Выбрать главу

— Ha, eshitilmadi, qirolicha, — deb izohladi Korovyov, — o‘zi bunaqa balni eshitilmaydigan qilib o‘tkazish lozim. Ehtiyotkorlik bilan ish ko‘rish kerak bo‘ladi.

— Ha-da, ha-da… Aks holda bilasizmi, zinada turgan anavi odam… Boya Azazello bilan uning yonidan o‘tib ketdik-ku… o‘sha… Keyin eshik oldida turgan odam ham… Menimcha, u sizning kvartirangizni kuzatib turgan edi…

— To‘g‘ri, to‘g‘ri! — deb qichqirdi Korovyov, — to‘g‘ri, qimmatli Margarita Nikolaevna! Siz mening gumonimni tasdiqlayapsiz. Ha, u kvartirani kuzatib turgan edi. O‘zim ham uni avvaliga bironta parishonxotir privat — dotsent yo ma’shuqasini intizor bo‘lib kutayotgan oshiq bo‘lsa kerak deb o‘ylagan edim, yo‘q, unday emas ekan! Ko‘rdimu ko‘nglim g‘ash bo‘la boshladi! Ah! Rostdanam, u kvartirani kuzatayotgan edi! Eshik oldida turgani ham! Yana bostirma tagida turgani ham!

— Qiziq, sizlarni hibsga olgani kelisharmikin-a? — deb so‘radi Margarita.

— Albatta kelishadi, latofatli qirolicha, albatta! — deb javob qildi Korovyov. — Ko‘nglim sezib turipti — kelishadi, lekin hozir emas, kezi kelganda, albatta, kelishadi. Ammo qiziqarli hech nima bo‘lmaydi menimcha.

— Voy, biram hayajonlanib ketdimki, anavi baron yiqilib tushganida, — dedi Margarita, chamasi, u o‘z umrida birinchi marta ko‘rgan qotillikdan hamon o‘ziga kela olmayotgan edi. — Siz mo‘ljalga yaxshi tekkizsangiz kerak-a?

— Binoyiday, — deb javob qildi Azazello.

— Necha qadamdan? — deb Margarita sal mujmalroq savol berdi Azazelloga.

— Hamma gap nimani mo‘ljalga olishda, — deb jo‘yali javob qiddi Azazello, — masalan, tanqidchi Latunskiyning derazasiga bolg‘a urish boshqayu uning yuragini mo‘ljalga olish butunlay boshqa.

— Yuragini! — dedi Margarita, negadir o‘z yuragiga qo‘lini qo‘yib, — yuragini! — deb takrorladi u hirqiroq ovoz bilan.

— Kim ekan o‘sha tanqidchi Latunskiy? — deb so‘radi Voland Margaritaga ko‘zini suzib qararkan.

Azazello, Korovyov va Begemot istihola qilgandek yerga qaradilar, Margarita esa javob berarkan cho‘g‘dek qizarib ketdi:

— Shunaqa bir tanqidchi bor. Bugun kechqurun men uning butun kvartirasini dabdala qilib tashladim.

— Ana xolos! Nega endi?

— U, messir, — deb tushuntira boshladi Margarita, — bir ustaning umriga zomin bo‘ldi.

— Nima qilardingiz o‘zingiz urinib? — dedi Voland.

— Menga ruxsat eting, messir, — deb sho‘x ohangda chinqirib yubordi mushuk, «dik» etib o‘rnidan turarkan.

— E, o‘tirsang-chi, — deb to‘ng‘illadi Azazello o‘rnidan turarkan, — o‘zim hozir borib kelaman…

— Yo‘q! — dedi Margarita, — yo‘q, o‘tinaman, messir, keragi yo‘q buning.

— Ixtiyoringiz, ixtiyoringiz, — dedn Voland, Azazello yana o‘z o‘rniga o‘tirdi.

— Xo‘sh, biz nimaga kelib to‘xtagan edik, bebaho qirolicha Margo? — dedi Korovev, — e, ha, yurak. Yurakka anavi tekkizadi. — Korovyoz uzun barmog‘ini Azazello tomonga cho‘zib ko‘rsatdi, — buyurtma bo‘yicha yurakning xohlagan bo‘lmasiga yoki uning istagan qorinchasiga tekkizishi mumkin.

Margarita avvaliga tushunmadi, tushungach, hayron bo‘lib dedi:

— Axir o‘sha qorinchalar yopiq-ku!

— Azizam, — dedi Korovyov xirqi ovoz bilan, — qizig‘iyam shunda-da! Ochiq narsaga hamma ham tekkizishi mumkin!

Korovyov stol g‘aladonidan bitta yettilik qarta olib, Margaritaga uzatdi va uning hollaridan birini tirnog‘i bilan belgilab berishni iltimos qildi. Margarita yuqori o‘ng burchakdagi xolni belgiladi. Gella qartani yostiq ostiga yashirdi-da:

— Tayyor! — deb qichqirdi.

Shunda yostiqqa orqa o‘girib o‘tirgan Azazello shimining cho‘ntagidan o‘ziotar qora to‘pponcha olib, o‘girilmay yelkasi osha karavot tomonga o‘q uzdi va Margaritani salgina cho‘chitib yubordi. O‘q teshib o‘tgan yostiq ostidan yettilik qartani olishdi. Undagi Margarita belgilagan xol teshilgan edi.

— Sizga ro‘para kelishni aslo istamasdim to‘pponcha ushlagan paytingizda, — dedi Margarita Azazelloga karashma qilib. Har qanday ishning piri bo‘lgan odamlarga doim zo‘r ehtiros bilan qarardi u.

