Mamnun Frida Margaritaga ikkala qo‘lini uzatgan edi, lekin Korovyov bilan Begemot epchillik qilishib uning ikki qo‘ltig‘idan olishdiyu — keyin u bir zumda olomon orasida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Endi olomon, go‘yo Margarita turgan maydonchani zabt etishga ahd qilgandek, zinadan zich saf bo‘lib chiqib kelardi. Yalang‘och ayollar frak kiygan erkaklar bilan aralashib ketgan edi. Margaritaning istiqboliga bug‘doy rang, oq, jigar rang va tamoman qop-qora badanlar yaqinlashib kelardi. Ularning malla, qora, qizg‘ish, kul rang sochlariga qadalgan qimmatbaho toshlar behisob chiroqlar shu’lasida tovlanar, yaraqlar, uchqunlar sochardi. Hujumkor erkaklarning ko‘kraklariga taqilgan gavhar to‘g‘nog‘ichlardan o‘t chaqnar — go‘yo bu olomon ustidan kimdir shu’la sochayotgandek. Endi Margarita, tizzasini dam-badam o‘pishayotganini his qilar, dam-badam qo‘lini o‘pishga uzatar, jilmaygan chehrasi niqob kabi qotib qolgan edi.
— Kamina mamnunman, — deb kuylardi Korovyov bir me’yorda, — biz mamnunmiz, qirolicha mamnunlar.
— Qirolicha mamnunlar, — derdi manqalanib orqada turgan Azazello.
— Men xursandman, — deb chinqirardi mushuk.
— Bu markiza, — deb g‘o‘ldirardi Korovyov, — meros deb otasini, ikki akasini va ikki singlisini zaharlab o‘ldirgan! Qirolicha mamnunlar! Minkina xonim, qarang, qanday dilbar ayol! Faqat salgina tajang demasak! Nima hojati bor edi oqsoch qizning yuzini sochni gajak qiluvchi qaychi bilan kuydirishning! To‘g‘ri, bunday sharoitda, odatda, so‘yib tashlashadi! Qirolicha mamnunlar! Qirolicham, bir zum e’tibor bering: imperator Rudolf, sehrgar va kimyogar. Mana, yana kimyogar — dorga osilgan. O, xonim ham keldilar! O, qanday ajoyib fohishaxonasi bor edi uning Strasburgda! Biz mamnunmiz. Bu xonim — moskvalik chevar, bitmas-tuganmas fantaziya sohibasi bo‘lgani uchun biz hammamiz uni sevamiz. U o‘z qaramog‘idagi ateleda juda ham kulgili bir narsa ixtiro qilgan edi: devorda bir juft doira teshik ochib qo‘ygan edi…
— Nima, xonimlar bilishmasmidi? — deb so‘radi Margarita.
— Hammalari bilishardi, qirolicha, — deb javob qildi Korovyov, — men mamnunman. Manavi yigirma yoshli nihoyatda xayolparast va tentak bola go‘daklik paytidan o‘zining antiqa fantaziyalari bilan dovruq taratgan. Uni bir qiz sevib qolgan edi, u esa o‘sha qizni olib borib fohishaxonaga sotgan.
Pastdan chiqib kelayotgan olomon oqimining keti ko‘rinmasdi. Bu oqim manbai mahobatli kamin edi. Shu alpozda oradan bir soat o‘tdi, ikkinchi soat ham boshlandi. Endi Margarita bo‘yniga osilgan zanjirning yanada og‘irlashganini his qildi. Uning qo‘liga ham bir nima bo‘lgan edi. Endi Margarita har gal qo‘lini ko‘tarayotganda og‘rikdan aftini burishtirardi. Korovyovning qiziqarli izohlari uni endi qiziqtirmay qo‘ydi. Qiyiq ko‘zli yalpoq yuzlar ham, oq, qora chehralar ham uni qiziqtirmay qo‘ygan edi, ba’zida bu yuzlar bir-birlariga chaplashib ketganday ko‘rinar, ular oralig‘idagi havo esa negadir jimirlay boshlardi. Birdan Margaritaning o‘ng qo‘li xuddi igna sanchgandek zirqirab og‘riy boshladi, shunda u og‘riqdan tishlarini gijir qilib, tirsagini kursiga qo‘ydi, endi uning orqasidagi zaldan xuddi qush qanotlari patillab devorga urilayotganini eslatuvchi sharpalar eshitilardi: ma’lumki, u yerda tumonat mehmonlar raqs tushishardi. Margaritaning nazarida, bu g‘aroyib zalning mustahkam marmar, koshinkor va billur pollari xuddi qon tomiridek bir me’yorda tepib turganga o‘xshardi.
