Keyin Margarita ustunlar bilan qurshalgan juda ham ulkan hovuzda ko‘rdi o‘zini. Mahobatli qora Neptun haykali og‘zidan pushti rang suyuqlik yelpig‘ichsimon yoyilib, tizillab otilardi. Hovuzdan shampan vinosining sarmast qiluvchi atri gupillab ko‘tarilardi. Bu yerda betakalluf xushchaqchaqlik hukm surardi. Xonimlar qotib-qotib kulishgancha, tuflilarini yechishar, sumkachalarini o‘z juftlariga yoki choyshab ko‘tarib zir yugurib yurgan negrlarga berishib, chinqirishgancha hovuzga sho‘ng‘irdilar. Shunda ko‘pikli to‘lqin balandga otilardi. Hovuzning billur tubida yoqilgan chiroqlar vino qatlamini yorib o‘tib, hovuzda suzib yurgan oppoq badanli xonimlarni yoritardi. Ular hovuzdan g‘irt mast bo‘lib chiqishar, ustunlar poyida ko‘tarilgan qahqaha xuddi hammomdagidek yangrardi.
Mana shu to‘s-to‘polonda faqat g‘irt mast bir ayolning ma’nosiz boquvchi va ayni paytda yolboruvchi ko‘zlari, yana u aytgan bir og‘iz so‘z — «Frida!» — miyaga o‘tirib qolgan edi. Vinoning hididan Margaritaning boshi aylana boshladi, u endigina hovuzli zaldan chiqib ketmoqchi bo‘lgan edi, mushuk bir nayrang ko‘rsatib, Margaritaning diqqatini tortdi. Begemot Neptunning og‘zi oldida qandaydir bir afsun o‘qigan edi, shu zahoti hovuzdagi shampan vinosi shovullab, pishillab g‘oyib bo‘ldi, shundan keyin Neptunning og‘zidan to‘q-sariq rangdagi ko‘pirmaydigan suyuqlik sharillab oqa boshladi. Xonimlar:
— Konyak! — deb chinqirishdi, ayyuhannos solishdi va o‘zlarini hovuz bo‘yidan chetga, ustunlar panasi-ga olib qochishdi. Bir necha soniyadan keyin hovuz lim-lim to‘ldi, shunda mushuk havoda uch marta chirpirak bo‘lib mavjlanayotgan konyakka sho‘ng‘idi. U pishqirib-pishqirib hovuzdan chiqqanida qotirma galstugi shalviragan, mo‘yloviga sepgan zar upa yuvilib ketgan, durbini yo‘qolgan edi. Begemotga faqat nayrangboz tikuvchi ayol bilan uning jufti — notanish bir mulat yigit takdid qilishdi. Ikkovlari konyakka sho‘ng‘ishdi, lekin shu mahal Korovyov Margaritani qo‘ltiqlab oldiyu ikkovlari konyak hovuzini tark etishdi.
Korovyov kuzatuvidagi Margarita yana bal bo‘layotgan zalda ko‘rdi o‘zini, lekin endi tantsa to‘xtagan va mehmonlar olomoni zal o‘rtasini bo‘sh qoldirib, ustunlar oralig‘iga tiqilishgan edi. Margaritani zal o‘rtasidagi ochiq yerda paydo bo‘lgan supachaga chiqarib qo‘yishdi, ammo kim chiqarib qo‘yganini u eslay olmadi. U supachaga ko‘tarilganda qaerdadir soat yarim kechaga jom chala boshladi, buni eshitgan Margarita hayron qoldi, chunki uning taxminicha tun yarmidan og‘ganiga ancha vaqt bo‘lgan edi. O‘sha mavhum soat oxirgi — o‘n ikkinchi marta jom chalishi bilan butun mehmonlar olomoni sukutga toldi. Shunda Margarita yana Volandni ko‘rdi. Uni Abadonna, Azazello va yana Abadonnaga o‘xshab ketuvchi bir nechta qora kiygan yigitlar kuzatib kelishardi. Endi Margarita o‘z supasi qarshisida Voland uchun hozirlangan boshqa bir supani ham ko‘rdi. Lekin Voland u supaga chiqmadi. Margaritani hayratga solgan narsa shu bo‘ldiki, Voland buyuk balning mazkur tantanali intihosiga boya yotoqxonada qanday libosda bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha libosda chiqib kelgan edi. Egnida o‘sha isqirt, yamoq tungi ko‘ylak, oyog‘iga esa to‘zib mayishib ketgan tungi shippak kiygan edi. Qo‘lida yalang‘och shamshir bor edi, ammo Voland undan hassa o‘rnida foydalanib, tayanib turardi. U oqsoqlanib kelib, o‘z supasi yonida to‘xtadi, shu zahoti lagan ko‘targan Azazello uning qoshida paydo bo‘ldi. Bu laganda Margarita old tishlari sinib, og‘zi o‘pirilgan odam boshini ko‘rdi. Zalda benihoya teran sukunat hukm surardi, bu sukunatni ko‘cha eshik qo‘ng‘irog‘i jarangini eslatuvchi, ammo mazkur sharoitga mutlaqo yopishmaydigan qo‘ng‘iroq sadosi faqat bir marta buzdi, xolos.
