Baronning rangi Abadonnanikidan ham oqarib ketdi (Abadonna esa tabiatan dokadek oq edi), keyin alomat bir hodisa yuz berdi. Abadonna baronning ro‘parasida paydo bo‘lib, bir zumgagina ko‘zoynagini yechdi. Ayni shu lahzada Azazelloning qo‘lida bir nima yaraqlab ketdi, xuddi kimdir sekingina chapak chalib qo‘ygandek, bir nima «shap» etdiyu baron yerga chalqanchasiga yiqila boshladi, uning ko‘kragidan tizillab otilayotgan qip-qizil qon ohorlangan ko‘ylagi va nimchasini bo‘yadi. Korovyov boshchanoq — qadahni tizillab otilayotgan qonga tutib, uni to‘lgunicha ushlab turdi-da, so‘ng bu lim-lim qadahni Volandga uzatdi. Bu payt baronning jonsiz jasadi yerda cho‘zilib yotardi.
— Sizlarning sog‘lig‘ingiz uchun ichaman, janoblar, — past ovoz bilan dedi Voland va qadahga labini tegizib qo‘ydi.
Shu payt Volandning qiyofasida o‘zgarish sodir bo‘ldi. Uning yamoq ko‘ylagi bilan mayishib ketgan tuflisi g‘oyib bo‘ldi. Egnida qandaydir qora yelka-po‘sh, belida po‘lat shamshir paydo bo‘ldi. Margaritaning oldiga tez yugurib kelib, unga qadahni tutarkan:
— Ich! — deb buyurdi.
Margaritaning ko‘zi tinib, boshi aylana boshladi, gandiraklab ketdi, lekin bu payt qadah uning labiga olib borilgan va kimdir (kim ekanligini aniqlay olmadi) uning ikki qulog‘iga pichirladi:
— Qo‘rqmang, qirolicha… Qo‘rqmang, qirolicha, qon allaqachon yerga singib ketgan. Qon to‘kilgan yerda endi toklar o‘sib, allaqachon hosilga kirgan. Margarita hamon ko‘zini ochmay, qadahdan bir qultum ichdi, shunda tomirlaridan yoqimli elektr toki oqib o‘tganday bo‘ldi, quloqlari shang‘illadi. Nazarida xo‘rozlar quloqni qomatga keltirgudek kichqirishayotganday, qaerdadir muzika marshi chalinayotganday bo‘ldi. Mehmonlar olomoni qiyofasini yo‘qota boshladi. Frak kiygan erkaklar ham, yalang‘och ayollar ham tutday to‘kilib chiriy boshladilar. Margaritaning ko‘zi oldida bu chirish butun zalni qamrab olgan edi, hammayoqni dahma isi qopladi. Ustunlar quladi, chiroqlar o‘chdi, hamma narsa qovjirab g‘oyib bo‘la boshladi, favvoralar ham, lolalar ham, kameliyalar ham ko‘zdan yo‘qoldi. Shunchaki, aslida bor narsaning o‘zi — zargar xotinining faqirona mehmonxonasi qolgan va uning qiya ochiq eshigidan chiroq shu’lasi tushib turardi. Margarita mana shu qiya ochiq eshikdan kirdi.
Yigirma to‘rtinchi bob
USTANING XALOS ETILISHI
Volandning xobgohi baldan oddin qanday tarzda bo‘lsa, hozir ham shunday edi. Voland tungi ko‘ylakda karavotda o‘tirar, faqat endi Gella uning oyog‘ini uqalamas, balki boya shaxmat o‘ynalgan stolda dasturxon tuzayotgan edi. Korovyov bilan Azazello fraklarini yechib, stol yonida o‘tirishar, mushuk ham shular yonida edi, albatta. Ammo u galstugini, garchi u isqirt uvadaga aylanib ketgan bo‘lsa ham, yechmagan edi. Margarita gandiraklab stolga yaqinlashdi-yu, qo‘llarini unga tiradi. Shunda Voland uni, yana boyagidek imlab, o‘z yoniga taklif qildi.
— Qalay, juda qiynab yuborishdimi sizni? — deb so‘radi u.
— Aslo, messir, — deb eshitilar-eshitilmas javob qildi Margarita.
— Noblesse oblige, — dedi mushuk va cho‘zinchoq stakanga qandaydir tiniq suyuqlik quyib, Margaritaga uzatdi.
— Araqmi? — zaif ovoz bilan so‘radi Margarita. Mushuk ranjib o‘tirgan o‘rnida bir sapchib tushdi.
— Nima deyapsiz, qirolicha, — dedi u xirillab, — nahotki sizga araq tutsam? Bu sof spirt!
Margarita jilmaydi va stakanni o‘zidan nari surib qo‘ymoqchi bo‘ldi.
— Qo‘rqmay ichavering, — dedi Voland, Margarita darrov stakanni qo‘liga oldi, — Gella, o‘tir, — deb buyurdi u, — so‘ng Margaritaga tushuntira boshladi: — To‘linoy kechasi — bu bayram oqshomi. Odatda, men bunday paytda o‘z muqarrib va mulozimlarim bilan tor doirada tanovul qilaman. Xo‘sh, endi o‘zingizni qanday his qilyapsiz? Mashaqqatli bal qanday o‘tdi?
