Выбрать главу

Endi, bo‘ron paytida, afrikalik qul prokuratorning ko‘ziga bevaqt tashlanishdan qo‘rqib va ayni paytda u chaqirgan chog‘da g‘aflatda qolishdan xavfsirab, boshini xam qilgan yalang‘och ayolning oppoq haykali o‘rnatilgan kamgak yerda biqinib o‘tirardi.

Rutubatli nim qorong‘i kunda chorpoyada yonboshlab yotgan prokurator qadahga o‘zi may quyar, uni qultum-qultum qilib uzoq vaqt ichar, onda-sonda non olib, uni ushatar, kichik-kichik tishlab yer, ahyon-ahyonda ustritsa so‘rar, limon chaynar va yana may ichardi.

Agar sharillab yog‘ayotgan jala, qasr tomini majaqlab yuborgudek dag‘dag‘ali qaldirayotgan momaqaldiroq, balkon pillapoyalariga taraqlab yog‘ayotgan do‘l bo‘lmaganda prokuratorning o‘zicha nimalarnidir g‘o‘ldirayotganini eshitsa bo‘lardi. Agar beqaror samoviy chaqmoq barqaror shu’laga aylanganida bormi, prokuratorni kuzatayotgan odam uning so‘nggi kunlardagi bedorligi va ko‘p may ichganligi oqibatida yallig‘langan ko‘zlarida sabrsizlik aks etayotganini, uning nainki qizil ko‘lmakka botgan ikki dona oq atirgulga, balki yemg‘ir savalab, qum uchqunlarini uchirib kelayotgan bog‘ tomonga dam-badam yuz o‘girayotganini, kimnidir betoqat kutayotganini ko‘rardi.

Oradan birmuncha vaqt o‘tdi, sharros quyayotgan yomg‘ir pardasi prokuratorning ko‘zi oldida yupqalasha boshladi. Quyun naqadar purshiddat bo‘lmasin, u ham ancha hovuridan tushdi. Daraxtlarning quruq shoxlari endi shitirlamay, to‘kilmay qo‘ydi. Momaqaldiroq sadosi, chaqmoq chaqini siyraklashdi. Endi Yershalaim uzra oq hoshiyali binafsha rang choyshab emas, balki eng so‘nggi oddiy kul rang bulutlar suzib o‘tardi. Momaqaldiroq O‘lik dengiz tomon ravona bo‘lgan edi.

Endi yomg‘ir shovqinini ham, tarnovlardan oqayotgan suvning sharillashini ham, xalqqa hukmni e’lon qilish uchun prokurator ertalab maydonga tushib borgan zinalardan shovullab oqayotgan jilg‘aning ovozini ham aniq eshitish mumkin edi. Nihoyat, shu topgacha bo‘ron va momaqaldiroq bosib yuborgan favvoraning shildirashi ham aniq eshitila boshladi. Kun yorishdi. Sharq tomon uchib ketayotgan bulut pardasi orasidan ko‘m-ko‘k samoviy darchalar ochildi.

Shu mahal, endi ohista sevalab yog‘ayotgan yomg‘irning chakillashi orasidan prokuratorning qulog‘iga olisdan karnaylarning, yuzlab otlarning tuyoq tovushi elas-elas eshitildi. Prokurator buni eshitib, o‘rnida bir qo‘zg‘alib qo‘ydi, uning chehrasi xiyla yorishdi. Otliq qo‘shin Taqir Tepadan qaytayotgan edi, hozir u, tuyoq tovushlariga qaraganda, hukm e’lon qilingan maydondan o‘tayotgan edi.

Nihoyat prokurator bog‘ning yuqori ayvoniga olib chiquvchi zinada, rovon bo‘sag‘asida o‘zi ko‘pdan kutgan oyoq tovushini eshitdi. U bo‘ynini cho‘zib qarab, ko‘zlari quvonchdan chaqnab ketdi.

Zinaning ikki yonboshiga o‘rnatilgan ikki marmar sher oralig‘ida eng oldin qaytarma qalpoqli bosh, keyin jiqqa ho‘l plashi badaniga chippa yopishgan bir odam ko‘rindi. Bu — hukmni e’lon qilish oldidan qasrning qorong‘ilatilgan xonasida prokurator bilan pichirlashgan, keyin qatl paytida uch oyoqli kursida o‘tirib, cho‘p bilan yer chizgan o‘sha odam edi.

Bu odam ko‘lmaklarni kechib bog‘ sahnini tik kesib o‘tdi, koshinkor rovonga qadam qo‘ydi va qo‘lini ko‘tarib, yoqimli yangroq ovoz bilan dedi:

— Prokurator omon bo‘lsin, hamisha shodmon bo‘lsin, — u lotin tilida gapirdi.

— Yo tangrilar! — deb yubordi Pilat, — rosa ivib ketibsiz-u! Bo‘ronni qarang-a! Qalay? Darhol mening xosxonamga kirishingizni iltimos qilaman. Lutf qiling, libosingizni almashtiring.

Kelgan odam boshidan qaytarma qalpoqni yechgan edi, jiqqa ho‘l sochlari peshonasiga yopishib qolgani ma’lum bo‘ldi, u o‘zining silliq chehrasida tavajjuh hosil qilib, kiyimini almashtirishdan bosh tortdi va yomg‘ir unga hech bir ziyon yetkazmasligini uqdira boshladi.

