bo‘lak narsa emasligini aytib o‘tdi.
Muharrir aytayotgan bu gaplarning hammasi shoir uchun yangilik edi, shunga ko‘ra u o‘zining ko‘m-ko‘k, sho‘x ko‘zlarini Mixail Aleksandrovichga tikkancha, uning so‘zlarini diqkat bilan tinglarkan, ahyon-ahyonda hiqichoq tutib, pichirlagancha o‘rik sharbatini la’natlardi.
— Sharkda bironta ham din yo‘qki, — derdi Berlioz, — u bokira bibi Maryamning xudoga ko‘zi yorigani haqida bayon qilmagan bo‘lsin. Shunga ko‘ra xristianlar ham, o‘zga biron yangilik kashf eta olmay, aynan shu sharqona tarzda o‘z Iso payg‘ambarlarini kashf etdilarki, aslida u hech qachon yorug‘ dunyoga kelmagan. Dostonda ham asosiy e’tiborni aynan mana shu narsaga qaratmog‘ing kerak edi…
Berliozning baland ovozi bo‘m-bo‘sh xiyobonda jaranglab eshitilardi, u ilm changalzorining eng quyuq, xilvat yeriga kirib borgan sari (faqat o‘ta alloma odamgina bunday xilvatgohga beshikast kirib borishi mumkin), shoir misrliklarning saxovatli xudosi Samo va Zamin o‘g‘loni Oziris haqida ham, Finikiya xudosi fammuz to‘g‘risida ham, Marduk haqida ham, hatto Meksikaning atstek xalqi uchun bir zamonlar nihoyatda qadrli bo‘lgan, lekin unchalik nom qozonmagan badqahr xudo Vitsliputsli haqida ham tobora ko‘proq va foydaliroq ma’lumotlar ola boshladi.
Mixail Aleksandrovich Vitsliputslining zuvalasini atsteklar xamirdan olganliklari to‘g‘risida endigina hikoya qila boshlagan edi, xiyobonda bir odam ko‘rindi.
Keyinchalik (vaqt o‘tgandan keyin) har xil idoralar bu odamning qiyofasi haqida ma’lumotlar berishdi. Ammo u maTumotlarning muqoyasasi kishini hayron qoldirardi. Chunonchi, birinchi ma’lumotda o‘sha odamning pakana, tilla tishli va o‘ng oyog‘i oqsashi haqida xabar qilingan bo‘lsa, ikkinchisida u odam bahaybat, tishiga platinadan qoplama qo‘ydirgan, chap oyog‘i oqsoq, deyilgan edi. Uchinchi ma’lumotda: u odamning diqqatga molik hech qanday alomati yo‘q, deb lo‘nda qilib yozilgandi.
E’tirof etish kerakki, bu maTumotlarning birontasi ham to‘g‘ri emas edi.
Birinchi navbatda: o‘sha nazarda tutilgan odamning na u, na bu oyog‘i oqsar, na pakana, na bahaybat, hamma qatori norg‘ul edi. Endi uning tishlariga kelsak, chap jag‘ tishlariga platina qoplangan, o‘ng jag‘idagi tishlari tilladan edi. U qimmatbaho kulrang kostyum kiygan, oyog‘idagi xorij tuflisi ham kostyumi rangida edi. Kulrang beretini oliftalardek bir qulog‘i ustiga qiya qo‘ndirgan, qo‘ltig‘iga baroq itning boshini eslatuvchi qora dumaloq tutqichli hassa qistirgandi. Ko‘rinishidan yoshi qirqlardan oshgan. Og‘zi sal qiyshiqroq. Soqol-mo‘ylovi silliq qilib olingan. Qorasoch. Uning o‘ng ko‘zi qora, chap ko‘zi esa negadir ko‘k edi. Timqora qoshlari past-baland — qisqasi, ajnabiy odam edi.