— Qoyilmaqom! — dedi Korovyov shang‘illab, — hamma mahliyo, hamma shaydoyu gado, odobga ham, mahoratu latofatga ham, nazokatga ham boy ekanlar qirolicham!
Voland indamay stakanni ko‘tarib Margarita bilan cho‘qishtirdi. Margarita, hozirning o‘zida adoyi-tamom bo‘laman, deb o‘yladi-yu, lekin itoatkorlik bilan spirtni ichib yubordi. Biroq hech qanday falokat yuz bermadi. Jonli bir suyuqlik qornini qizdirib o‘tdi-yu, ensasiga bir nima urilganday bo‘ldi, keyin uzoq vaqt miriqib uxlagan odamday yana darmonga kirdi, bundan tashqari, o‘zining sayoq itdek ochligini his qildi. Kecha ertalabdan beri tuz totimaganini eslagan edi, ishtahasi badtar ochilib ketdi. U baliq ikrasini qoshiqlab olib, chaynamay yuta boshladi.
Begemot bir bo‘lak ananasni kesib oldi-da, tuz va murch sepib, «xap» etib yeb yubordi, shundan keyin ikkinchi marta bir qadah spirtni shunday ustalik bilan «otib» yubordiki, hamma chapak chalib uni olqishladi.
Margarita ikkinchi qadahni ichib yuborgandan keyin chilchiroqlarning shamlari ravshanroq, kamindagi olov ham gurillab yona boshladi. Margarita sira ham mast bo‘lgani yo‘q. U oppoq tishlarini go‘shtga botirarkan, sardagini huzur qilib yutar va ayni paytda Begemotning ustritsaga xantal surishini tomosha qilardi.
— Sen yana ustiga uzum ham qo‘y, — dedi Gella mushukning biqiniga ohista turtarkan.
— O‘rgatmang menga, — deb javob qildi mushuk, — biz ham ko‘p mehmon ko‘rganmiz, ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin, ko‘rganmiz!
— O, mana shunday o‘choq oldida o‘tirib, odmigina ovqatlanish qanday yaxshi, — deb shang‘illardi Korovyov, — yor-do‘stlar davrasida…
— Yo‘q, Fagot, — deb e’tiroz bildirdi mushuk, — balning o‘z jozibasi, ko‘lami bo‘ladi.
— Hech qanday jozibasi ham, ko‘lami ham yo‘q, bil’aks, anavi ovsar ayiqlar ham, shuningdek, bardagi yo‘lbarslar ham, bo‘kiraverishib quloq-miyamni yeb yuborishdi, — dedi Voland.
— Bosh ustiga, messir, — dedi mushuk, — baski, siz ko‘lam yo‘q degan fikrda ekansiz, men ham shu fikrni qo‘llashga kirishaman.
— Buni qara-ya! — deb qo‘ydi Voland.
— Hazillashgandim, — dedi mushuk mutelik bilan, — yo‘lbarslar masalasiga kelsa, hozir buyuraman — ularni kabob qilishadi.
— Yo‘lbars go‘shtini yeb bo‘lmaydi, — dedi Gella.
— Siz shunday deb o‘ylaysizmi? Unda, mana, eshiting, — dedi mushuk va ko‘zlarini suzgancha, bir paytlar sahroda o‘n to‘qqiz kun yolg‘iz darbadar yurganida o‘zi o‘ldirgan yo‘lbars go‘shti bilan kun kechirganini huzur qilib so‘zlab berdi. Hamma bu g‘aroyib qissani zo‘r qiziqish bilan tingladi, lekin Begemot so‘zlab bo‘lgach, hamma bir ovozdan:
— G‘irt yolg‘on! — deb yubordi.
— Hammadan ham qiziq tomoni shundaki, — dedi Voland, — bu hikoyat — boshdan-oyoq bo‘hton.
— Shunaqami hali? Bo‘hton deng? — deb baqirdi mushuk, hamma uni, hozir e’tiroz bildiradi, deb o‘ylagan edi, lekin u sekingina dedi: — Tarix ajrim qiladi bizni.
— Ayting-chi, — dedi spirt ichib ana tiyraklashgan Margo Azazelloga yuzlanib, — siz anavi sobiq baronni otib tashladingizmi?
— Shak-shubhasiz, — deb javob qildi Azazello, — nega endi uni otmas ekanman? Uni albatta otib tashlash kerak edi.
— Men biram hayajonlandimki! — dedi Margarita, — tasodifan bo‘ldi-da o‘ziyam.
— Buning hech qanday tasodif tomoni yo‘q, — deb e’tiroz bildirdi Azazello, Korovyov esa chiyillab ingray boshladi:
— Axir hayajonlanmay bo‘larkanmi? Meniyam a’zoi badanim «dag‘-dag‘» titrab ketdi! Paq! Tamom! Baron qulab tushdi!
— Men, sal bo‘lmasa, jinni bo‘lib qolayozdim, — deb qo‘shib qo‘ydi mushuk, baliq ikrasi olib yegan qoshig‘ini yalarkan.
— Men bir narsaga tushunmayapman, — dedi Margarita ko‘zlarida billur qandilning zarrin uchqunlari o‘ynab, — nahotki bu yerda bo‘lgan muzikayu balning barcha gumbur-gumburi tashqariga eshitilmagan bo‘lsa?