Endi Margaritani hech qanday qirol ham, gertsog ham, oshiq yigit ham, o‘z joniga qasd qilganlaru erlarini zaharlab o‘ldirganlar ham, dorga osilganlaru qo‘shmachilar ham, qamoqxona nozirlariyu qallob qimorbozlar ham, jallodlar, chaqimchilar, sotqinlar, ovsarlar, ayg‘oqchilaru qizlarning nomusiga tajovuz qiluvchilar ham, hattoki Gay Sezar Kaligula bilan Messalina ham mutlaqo qiziqtirmay qo‘ygan edi. Ularning nomlari Margaritaning miyasida chalkashib ketgan, basharalari bir-biriga chaplashib ulkan bir barkashga o‘xshab qolgan edi, faqat bir bashara — Malyuta Skuratovning olov rang soqol gardishiga o‘ralgan yuzi xotirasiga mahkam o‘rnashib olib, unga azob berardi. Margaritaning tizzalari bukilib-bukilib ketar, og‘riqning zo‘ridan har daqiqa yig‘lab yuborgudek bo‘lardi. Hammadan ham o‘ng oyog‘i qattiq azob berardi unga. Kelgan mehmonlarning hammasi shu oyog‘ining tizzasini o‘pib o‘tishavergandan u shishib, ko‘karib ketgan edi, holbuki Natasha gubka bilan yana allaqanday xushbo‘y narsa ko‘tarib kelib, uning tizzasini bir necha bor artib ketgan edi. Tashriflar boshlanganiga salkam uch soat bo‘lganida Margarita pastga tamoman umidsizlik bilan nigoh tashladi va birdan ko‘zlari quvonib, bir seskanib qo‘ydi: mehmonlar oqimi siyraklasha boshlagan edi.
— Bal qonuni hamma yerda bir xil, qirolicha, — deb pichirlardi Korovyov, — hozir to‘lqin tina boshlaydi. Ont ichib aytamanki, bu bardoshimizning eng oxirgi daqiqalari. Ana, brokenlik ishratparastlar bir to‘da bo‘lib chiqib ketishyapti. Ular hamisha shunaqa eng keyin kelishadi. Ha, o‘shalar. Yana ikkita mast vampir… tamommi? E, yo‘q, ana, yana bittasi. Yo‘q, ikkita ekan!
Zinadan eng oxirgi ikki mehmon chiqib kelardi.
— Ie, bunisi yangiga o‘xshaydi-ku, — dedi Korovyov monokl shishasi orqali ko‘zini suzib qararkan, — e, ha, tanidim. Kunlarning birida Azazello unikiga borib konyakxo‘rlik qilib o‘tirganida, uning qulog‘iga pichirlab bir odamdan qanday qutulish yo‘lini ko‘rsatgan edi, chunki mezbon o‘sha odamning fosh bo‘lishidan juda qo‘rqar edi. Natijada u, Azazelloning maslahati bilan, o‘ziga tobe bo‘lgan bir tanishiga o‘sha odamning kabineti devorlariga zahar purkashni buyuradi.
— Ismi nima uning? — deb so‘radi Margarita.
— Ochig‘i, o‘zim ham bilmayman uning ismini, — dedi Korovyov, — Azazellodan so‘rash kerak.
— Uning yonidagi kim?
— Shu-da uning o‘sha hozirjavob xodimi. Men mamnunman! — deb baralla qutladi Korovyov eng oxirgi ikki mehmonni.
Zina huvillab qoldi. Ehtiyot shart, yana bir oz kutishdi. Ammo kamin ichidan boshqa hech zog‘ chiqmadi.
Margarita bir zumdan keyin o‘zini o‘sha hovuzli xonada ko‘rib, bu yerga qanday kelib qolganiga hayron bo‘ldi-yu, shu zahoti oyoq-qo‘llarining zirqirab og‘riganiga chidayolmay yig‘lab yuborib, yerga yotib oldi. Lekin Gella bilan Natasha uni yupatishib, qonli dush ostiga olib borishdi-da, yana badanini uqalay boshlashdi, shunda Margaritaga qaytadan jon kirdi.
— Yana, yana, qirolicha Margo, — deb pichirlardi uning yonida paydo bo‘lgan Korovyov, — parvoz qilib, zallarni kezib chiqish kerak, toki aziz mehmonlar o‘zlarini e’tiborsiz qolgan deb his etmasinlar.
Shunda Margarita yana hovuzli xonadan uchib chiqib ketdi. Valslar qiroli boshchiligidagi orkestr muzika chalayotgan boyagi estrada sahnasida endi jazavasi tutgan maymunlar jazi quturardi. Bu jazga qo‘liga karnay ushlagan, yonoq soqoli hurpaygan bahaybat gavdali gorilla alpang-talpang raqs tushib dirijyorlik qilardi. Bir qator bo‘lib tizilib o‘tirgan orangutanglar yaraqlagan karnaylarni jon-jahdlari bilan chalardilar. Ularning yelkalariga minib olgan sho‘x shimpanzelar esa garmon chalishardi. Xuddi sherga o‘xshab yoldor ikkita gamadril royal chalar, ammo royallarning ovozi gibbonlar, mandrillar, martishkalar chalayotgan saksafonu skripkayu do‘mbiralar sadosi ostida hech eshitilmasdi. O‘zining epchilligi, bequsur harakati bilan kishini hayratga soluvchi son-sanoqsiz sharpalar, xuddi bir-biriga payvand qilinganday juft-juft bo‘lishib, chir-chir aylangancha, yo‘lida duch kelgan hamma narsani bosib payhon qilgudek, mudom bir tomonga bostirib borardilar. Turfa rang tirik kapalaklar tantsa tushayotgan olomonning boshi uzra sho‘ng‘ir, shiftdan esa gullar yog‘ilardi. Elektr chiroqlari o‘chgan paytda ustunlarning bo‘g‘otlarida tumonat yaltiroq qurtlar miltillar, havoda esa to‘qay chiroqlari suzib yurardi.