Выбрать главу

Oq nimcha kiygan ajnabiy ortiq churq ham etmay o‘zining xuddi avtobusning tutqichiga o‘xshagan qattiq va sovuq barmoqlari bilan Annushkaning bo‘yniga chang solib, uni xippa bo‘g‘di. Annushkaning qo‘lidan bitoni tushib ketdi. Nimcha kiygan ajnabiy bir necha fursat Annushkaning nafas yo‘lini shu tarzda bo‘g‘ib turib, so‘ng qo‘lini uning bo‘ynidan oldi. Annushka entikib-entikib nafas olgach, jilmayib dedi:

— E-e, taqacha deng? Mana, hozir! Siznikimidi bu taqacha? Qarasam, yerda ro‘molchaga o‘rog‘liq yotipti… Men, yana bitta-yarimta ilib ketmasin, deb ataylab yashirib qo‘ydim, birov ilib ketsa bormi, ikki dunyoda ham topa olmasdingiz!

Ajnabiy ro‘molchaga o‘ralgan taqachani olgach, Annushkaga quyuq ta’zim qilib, qo‘lini mahkam sikdi, chet elliklarga xos talaffuz bilan unga qizg‘in minnatdorlik bildira boshladi:

— Sizdan behad minnatdorman, madam. Bu taqacha yodgorlik sifatida qadrli men uchun. Binobarin, buni asrab qolganingiz uchun ijozatingiz bilan sizga ikki yuz so‘m mukofot bersam. — Shunday deb u darhol nimchasining cho‘ntagidan pul chiqarib, Annushkaga uzatdi.

U zo‘rma-zo‘raki jilmayarkan, nuquclass="underline"

— O, chin qalbimdap tashakkur aytaman sizga! — deb chiyillardi. — Mersi! Mersi!

Saxovatli ajnabiy bir sakrashning o‘zida zinaning keyingi maydonchasiga tushdi, lekin butkul ko‘zdan g‘oyib bo‘lishidan oldin pastdan turib (endi talaffuzsiz) qichqirdi:

— Sen, jodugar kampir, agar bundan keyin yana birovning buyumini yerdan topsang, qo‘yningga yashirmasdan, darrov militsiyaga topshir!

Zinada sodir bo‘lgan bu hodisalardan miyasi g‘ovlab, tinimsiz g‘uvillayotganini his qilgan Annushka yana ancha mahalgacha beixtiyor qichqirishda davom etdi:

— Mersi! Mersi! Mersi! — ammo ajnabiyning allaqachon qorasi o‘chgan edi.

Endi hovlida mashina ham yo‘q edi. Azazello Volandning sog‘asini Margaritaga qaytarib bergach, yaxshi joylashib o‘tirdingizmi, deb so‘radi va u bilan xayrlashdi. Gella esa xayrlashuv oldidan Margaritani cho‘lpillatib o‘pdi, mushuk uning qo‘lini o‘pib xayrlashdi, kuzatuvchilar o‘rindiqning bir burchagida jonsiz jasaddek «qilt» etmay o‘tirgan usta bilan qo‘l silkishib xayrlashishdi, keyin qarg‘aga ham qo‘l silkishdiyu o‘zlaripi urintirib zinadan chiqib borishni xohlamay, shu zahoti havoda erib g‘oyib bo‘lishdi. Qarg‘a mashina chiroqlarini yoqib, uni soqchilik qilayotgan odam dong qotib uxlab o‘tirgan bostirma ostidan haydab chiqdi. Shundan keyin bu ulkan qora mashinaning chiroqlari sershovqin va bedor Sadovaya ko‘chasidagi behisob chiroqlarga qorishib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

Yana bir soatdan keyin Margarita Arbatga tutashgan tor ko‘chalarning biridagi mo‘jazgina uy podvalining birinchi xonasida (bu yerdagi hamma narsa o‘tgan yilgi kuzning o‘sha dahshatli tuniga qadar qanday bo‘lgan bo‘lsa, shundayligicha qolgan edi) duxoba dasturxon yozilib, ustiga soyabonli lampa, lampa yoniga marvaridgul solingan guldon qo‘yilgan stol ortida o‘tirar va boshiga tushgan hayajonu baxtdan tovushsiz yig‘lardi. Uning qarshisida olov yamlab tashlagan daftar yotar, bu daftar yonida qo‘l tegmagan bir dasta daftar taxlanib turardi. Butun uy sukutta tolgan. Qo‘shni xonadagi divanda ustiga kasalxona xalati yopilgan usta bir me’yorda tovushsiz nafas olib mast uyquda yotardi.

Margarita yig‘lab-yig‘lab yuragini bo‘shatgach, qo‘l tegmagan daftarlarni o‘qishga kirishdi. U Kreml devori ostida Azazello bilan uchrashishidan oldin uyida qayta-qayta o‘qigan joyni topdi. Margaritaning uxlagisi kelmasdi. U qo‘lyozmani xuddi yoqimtoy mushukni silaganday silar, uni har tomonini aylantirib tomosha qilarkan, dam uning zarvarag‘iga tikilib qolar, dam orqa betiga ko‘z tashlardi. Shunda birdan uning ko‘ngliga, bularning hammasi bir jodugarlik, hozir bu daftarlar g‘oyib bo‘ladiyu o‘zimni yana uyim yotoqxonasida ko‘raman, ana unda uyqudan uyg‘ongan zahotim suvga cho‘kib o‘lish uchun daryo bo‘yiga borishimga to‘g‘ri keladi, degan dahshatli fikr keldi. Lekin bu eng so‘nggi dahshatli fikr bo‘lib, u Margarita uzoq vaqt o‘z boshidan kechirgan og‘ir iztiroblarning aks-sadosi edi. Hech nima g‘oyib bo‘lmadi, iqtidorli Voland chindan ham qudratli ekan, Margarita ko‘ngliga siqqancha, hattoki tong otgunga qadar ham daftarlarni varaqlab, ularga ko‘z yugurtirib, sahifalarini o‘pib, undagi so‘zlarni qayta-qayta o‘qib o‘tirishi mumkin edi:

— O‘rtaer dengizi yoqdan bostirib kelgan zulmat prokuratorga manfur bo‘lgan shaharni burkab oldi… Ha, O‘rtaer dengizi….

