Выбрать главу

— Seni kechirishdi. Endi senga ro‘molchangni tutqazishmaydi.

Frida qattiq faryod qilib, Margaritaning oyog‘i ostiga, polga xoch shaklida yuz tuban yotdi. Voland bir qo‘l siltagan edi, shu zahoti Frida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

— Minnatdorman sizdan, endi xayr, — dedi Margarita va o‘rnidan turdi.

— Nima deysan, Begemot, — deb gapira boshladi Voland, — shunday bayram kechasida uquvsiz odamning raftoridan manfaat ko‘zlashimiz yaxshimasdir, — u Margaritaga o‘girildi, — bunisi hisob emas, chunki men hech nima qilganim yo‘q. Qani ayting, o‘zingiz uchun nima istaysiz?

Hamma sukutga toldi, bu sukunatni Korvovyov buzdi:

— Oltin donna, — dedi u Margaritaning qulog‘iga pichirlab, — bu gal sal mulohaza bilan ish ko‘ring! Yo‘qsa, baxtingiz qo‘lingizdan chiqib ketishi mumkin!

— Men hozirning o‘zida, shu zahotiyoq o‘z mahbubim — ustani qaytarib berishlarini istayman, — dedi Margarita va qattiq asabiylashganidan yuzi burishib ketdi.

Shu payt xonaga «g‘uv» etib shamol esib kirib, chil-chirokdagi shamlar alangasini bir tomonga yotqizdi, vazmin darpardalar yelpinib, deraza tavaqalari lang ochildi va juda olisda, samoda tonggi emas, tungi oyning porlab turgani ko‘rindi. Deraza etagida tungi oy shu’lasidan ko‘kish poyandoz yozilib, shu poyandoz ustida Ivanushkaning tungi mehmoni — o‘zini usta deb tanitgan odam paydo bo‘ldi. U kasalxona libosida (egnida xalat, oyog‘ida tufli) bo‘lib, hozir ham o‘sha qora qalpoqchasini boshidan qo‘ymagan edi. Uning soqol-mo‘ylovi olinmagan yuzi hadeb tortishar, jununvash ko‘zlari shamlarga zimdan cho‘chinqirab boqardi, oy shu’lasi uni tamomila qamrab olgan edi.

Margarita bir qarashdayoq uni tanidi, qo‘llarini qisirlatib, oh urdiyu uning istiqboliga yugurib bordi. U ustaning peshonasidan, lablaridan o‘par, tikandek tuk bosgan yuziga yuzini qo‘yardi, shu paytgacha tiyib turgan ko‘z yoshlari endi uning yuzidan duv-duv oqa boshladi. U hadeb faqat bir so‘zni ma’nosiz ohangda takrorlardi:

— Sen… sen, sen…

Usta uni o‘zidan chetlatib, bo‘g‘iq ovoz bilan dedi:

— Yig‘lama, Margo, yuragimni ezma. Men qattiq betobman. — U go‘yo derazaga sakrab qochmoqchi bo‘lganday, deraza tokchasiga chang soldi, tishlarini irshaytirgancha, xonada o‘tirganlarga bir-bir qarab chiqib, chinqirib yubordi: — Men qo‘rqyapman, Margo! Yana ko‘zimga allaqanday sharpalar ko‘rina boshladi.

— Yo‘q, yo‘q, yo‘q, — deb pichirlardi entikib-entikib yig‘laganidan nafasi ichiga tushib ketgan Margarita, — hech nimadan qo‘rqma! Men yoningdaman! Yoningdaman!

Korovyov epchillik bilan, sezdirmay ustaga stul surib qo‘ydi, u o‘tirdi, Margarita esa usta oldida tiz cho‘kib, yuzini uning biqiniga bosgancha qimir etmay qoldi. U hayajonlanganidan o‘zining endi yalang‘och emasligini ham sezmadi — uning egnida birdan qora shohi plash paydo bo‘lgan edi. Bemor boshini xam qilgancha, ma’yus va xasta ko‘zlarini yerga tikdi.

— Ha, — deb gap boshladi Voland bir oz sukutdan keyin, — rosa surobini to‘g‘rilashipti uni. Qani, ritsar, — deb buyurdi u Korovyovga, — bu odamga ichgani biron nima ber.

Margarita titroq ovoz bilan yolborardi.

— Ich, ichvor. Qo‘rqyapsanmi? Yo‘q, yo‘q, gapimga ishon, yordam qilishmoqchi senga.

Bemor stakanni olib, undagi suyuqlikni ichib yubordi, lekin qo‘li qaltirab, stakan oyog‘i ostiga tushib, chil-chil sindi.

— Yaxshilikka! Yaxshilikka! — deb pichirladi Korovyov Margaritaning qulog‘iga, — qarang, u o‘ziga kela boshladi.

Darhaqiqat, bemorning nigohidagi yovvoyilik va bejolik yo‘qola boshlagan edi.

— Senmisan, Margo? — deb so‘radi oy yog‘dusida namoyon bo‘lgan mehmon.

— Albatta, menman, — deb javob qildi Margarita.

— Yana! — deb buyurdi Voland.

Usta ikkinchi stakanni bo‘shatgandan keyin ko‘zlari jonlanib, ma’noli boqa boshladi.