— Eshitishni ham istamayman, — dedi Pilat va chapak chalib o‘zidan qochib o‘tirgan xizmatkorlarni chaqirdi-da, mehmonga qarashni, so‘ngra darhol issiq ovqat tortishni buyurdi. Mehmonning sochini quritishi, boshqa libos, poyabzal kiyishi va umuman o‘zini tartibga keltirib olishi uchun juda oz vaqt kerak bo‘ldi. Bir zumdan keyin u quruq shippak, qirmizi harbiy nlash kiyib, sochlarini silliq tarab balkonga chiqdi.

Bu payt Yershalaim uzra yana quyosh charaqlagan, O‘rtaer dengiziga botishidan oldin prokurator xush ko‘rmagan shaharga bugun so‘nggi marta vidolashuv nurini yo‘llab, balkon pillaioyalariga zarrin rang baxsh etgan edi. Favvoraga qayta jon kirib, baralla kuylay boshladi, kabutarlar yana qum sepilgan yo‘lkalarga uchib tushishib, singan shoxchalar ustidan sakrasharkan, «hu-hu» lashib, ho‘l qumdan nimalarnidir topib cho‘qishardi. Qizil ko‘lmak endi artilgan, sopolaklar terib olingan, xontaxtadagi bir tovoq pishgan go‘shtdan bug‘ chiqardi.

— Prokuratorning amrini eshitishga muntazirman, — dedi mehmon xontaxtaga yaqin kelarkan.

— To men bilan o‘tirib may ichmaguningizcha hech nima eshitmaysiz, — dedi Pilat nazokat bilan va uni ikkinchi chorpoyaga taklif qildi.

Kelgan odam chorpoyaga yonboshladi, xizmatkor uning kadahiga quyuq qizil sharob quydi. Ikkinchi xizmatkor esa Pilatning yelkasi osha ehtiyotlik bilan engashib, uning qadahini to‘ldirdi, Shundan so‘ng prokurator bir imo bilan ikkinchi qulni jo‘natib yubordi. kelgan odam tanovul bilan band ekan, Pilat maydan huplab-ho‘plab, qisiq ko‘zlari bilan mehmonni kuzatib yotdi. Mehmon o‘rta yoshlardagi odam bo‘lib, istarasi issiq, kulcha yuzi tarovatli, burni go‘shtdor edi. Sochining qanday rangda ekanligini aniq aytish qiyin edi. Xozir, quriy boshlagach, u sarg‘ish tusga kirayotgan edi. Uning qaysi millatga mansubligini ham aniqlash mushkul edi. Chehrasidagi asosiy belgi xushmuomalalik desa ham bo‘lardi-yu, biroq ko‘zlari, aniqrog‘i, ko‘zlari ham emas, balki o‘z suhbatdoshiga tikilib qarash tarzi chehrasidagi o‘sha xushmuomalalikka putur yetkazardi. U bitko‘z bo‘lib, odatda, sal shishinqiragandek ko‘rinuvchi g‘ayrioddiy qovoqlari ostidan beozor mug‘ambirlik bilan boqardi. Chamasi, mehmon mutoibaga moyil edi. Biroq bu mutoiba uchquni o‘qtin-o‘qtin ko‘zlaripi mutlaqo tark etib, u qovoqlarini ko‘tarar, ko‘zlarini katta ochib, go‘yo suhbatdoshining burni uchidagi ko‘z ilg‘amas biron dog‘ni tez ko‘rib olmoqchi oo‘lganday, unga dabdurustdan qattiq tikilardi. Lekin bu tikilish bir lahzagina davom etib, qovoqlar yana gushar, ko‘zlar qisilib, ularda muloyimlik va mug‘ambirona idrok uchquni porlay boshlardi.

Mehmon ikkinchi qadahga ham moyillik bildirdi, bir nechta ustritsani oshkora lazzat bilan laqqa-laqqa yutib yubordi, sabzavot dimlamasidan tatib ko‘rdi, go‘shtdan ham bir bo‘lagini olib yedi.

Qorni to‘ygach mayni maqtadi:

— A’lo nav uzum, prokurator, lekin bu — «Falerno» bo‘lmasa kerak?

— «Sekuba», o‘ttiz yillik, — lutfan javob qildi prokurator.

Mehmon qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, qorni to‘yganligini aytdi va minnatdorchilik bildirdi. Shunda Pilat o‘z qadahiga may to‘ldirdi, mehmon ham shunday qildi. Ikkovlari o‘z qadahlaridan go‘sht solingan laganga bir oz may paymo qildilar, keyin prokurator qadahini ko‘tarib, baralla ovoz bilan dedi:

— Biz uchun hamda jahonda eng aziz va mo‘tabar inson, rimliklar padari bo‘lmish buzruk qaysar, sen uchun!

Shundan so‘ng ular qadahlarni oxirigacha sipqordilar, afrikalik qullar xontaxta ustidagi taomlarni yig‘ishtirib olib chiqib ketishdi, bu yerda faqat ho‘l mevalaru ko‘zalarda sharob qoldi. Prokurator yana bir imo bilan xizmatkorlarni ketqazib yubordi va ustunlar poyida — rovonida endi o‘z mehmoii bilan qoldi.

— Xo‘sh, — deb ohista gap boshladi Pilat, — bu shahar aholisining kayfiyati haqida qanady fikrdasiz?

Shunday deb u nigohini beixtiyor shiyponning nariyog‘iga, oftobning so‘nggi shu’lalariga g‘arq bo‘lgan pastlikdagi ustuilarga, uylarning yassi tomlariga qaratdi.