Yigirma beshinchi bob

PROKURATORNING KIRIAFLIK IUDANI QUTQARMOQCHI BO‘LGANI

O‘rtaer dengizi yokdan bostirib kelgan zulmat prokuratorga manfur bo‘lgan shaharni burkab oldi. Jomeni dahshatli Antoniy minorasi bilan ulagan muallaq ko‘priklar g‘oyib bo‘ldi, osmondan tushgan quyuq zulmat hippodrom uzra qanot yozgan ma’budlarning haykallarini, Xasmoney qasrini va uning shinaklarini, bozorlarni, karvonsaroylarni, ko‘chalar va hovuzlarni qamrab oldi… Azim shahar — Yershalaim go‘yo hech qachon dunyoda bo‘lmaganday ko‘zdan yo‘qoldi. Yershalaim va unipg atrofida tirik jon borki, hammasiga zulmat tahdid soldi va bitta qo‘ymay yutib yubordi. Bahorgi nison oyining o‘n to‘rtinchi kuni kechki payt dengiz tomondan juda alomat bulut bostirib kelgan edi.

Bulut Taqir Boshchanoqni — jallodlar qatllarga shosha-pisha nayza sanchib o‘ldirayotgan o‘sha Taqir Tepani — butkul burkab oldi. U yana ayni paytda Yershalaimdagi jomeni ham chulg‘ab oldi, so‘ng u joylashgan tepalikdan misoli tutundek burqsab oqib tushib, Quyi Shaharni ham butkul qamradi. U uy darchalaridan oqib kirar va qing‘ir-qiyshiq ko‘chalarda yurgan odamlarni uy-uylariga quvib kiritardi. U o‘z obi-rahmatini quyishiga shoshilmas, hozircha faqat shu’la sochardi. Chaqmoq chaqilib, qora bo‘tqani eslatuvchi bulutni chok qilishi bilan quyuq zulmat og‘ushidan tomi baliq tangalarini eslatuvchi jomening xmahobatli qomati qad ko‘tarardi. Lekin chaqmoq bir zumda so‘nardiyu jome yana zulmat qa’riga g‘arq bo‘lardi. Jome binosi shu zayl bir necha taqir zulmat qo‘ynidan otilib chiqib, yana shu zulmatga sho‘ng‘idi, lekin uning har sho‘ng‘ishini momaqaldiroq mudhishona gumburlab kuzatdi…

Jala kutilmaganda sharros quyib yubordi, shunda momaqaldiroqdan quyun vujudga keldi.

Prokurator bilan hazrati buzruk boya choshgohda suhbat qurgan bog‘dagi marmar o‘tirg‘ich yonida hozir misoli zambarakdek gumburlagan yashin bir tup sarv daraxtini xuddi bir cho‘pdek cho‘rt sindirdi. Bo‘ron ustunlar poyiga — balkonga yomg‘ir va do‘l bilan birga atirgullaru magnoliya yaproqlarini uzib, shox-shabbalar va qum to‘zoni bilan uchirib kelardi.

Bu mahal ustunlar poyida faqat bir kishi bor edi, u ham bo‘lsa prokurator edi.

Endi u kresloda o‘tirmas, balki chorpoyada yonboshlab yotardi, chorpoya oldida turgan xontaxtaga turli noz-ne’matlaru may to‘ldirilgan ko‘zalar qo‘yilgan edi. Xontaxtaning narigi tomonida ikkinchi chorpoya bor edi. Prokuratorning oyog‘i ostida qizil ko‘lmak bo‘lib, u qonni eslatar, shu ko‘lmakda singan ko‘zaning sopolaklari yotardi. Boya momaqaldiroq oldidan prokurator uchun dasturxon tuzayotgan xizmatkor sohibining qattiq tikilib qaraganidan negadir esankirab qolgan va xo‘jamning ko‘nglini topolmadim chog‘i, deb bezovta bo‘la boshlagan edi, shunda prokuratorning achchig‘i chiqib may ko‘zasini koshinkor polga urib chilchil qilgan va xizmatkorga:

— Nega uzatayotganingda ko‘zimga qaramaysan? Nima, biron nima o‘g‘irladingmi? — deb o‘dag‘aylab bergan edi.

Afrikalik xizmatkorning qop-qora yuzi shunda ko‘karib ketgan, ko‘zlarida dahshat alomatlari paydo bo‘lgan edi, u dag‘-dag‘ qaltirab sal bo‘lmasa ikkinchi ko‘zani ham sindirib qo‘yardi-yu, biroq prokuratorning g‘azabi qanchalik tez qaynagan bo‘lsa, shunchalik tez so‘ngan edi. Afrikalik apir-shapir sopolaklarni yig‘ishga va ko‘lmakni artishga kirishgan edi, lekin prokurator qo‘l siltadi va qul bu yerdan g‘izillab chiqib ketdi. Ko‘lmak artilmay qoldi.