— Qimmatli qirolicha, — deb chiyilladi Korovyov — qo‘lida hech qanday revolver bo‘lmagan paytda ham Azazelloga ro‘para kelishni hech kimga maslahat bermayman! Sobiq regent va ashulachi sifatida vijdonan ont ichib aytamanki, o‘sha duch kelgan odamning sho‘ri quriydi.

Merganlik tajribasi paytida o‘shshayib o‘tirgan mushuk endi birdan:

— O‘sha yettilik qartada men yangi rekord qo‘yaman, — deb e’lon qildi.

Azazello bunga javoban bir nima deb irillab qo‘ydi. Lekin mushuk o‘z ahdida turib olib, bir emas, ikkita revolver so‘radi. Azazello shimining ikkinchi orqa cho‘ntagidan yana bitta revolver olib boyagi revolver bilan ikkovini maqtanchoq mushukka uzatarkan, zaharxanda bilan labini burib qo‘ydi. Yettilik qartada ikkita xolni belgilashdi. Mushuk yostiqqa orqa o‘girib olib, otishga uzoq vaqt tayyorlandi. Margarita ikkala qulog‘iga barmoqlarini tiqib o‘tirarkan, ko‘zini kamin tokchasida mudrab o‘tirgan boyqushdan uzmasdi. Mushuk ikkala revolverdan baravar o‘q uzdi, shu zahoti Gella jon achchig‘ida chinqirib yubordi, o‘q tegib o‘lgan boyqush soat ustiga qulab tushdi, singan soat to‘xtab qoldi. Bir qo‘li qonga bo‘yalgan Gella faryod ko‘tarib, mushukning yungiga chang soldi, mushuk esa o‘z navbatida uning sochini yumdalay boshladi, oqibat, ikkovi bir-biriga chirmashgancha, polda u yoqdan-bu yoqqa koptokdek yumalay boshlashdi. Stol ustida turgan qadahlardan biri yerga tushib chil-chil sindi.

— Ajratib olsanglarchi mendan manavi quturgan shayton qizni! — deb chinqirardi mushuk, ustiga minib olgan Gelladan qutulishga harakat qilarkan. Urishqoqlarni ajratib qo‘yishdi, Korovyov Gellaning o‘q tekkan barmog‘iga bir marta puflagan edi, barmoq sog‘aydi-qoldi,

— Otolmayman-da axir, gap bilan chalg‘itishgandan keyin! — deb chinqirardi Begemot va ayni paytda yelkasidan Gella yulib olgan bir tutam yungni joyiga yopishtirishga urinardi.

— Garov o‘ynayman, — dedi Voland Margaritaga jilmayib, — jo‘rttaga shunday qildi. Aslida juda yaxshi otadi.

Gella bilan mushuk yarashib, hatto o‘pishib ham olishdi. Keyin yostiq tagidan qartani olib tekshirib ko‘rishdi. Azazello teshgan holdan boshqa bironta holga gard ham tegmagan edi.

— Bunday bo‘lishi mumkin emas, — deb ta’kidlardi mushuk qartani qandil yorug‘iga tutib qararkan.

Shodiyona kechlik davom etardi. Chilchiroqning shamlari asta erib oqar, kamindan gup-gup ufirayotgan quruq va xushbo‘y issiq havo butun xonani qamragan edi. To‘yib ovqatlangan Margarita endi sarxushlik og‘ushida huzur qilib o‘tirardi… Uning hech qayoqqa ketgisi kelmasdi, holbuki, o‘zining taxminicha vaqt allamahal bo‘lgan. Tungi voqealar hisobga olinsa, vaqt ertalabki soat oltiga yaqinlashgan edi. Margarita oraga cho‘kkan sukunatdan foydalanib, Volandga qimtinibgina dedi:

— Endi men boray… Kech bo‘ldi.

— Qayoqqa shoshasiz? — deb so‘radi Voland quruqqina qilib. Ammo qolganlar «miq» etmadi.

— Ha, vaqt bo‘ldi, — deb takrorladi Margarita bunday munsoabatdan yanayam ko‘proq xijolat bo‘lib, u yelkasiga tashlash uchun biron yopinchiq yo plash qidirib atrofiga qaradi. Chunki o‘zining yalang‘ochligidan endi iymana boshlagan edi. U o‘rnidan turdi. Voland karavotda yotgan chuvrindi va qatirma xalatini olib, indamay Margaritaga uzatdi, Korovyov uni Margaritaning yelkasiga tashladi.

— Minnatdorman, messir, — dedi Margarita eshitilar-eshitilmas, so‘ng Volandga savol ma’nosida qarab qo‘ydi. Voland esa o‘z navbatida loqayd jilmayib boqdi. Shunda birdan Margaritaning qalbini mash’um hasrat tuyg‘usi qamrab oldi. U o‘zini addangan deb his qildi. Aftidan, uning badda ko‘rsatgan xizmatlari evaziga hech kim uni hech nima bilan takdirlamoqchi emasga o‘xshaydi, shuningdek, hech kim unga, qoling, deb ham mulozamat qilmayapti. Holbuki, Margaritaning bu yerdan chiqib boradigan yeri yo‘qligi uning o‘ziga kunday ravshan edi. Xayolidan «lip» etib o‘tgan: «Yana o‘sha uyimga qaytib borishimga to‘g‘ri keladi», degan fikr qalbida dohiliy g‘ussa tuyg‘usini uyg‘otib yubordi. Yo Azazelloning Aleksandr bog‘ida bergan vasvasali maslahatiga amal qilib, o‘zi Volanddan so‘rasinmi? «Yo‘q, o‘lsam ham yalinmayman», dedi u o‘ziga-o‘zi.