Выбрать главу

Odam bor joyda odam bo‘ladi! Meni yodlashadi, demak, seni ham esga olishadi! Ota-onasi ma’lum bo‘lmagan — men tashlandiqni ham, munajjim qirol bilan tegirmonchining qizi — sohibjamol Pilatning farzandi bo‘lmish — seni ham.

— Ha, har qalay, sen unutma meni — munajjimzodani eslab tur, — deb iltimos qilardi Pilat tushida. Shunda Iudeyaning toshbag‘ir prokuratori o‘zi bilan yonma-yon ketayotgan En-Sariddan chiqqan yalang-oyoqning «xo‘p» degandek bosh irg‘atganini ko‘rib, tushida bir yig‘lab, bir kulardi.

Bularning hammasi-ku yaxshi, lekin igemonning tushi qancha shirin bo‘lgan bo‘lsa, uyg‘onishi shuncha dahshatli bo‘ldi. Banga oyga qarab irillay boshladi, shunda xuddi moy surib shibbalaganday tayg‘anoq moviy yo‘l birdan prokuratorning ko‘zi oldida o‘pirilib g‘oyib bo‘ldi. U ko‘zini ochdi-yu birinchi navbatda, qatlning bo‘lib o‘tgani esiga keldi. Dastavval o‘z odati bo‘yicha Banganing bo‘yinbog‘idan ushladi, so‘ng xasta ko‘zlari bilan osmondan oyni axtara boshdadi: oy bir oz yonga siljigan va picha so‘nib oqara boshlagan edi. Shu payt oy shu’lasini, balkonda, Pilatning ko‘zi oddida paydo bo‘lib lipillay boshlagan boshqa bir noxush va bezovta alanga so‘ndira boshladi. Bu kenturion Kalamushkushning qo‘lida tutab yotayotgan mash’ala edi. Kalamushkush o‘ziga hamla qilmoqchi bo‘lgan badqahr ko‘pakka dahshat va jaholat bilan qiyo boqib turardi.

— Tegma, Banga, — dedi prokurator xasta ovoz bilan va yo‘talib qo‘ydi. So‘ng kafti bilan ko‘zini mash’aladan to‘sarkan davom etdi: — Hatto kechasi, oydinda ham tinchlik yo‘q menga. O, xudolar! Sizning vazifangiz ham bo‘lmag‘ur vazifa, Mark. Askarlarni nogiron qilasiz…

Mark prokuratorga hangu mang bo‘lib tikilib qoldi, shunda prokurator hushini yig‘ib oldi. U uyqusirab beixtiyor aytib yuborgan so‘zlarni haspo‘shlash maqsadida dedi:

— Xafa bo‘lmang, kenturion, takror aytaman, mening ahvolim siznikidan ham yomon. Nima istaysiz?

— Maxfiy qorovul boshlig‘i huzuringizga kirmoqchi, — dedi Mark xotirjam ohangda.

— Chaqiring, chaqiring, — deb prokurator tomog‘ini tozalash uchun yo‘talib qo‘yarkan, ayni paytda, yalangoyoqlari bilan paypaslab kavushlarini qidira boshladi. Ustunlarda mash’alalar porladi, kenturion qalin tagcharmli chorig‘i bilan koshinkor polda do‘q-do‘q yurib, boqqa chiqdi.

— Oydinda ham menga tinchlik yo‘q, — dedi o‘ziga-o‘zi prokurator, tishlarini g‘ijirlatib.

Balkonda endi qaytarma qalpoqli odam paydo bo‘ldi.

— Banga, tegma, — dedi prokurator past ovoz bilan va ko‘ppakning gardanini ezib qo‘ydi.

Afraniy gap boshlashdan oddin, o‘z odatiga ko‘ra atrofiga qarab qo‘ydi-da, o‘zini soyaga oldi, so‘ng balkonda Bangadan o‘zga ortiqcha jonzod yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, ohista dedi:

— Kaminani sudga berishingizni so‘rayman, prokurator. Siz haq bo‘lib chiqdingiz. Men Kiriafdan kelgan Iudani saqlab qola olmadim, uni so‘yib ketishipti. Meni iste’foga chiqarib, sudga bering.

Afraniyning nazarida, unga to‘rtta ko‘z — itning va bo‘rining ko‘zlari tikilib turganday bo‘ldi.

Afraniy egnidagi jubbasi ostidan hammayog‘ida qon qotib qolgan va ikkita muhr bosilgan hamyon chiqardi.

— Mana shu pul to‘la qopchiqni hazrati buzrukning uyiga tashlab ketishipti qotillar. Qopchiqdagi qon dog‘lari — kiriaflik Iudaning qoni.

— Qiziq, pul qancha ekan? — deb so‘radi Pilat qopchiqqa engasharkan.

— O‘ttiz tetradraxma.

Prokurator miyig‘ida kulimsirab dedi:

— Kam. Afraniy indamadi.

— O‘ldirilgan qaerda?

— Bu menga ma’lum emas, — dedi qaytarma qalpog‘ini hech qachon boshidan yechmaydigan odam xotirjam, o‘z qadrini bilib. — Bugun ertalab qidiruvni boshlaymiz.

Prokurator bir seskanib tushdi, shippagining hadeganda taqilmayotgan to‘qasini o‘z holiga qoldirdi.

— Uning o‘ldirilganini siz, axir, bilsangiz kerak?