— Ana bu boshqa gap, — dedi Voland ko‘zlarini suzib boqarkan, — endi suhbatlashamiz. Kimsiz?

— Endi men hech kim emasman, — dedi usta, shunday deb tirjaygan edi, og‘zi qiyshayib ketdi.

— Hozir qaerdan keddingiz?

— Hasrat uyidan. Men — jinniman, — dedi mehmon.

Bu gapni eshitgan Margarita chiday olmay yana yig‘lab yubordi. Keyin ko‘z yoshlarini artib, chinqirib dedi:

— Qanday mudhish so‘zlar! Mudhish so‘zlar! Messir, sizga shuni aytishim kerakki, bu — usta. Uni darddan forig‘ qiling, mehnatingiz zoe ketmaydi.

— Siz kim bilan gaplashayotganingizni bilasizmi, — deb so‘radi Voland mehmondan, — hozir kimning huzurida o‘tiripsiz?

— Bilaman, — deb javob qildi usta, — jinnixonada Ivan Bezdomniy degan bola yon qo‘shnim edi. O‘sha gapirib beruvdi siz haqingizda.

— E-ha, to‘g‘ri, to‘g‘ri, — dedi Voland, — men u yigitcha bilan Patriarx ko‘li bo‘yida uchrashish baxtiga musharraf bo‘lganman. U sal bo‘lmasa meni ham jinni qilib qo‘yayozgan edi, meni yo‘q deb isbotlashga urinib! Ammo siz ishonarsiz, albatta, bu — chindanam men ekanligimga?

— Ishonishga to‘g‘ri keladi, — dedi usta, — lekin, ochig‘i, sizni qoraxayol1 samarasi deb hisoblash tinchroq bo‘lardi. Meni afv eting, — deb ilova qildi usta birdan hushini yig‘ib olib.

— Ha, yaxshi, tinchroq bo‘lsa, shunday deb hisoblayvering, — dedi Voland muloyimlik bilan.

— Yo‘q, yo‘q, — dedi qo‘rqib ketgan Margarita ustaning yelkasidan ushlab silkitarkan, — esingni yig‘! Ro‘parangda o‘tirgan chindanam o‘sha!

Mushuk bu yerda ham oraga suqildi:

— Mana, men chindanam qoraxayolga o‘xshayman. Oy shu’lasida yon tomonimdan qarang, — mushuk oy yog‘dusidan paydo bo‘lgan uzunchoq yo‘lakka borib turdi va yana bir nima demoqchi bo‘lib og‘iz juftlagan edi, lekin «ovozingni o‘chir» deb buyurishdi unga, shunda u: — Yaxshi, yaxshi, ovozimni o‘chirdim. Men gung qoraxayol bo‘laman, — dedi va jim qoldi.

— Ayting-chi, nega sizni Margarita usta deb ataydi? — so‘radi Voland.

Usta miyig‘ida kulib javob qildi:

— Uning bu raftorini ma’zur ko‘ring. U men yozgan romanni juda yuksak baholagan edi.

— Romaningiz nima haqda?

— Pontiy Pilat to‘g‘risida.

Shunda shamlarning olov tillari yana tebranib, yelpina boshladi, stoldagi idishlar zirillab ketdi. Voland misoli momaqaldiroqdek qah-qah urib kuldi, ammo uning bu qahqahasidan hech kim cho‘chimadi ham, ajablanmadi ham. Begemot negadir chapak chalib yubordi.

— Nima, nima haqda? Kim haqda? — dedi Voland kulishdan to‘xtab. — Shu zamonda-ya? Voajabo! Nima, boshqa mavzu topilmadimi? Qani, ko‘raylik-chi, — Voland kaftini yuqoriga qilib qo‘lini cho‘zdi.

— Afsuski, sizga uni ko‘rsatolmayman, — deb javob qiddi usta, — chunki men uni pechkaga qamab yoqib yuborganman.

— Kechirasiz-u, ishonmayman bunga, — dedi Voland, — bu mumkin emas. Qo‘lyozmalar yonmaydi. — U Begemot tomonga o‘girilib dedi: — Qani, Begemot, uzat bu yoqqa romanni.

Mushuk stuldan «dik» etib turgan edi, hamma uning dasta-dasta qo‘lyozmalar ustida o‘tirganini ko‘rdi. Mushuk eng ustki nusxani ta’zim bilan Volandga uzatdi. Margarita yana hayajondan yig‘lab yuborgudek bo‘lib, dag‘-dag‘ titragancha chinqirib yubordi:

— Ana qo‘lyozmang! Ana u!

U Voland istiqboliga tashlanib zavq-shavq bilan dedi:

— Siz har narsaga qodirsiz, qodirsiz!

Voland qo‘lyozmani olib aylantirib ko‘rdi, so‘ng uni bir chetga qo‘yib, indamay, jiddiy qiyofada ustaning yuziga tikildi. Lekin usta negadir tashvishlanib, bezovta bo‘la boshladi, stuldan turib, qo‘llarini qisirlatdi, vujudi dag‘-dag‘ qaltirab olis fazodagi oyga yuzlangancha g‘o‘ldiray boshladi: