— Qanday bema’nilik! — g‘o‘ldiradi Stilton unga tikilib. — Nima bo‘ldi o‘zi? Shunday ham bo‘ladimi hech?
— Ha. Sizning hayot tarzingizni nima o‘zgartirib yubordi, hammasini gapirib bering.
— Men xonavayron bo‘ldim… ustma-ust katta-katta yutqaziqlar… birjada vahima bo‘lib ketdi… Mana gadoyga aylanganimga uch yil bo‘ldi. Siz-chi? Siz qanday yashadingiz?
— Men chiroqni bir necha yilgacha yoqib yurdim, — jilmaydi Iv, — oldiniga zerikkanimdan o‘qishga tutindim, bora-bora kitob o‘qishga shunchalik qattiq qiziqib ketdimki, qo‘limga nimaki tushsa, qirib o‘qidim. Bir kuni, o‘sha o‘zim yashagan uyning tokchasida yotgan eski anatomiya kitobini ochib o‘qidim-u, hayratga tushdim. Mening oldimda inson vujudining bir-biridan qiziqarli sirlar mamlakati kashf bo‘ldi. Men xuddi mast odamlarday, butun tun bo‘yi shu kitobga qadalib o‘tirdim. Ertalab esa kutubxonaga jo‘nadim: «Doktor bo‘lish uchun nimalarni bilish kerak?» — deb so‘radim. Meni masxara qilganday: «Matematika, geometriya, botanika, zoologiya, morfologiya, kimyo, biologiya, farmakologiya, lotin tili va hokazolarni o‘rganing», — deb javob qaytarishdi. Ammo men qaysarlik bilan surishtiraverdim va hammasini o‘zim uchun xotiramga qayd qilib qo‘ydim.
O‘sha paytlarda men ikki yildan beri yashil chiroqni yoqib qo‘yayotgan edim, bir kuni esa, kechga qarab qaytayotganda (men endi oldingiday hech qayoqqa chiqmasdan 7 soat uyda o‘tirishim shart emas, deb hisoblardim), boshiga silindr kiygan bir kishini ko‘rib qoldim, u mening yashil chirog‘imga achinibmi, jirkanibmi qarar edi.
«Iv — antiqa bir ahmoq!» — deb g‘o‘ldiradi o‘sha odam meni payqamay. — U va’da qilingan g‘aroyib narsalarni kutyapti… ha, u loaqal nimadandir umidvor, men bo‘lsam… men deyarli xonavayron bo‘ldim!» Shunday deb valdiragan odam siz edingiz. Siz yana: «Ahmoqona hazil. Pulni yelga sovurmasam bo‘larkan» — deb qo‘ydingiz.
Men hech nimaga qaramay o‘qish, o‘qish va yana o‘qish uchun yetarlicha kitoblar sotib olgan edim. O‘shanda men sizni urib tashlashimga sal qoldi, ammo sizning masxara qilishga qaratilgan saxovatingiz tufayli ma’lumotli odam bo‘lganimning xotirini qildim…
— Keyin-chi?
— Keyin? Yaxshi bo‘ldi. Agar odamda istak kuchli bo‘lsa, u amalga oshishi hech gap emas ekan. Men bilan bir xonada bir talaba yigit yashardi. U menga hamdam-hamnafas bo‘ldi va menga har taraflama yordam berib turdi, bir yildan keyin tibbiyot kollejiga kirish uchun imtihon topshirdim. Ko‘rib turibsiz, qobiliyatli odam ekanman…
O‘rtaga jimlik cho‘kdi.
— Men ko‘pdan derazangiz oldiga kelmay qo‘ygandim, — deb tan oldi Ivning hikoyasidan larzaga tushgan Stilton, — ko‘pdan buyon… anchadan beri. Ammo, nazarimda, endi u yerda tun qorong‘iligiga yog‘du taratuvchi yashil chiroq hamon yonib turgandek… Meni kechiring.
Iv cho‘ntak soatini chiqardi.
— Soat o‘n. Ayni uxlaydigan paytingiz, — dedi u. — Taxminan uch haftalardan keyin kasalxonadan ketishingiz mumkin. O‘shanda menga qo‘ng‘iroq qiling, — ehtimol, men sizga ambulatoriyamizdan biron ish topib berarman: kelgan-ketgan kasallarning ismi-shariflarini daftarga qayd qilib o‘tirarsiz. Qorong‘i zinalardan tushayotganda esa, hech bo‘lmasa bir gugurt yoqing…
Ruschadan Miraziz A’zam tarjimasi
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.