Bu savoliga prokurator quruqqina javob oldi:

— Men, prokurator, o‘n besh yildan beri Iudeyada xizmat qilaman. Xizmatni men Valeriy Grat davrida boshlaganman. Odam o‘ddirilgan, deb aytishim uchun uning jasadini ko‘rishim shart emas, shunga ko‘ra, sizga xabar qilyapmankim, Kiriaf shahridan kelgan Iuda deb atalmish kimsani bundan bir necha soat oldin so‘yib ketishgan.

— Meni afv eting, Afraniy, — dedi Pilat, — hali uyqum batamom tarqaganicha yo‘q, shuning uchun nojo‘ya gapirib qo‘ydim. Men yomon uxlayman, — prokurator jilmayib qo‘ydi, — keyin, tushimda muttasil oy shu’lasini ko‘raman. Tasavvur qiling-a, biram kulgili. Go‘yo men o‘sha shu’la bo‘ylab sayr etarmishman. Shunday qilib, men bu ish yuzasidan sizning taxminingizni bilmoqchiman. Uni qaerdan qidirmoqchisiz? Qani, o‘tiring-chi, maxfiy xizmat boshlig‘i.

Afraniy ta’zim qildi, oromkursini yaqinroq surib o‘tirgan edi, shamshiri sharaqlab ketdi.

— Men uni Hefsimaniya bog‘idagi juvozxona yaqinidan qidirmoqchiman.

— Xo‘sh, xo‘sh. Nega endi aynan o‘sha yerdan?

— Igemon, fahmimcha, Iuda na Yershalaimning o‘zi-da, na undan uzoqroq biron yerda o‘ldirilgan. Uni Yershalaimga yaqin biron ovloqda o‘ldirishgan.

— Sizni men o‘z ishining omilkori bo‘lgan odamlardan biri deb hisoblayman. Rimda, desam, qanchalik to‘g‘ri bo‘larkin — aniq aytolmayman-u, lekin mustamlakalarimizda sizga teng keladigani yo‘q. Sabab nima, izohlab bering?

— Iudaning shubhali odamlar qo‘liga — shahar ichida ilinishini hech tasavvur qila olmayman, — deb past ovoz bilan gapira boshladi Afraniy. — Ko‘chada birovni imi-jimida bo‘g‘izlab ketib bo‘lmaydi. Demak, uni avrab biron-bir pastqam yerto‘laga olib borishlari kerak. Illo, xizmat xodimlari Quyi Shaharni qidirib chiqishdi va shubhasiz shahar ichida o‘ldirilgan bo‘lganida uni topmay qo‘yishmasdi. Lekin u shaharda yo‘q, bunga men kafilman. Agar uni shahardan olisrokda o‘ldirishganda edi, manavi pul solingan qopchiq hazrati buzrukning uyiga bunchalik tez kelib tushmagan bo‘lardi. U shaharga yaqin yerda o‘ldirilgan. Uni shahardan avrab olib chiqib ketishgan.

— Buning qanday uyushtirilganiga hech aqlim bovar qilmayapti.

— Ha, prokurator, mazkur ishda tug‘ilgan eng og‘ir savol shu, uni yecha olish-olmasligimni hatto o‘zim ham bilmayman.

— Darhaqiqat, jumboq! Dindor odam hayit oqshomida, arafa oshidan voz kechib, noma’lum sabab bilan shahardan chiqib ketadi-yu, o‘sha yerda halok bo‘ladi. Uni kim va qay yo‘sinda avrab olib chiqib ketdi ekan? Ayol kishining ishi emasmikin bu? — tuyqus ruhlanib ketdi prokurator.

Afraniy bamaylixotir va qat’iy javob qaytardi:

— Aslo, prokurator. Bunday bo‘lishi sira mumkin emas. Mantiqan mulohaza qilish lozim. Iudaning o‘limidan kim mapfaatdor edi? Qandaydir sayoq xayolparastlar to‘dasi, turgan gapki, ular davrasida ayol kishining bo‘lishi hech aqlga sig‘maydi. Men sizga aytsam, prokurator, uylanish uchun pul kerak bo‘ladi, odamzodni yorug‘ dunyoga keltirish uchun ham o‘sha narsa zarur, ammo ayol kishining yordamida bu ishni amalga oshirish uchun, aytib qo‘yay, juda ham ko‘p pul kerak bo‘ladi, bunday pul esa sayoqlarning birontasida ham yo‘q. Bu ishda ayol jinsi qatnashmagan, prokurator. Shuni ham aytib qo‘yay: qotillikni bu yo‘sin izohlash ishni chuvalashtirib yuborishi, to‘g‘ri xulosa chiqarishga xalal berishi va meni chalg‘itib qo‘yishi mumkin.

— Siz mutlaqo haq ko‘rinasiz, Afrapiy, — derdi Pilat, — men faqat o‘z taxminimni aytuvdim, xolos.

— Taassufki, bu yanglish taxmin, prokurator.

— Xo‘sh, unda qanday qarorga kelish mumkin? — xitob qildi prokurator, Afraniyning yuziga o‘sha sinchkovlik bilan tikilarkan.

— Mening taxminimcha, sabab — o‘sha pul.

— Ajoyib fikr! Lekin kim va nima uchun unga tunda pul taklif qiladi, ustiga-ustak, shahar tashqarisida-ya?