— Mixail Aleksandrovich, — deb murojaat qildi Voland kallaga, shunda o‘lik kallaning qovoqlari ko‘tarilib, Margarita uning ma’no va ehtiros to‘la tirik ko‘zlarini ko‘rib seskanib ketdi. — Hamma aytganlarimiz ro‘yobga chikdi, shunday emasmi? — deb gapida davom etdi Voland o‘lik kallaning ko‘zlariga tik qaragancha, — kallangizni ayol kishi uzdi, majlis bo‘lmadi, men sizning kvartirangizda yashayapman. Bu — fakt. Faktdan hech qayoqqa qochib qutulib bo‘lmaydi. Lekin endi bizni sodir bo‘lgan shu fakt emas, kelgusida bo‘ladigan voqealar qiziqtiradi. Siz hamisha, odamning kallasi tanasidan judo qilingach, yashashdan to‘xtaydi, xokirobga aylanib yo‘q bo‘lib ketadi, degan nazariyaning qizg‘in targ‘ibotchisi bo‘lgan edingiz. Men sizga o‘z mehmonlarim huzurida, garchi ular mutlaqo o‘zga nazariyani isbotlashga xizmat qilsalar ham, sizning nazariyangiz ham ulug‘vor, ham oqilona ekanligini sizga e’tirof etishdan behad xushbaxtman. Holbuki, hamma nazariyalar ham bir-biridan qolishmaydi. Ular orasida shunday nazariya ham borki, unga ko‘ra har kimning qismati o‘z e’tiqodiga qarab belgilanadi. Hozir ham shunday bo‘la qolsin! Siz yo‘qlik sari mangu rihlat etyapsiz, men esam sizning bosh chanog‘ingizdan yasalgan qadahni borliq uchun ko‘tarishdan o‘zimni baxtiyor hisoblayman. — Voland shamshirini ko‘tardi. Shu zahoti boshning terisi qorayib, burusha boshladi, keyin parcha-parcha bo‘lib to‘kildi, ko‘zlar ham g‘oyib bo‘ldi, bir zum o‘tmay Margarita laganda oltin tirgaklarga urnatilgan zumrad kuzli, inju gishli sarg‘ishrang boshchanoqni ko‘rdi. Boshchanoqning oshiq-moshiqli qopqog‘i o‘z-o‘zidan ochildi.
— Mana, hozir messir, — dedi Korovyov Volandning savol ma’nosida tikilganini ko‘rib, — hozir quzuringizda bo‘ladi u. Men ushbu teran sukunatda uning loklangan tuflisi g‘archini eshityapman, ana u hayotida oxirgi marta shampan vinosi ichib, qadahni stolga «do‘q» etib qo‘ydi. Mana, o‘ziyam keldi.
Zalga yangi bir mehmon kirib, to‘g‘ri Voland tomon yura boshladi. Uning tashqi ko‘rinishi ko‘pchilik erkak mehmonlardan hech farq qilmas edi. Farq faqat bitta edi: mehmon hayajonlanganidan kalovlanib kelardiki, bu uzokdan ham yaqqol ko‘rinib turardi. Uning yonoqlarida qizil dog‘lar lov-lov yonar, ko‘zlari hayajondan olazarak edi. Mehmon esankirab qolgan, bu tabiiy hol edi albatta: bu yerdagi hamma narsa, asosan, Volandning libosi uni hayratga solib qo‘ygan edi.
Biroq mehmon g‘oyat zo‘r iltifot bilan kutib olindi.
— O, azizim baron Maygel, — deb Voland mehmonga ochiq yuz bilan jilmaydi, mehmonning esa qayratdan ko‘zlari kosasidan chiqib ketayozdi. — Men sizlarni, — deb mehmonlarga yuzlandi shunda Voland, — tomoshaxonalar komissiyasida ajnabiylarga poytaxtning diqqatga manzur yerlarini namoyish qiluvchi bo‘lib xizmat qiladigan muhtaram baron Maygel bilan tanishtirish baxtiga musharrafman.
Margarita dong qotib qoldi, chunki Maygelni tanir, Moskva teatrlarida va restoranlarda uni bir pecha marta uchratgan edi. «Ie… — deb o‘yladi Margarita, — demak, Maygel ham o‘lgan ekan-da?» Lekin masala shu zahotiyoq oydinlashdi.
— Qadrli baron, — davom etdi Voland shodiyona tabassum bilan, — benihoya dilbar odamda, qarangki, mening Moskvaga kelganimni eshitib, darhol qo‘ng‘iroq qildi va kaminani diqqatga sazovor yerlar bilan tanishtirishga tayyor ekanligini izhor etdi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, men ham uni o‘z huzurimga taklif qilishdan g‘oyat baxtiyorman.
Shu mahal Azazello boshchanoq qo‘yilgan laganni Korovyovga uzatdi.
— Darvoqe, baron, — deb Voland birdan xuddi sir aytayotgandek ovozini pasaytirdi, — sizni o‘taketgan darajada sinchkov deb aytishyapti. Mish-mishlarga qaraganda, shu xislatingiz, undan aslo qolishmaydigan ikkinchi «fazilatingiz», ya’ni ezmaligingiz bilan qo‘shilib hammaning diqqatini o‘ziga torta boshlaganmish. Bu hali yetmagandek, badkirdor odamlar siz haqingizda, g‘iybatchi, ayg‘oqchi, deb gap tarqatishipti. Ustiga-ustak yana, mana shu sassiq gaplar juda nari borsa bir oy ichida sizni falokatga mubtalo qiladi, degan taxmin bor. Shunga ko‘ra, sizni o‘sha mash’um kunni kutish azobidan xalos etish niyatida, huzurimga imkoni boricha ko‘proq narsalarni kuzatib, ko‘proq gaplarni eshitish maqsadida mehmon bo‘lib kelgan paytingizdan foydalanib, sizga hoziroq yordam qo‘lini cho‘zishga qaror qildik.